Qaysi omillar narx oshishiga eng ko‘p darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin? – MB inflyatsion kutilmalarni e’lon qildi

Iqtisodiyot 19:43 / 16.12.2023 17397

Markaziy bank noyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha malumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 0,1 foiz bandga pasayib, 13,6 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

●      valuta kursi o‘zgarishi (58 foiz);

●      yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (43 foiz);

●      ish haqi va nafaqalarning oshishi (38 foiz);

●      kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (38 foiz).

Noyabr oyida valuta kursidagi o‘zgarishlar va yoqilg‘i hamda energiya narxidagi o‘zgarishlarning narxlar oshishiga ta’sirini qayd etgan respondentlarining ulushi kamaygan bo‘lsa, ish haqi va nafaqalar oshishini asosiy omil sifatida ko‘rsatganlar ulushi sezilarli ko‘paydi (24 foizdan 38 foizga).

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 13,1 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga kamaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

●      valuta kursining o‘zgarishi (61 foiz);

●      yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (40 foiz);

●      kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (38 foiz);

●      ish haqi va nafaqalarning oshishi (37 foiz).

O‘tgan oyda biznes vakillari tomonidan valuta kursining o‘zgarishi va xorijdan xomashyo yetkazib berishdagi uzilishlarni kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar sifatida belgilash kamaygan bo‘lsa, ish haqi va nafaqalar oshirilishini omil sifatida qayd etish ko‘paygan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma pensionerlar (15,9 foiz) va ta’lim sohasida (14,3 foiz) ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani turizm sohasida faoliyat yurituvchilar belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma ishlab chiqarish (13,9) va marketing (13,5) sohasida, eng optimistik kutilma esa hunarmandchilik (11,8) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (15,7 foiz) va Samarqand viloyatida (14,9 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyati (11,4 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (11,7 foiz) qayt etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Samarqand (15,6) va Sirdaryo (14,6 foiz) viloyatlarida baland, Xorazm (11,1 foiz) va Navoiy (10 foiz) viloyatlarida esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 3 mln so‘mgacha hamda 7 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan.

Ko‘proq yangiliklar: