Murodjon Ahmadaliyev nokaut evaziga g‘alaba qozondi

Sport 09:00 / 17.12.2023 41406

Ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida WBA va IBF yo‘nalishlarida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev (12-1, 9KO) navbatdagi jangida ham muddatidan ilgari g‘alaba qozondi.

WBA chempionlik kamari uchun eliminator maqomidagi jangda u meksikalik Kevin Gonsalesga (26-1-1, 13KO) qarshi ringga chiqdi. 

Murodjon avvaliga 6 raundda raqibini ikki marta nokdaun holatiga tushirdi.

Sakkizinchi raundda esa raqib yana ikki marta yerga quladi va hakam jangni to‘xtatishga qaror qildi.

Shu tariqa, Murodjon Ahmadaliyev o‘zi boy bergan WBA chempionlik kamari uchun yana birinchi da’vogarga aylandi. Endilikda u Naoye Inoue va Marlon Tapales jangi g‘olibiga qarshi chempionlik uchun ringga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Bugungi g‘alaba bilan men qaytdim. Yanada kuchli va tezkor bo‘lib qaytdim. Kim aslida chempion ekanini ko‘rsatishni istagandim. O‘sha chempion menman. Avvalgi mag‘lubiyat meni yanada kuchli qildi.

Kamarimni qaytarib olaman. Istalgan raqibga qarshi jang qilishga tayyorman. Kamarlar meniki. Shunchaki manzilni ayting, ringga chiqaman», - deydi Murodjon Ahmadaliyev jangdan so‘ng.

U 2023 yil aprel oyida IBF kamari uchun majburiy da’vogar Marlon Tapalesga (37-3, 19 KO) qarshi ringga chiqqqan va 12 raundlik jang yakunida hakamlar kichik ustunlik bilan filippinlik sportchining g‘alabasini qayd etishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: