2024 yilda budjetdan Madaniyat vazirligi 1,1 trln so‘m, Yoshlar siyosati va sport vazirligi 1,8 trln so‘m oladi

Iqtisodiyot 13:54 / 15.12.2023 13512

2024 yilda respublika budjetidan Madaniyat vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligiga qancha mablag‘ ajratilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan masalalar, xususan, “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, prezident va hukumat qarorlariga muvofiq qabul qilingan davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 2024 yilda jami 53,1 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Madaniyat vazirligiga 2024 yilda respublika budjetidan 1,1 trln so‘m, shu jumladan vazirlikning joriy xarajatlariga 820,4 mlrd so‘m, obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga 280 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, madaniyat sohasini rivojlantirish uchun jami 149,5 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda. Davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish uchun 105 mlrd so‘m hamda xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston hududida kino ishlab chiqarish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 5 mlrd so‘m, bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlarini milliy cholg‘u asboblari bilan ta’minlash uchun 7,5 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi esa 2024 yilda respublika budjetidan 1,8 trln so‘m, shu jumladan, vazirlikning joriy xarajatlariga 1,3 trln so‘m oladi. Cport sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 980 mlrd so‘m ajratilishi belgilanmoqda. Olimpiya o‘yinlariga samarali tayyorgarlik ko‘rishga 250 mlrd so‘m, Paralimpiya o‘yinlari uchun esa 41 mlrd so‘m ajratilishi nazarda tutilgan.

Davlat budjetida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishni kengaytirish va yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda subsidiyalar uchun 150 mlrd so‘m ajratish belgilanmoqda. Madaniy meros agentligiga 213,5 mlrd so‘m, shu jumladan, agentlikning joriy xarajatlari uchun 183,5 mlrd so‘m ajratiladi. Madaniy meros sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun esa 131 mlrd so‘m ajratilishi reja qilingan.

Shuningdek, madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar uchun 125 mlrd so‘m miqdorida hamda davlat muzeylarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 6 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: