O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 36 foizga oshdi

Iqtisodiyot 09:27 / 12.12.2023 10596

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Obidov va Yevropa tashqi faoliyat xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Lyuk Devin hamraisligida Toshkent shahrida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» hamkorlik qo‘mitasining 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikning bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, 2024 yilga mo‘ljallangan siyosiy sheriklik holatini ko‘rib chiqdilar. 

Moliyaviy-texnik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Asosiy e’tibor Yevropa Ittifoqining Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP+) afzalliklaridan foydalangan holda savdo tartib-qoidalarini liberallashtirish va soddalashtirish chora-tadbirlariga qaratildi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining o‘sish dinamikasi yuqori baholandi. 2023 yilning 10 oyida ikki tomonlama savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga oshib, 4,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu boradagi ishlarni tizimli davom ettirish zarurligiga o‘zaro ishonch bildirildi. O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulot eksporti hajmining o‘sishi alohida ta’kidlandi, 2021 yildan buyon bu ko‘rsatkich 1,5 barobarga oshib, 2022 yil oxirida 794,6 million dollarni tashkil etdi.

Energetika sohasidagi sheriklik masalalari alohida muhokama qilindi. 2030 yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyotining energiya sig‘imini 1,5 barobarga kamaytirish va energiya samaradorligini 20 foizga oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Bu yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati 11,5 GVt bo‘lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 28 ta shartnoma tuzildi. Umumiy quvvati 12,8 GVt bo‘lgan yana 16 ta loyiha bo‘yicha loyihalash ishlari va muzokaralar olib borilmoqda. Yevropa tomoni «yashil energiya» loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun zarur maslahat yordamini ko‘rsatadi.

Yuk tashish va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilinar ekan, Yevropa tomoni Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish orqali O‘zbekistonning transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: