«Barsa»da tarixiy mag‘lubiyat, Pep sharmandalikdan qutulib qoldi. Kun o‘yinlari

Sport 15:39 / 11.12.2023 39946

Angliya: «Tottenhem» qaytmoqda

«Luton» — «Manchester Siti» 1:2
Gollar:
Adebayo (45+2) — Silva (62), Grilish (65). 
«Luton» – Kaminski, Loker (Klark, 90), Bell, Menji, Dauti, Jaylz (Chong, 84), Barkli, Nakamba (Lokonga, 72), Taunsend (Morris, 72), Braun, Adebayo.
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake, Diash, Gvardiol (Stounz, 69), Kovachich (Nunesh, 83), Grilish, Silva, Rodri, Foden (Akanji, 90+3), Alvares.
Ogohlantirishlar: Nakamba (58), Rodri (73), Dauti (77).

Qatorasiga to‘rt turda ochko yo‘qotgan «Manchester Siti» haqiqiy anomaliya holatida qolgandi. «Luton» ham bu noxush seriyaga barham berilishi kafolatlangan qulay raqib emasdi, oldinroq «Liverpul» ushbu jamoa maydonida so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgan (1:1), o‘tgan haftada esa «Arsenal» triller o‘yinda faqat qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketgandi (4:3).

Faoliyatida ilk bor chempionatda qatorasiga besh o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazish xavfi yoqasiga kelib qolgan Xosep Gvardiola jamoasi ham muammoga duch keldi. Jarohat tufayli safdan chiqqan Holand va Dokusiz o‘ynagan chempion bir qarashda to‘liq ustunlik qilib, doimiy ravishda bosim uyushtirgan bo‘lsa-da, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Taunsendning olis ustun oldida turgan Adebayoga to‘p uzatishi oqibatida gol o‘tkazib yubordi. Ammo bu gol «Siti»ni sindirib qo‘ymasdan, uning futbolchilari uchun adrenalin vazifasini o‘tadi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan «Luton» darvozasi hujumlar yomg‘iri ostida qoldi va bu hujumlarda «shaharliklar»ning deyarli barcha futbolchilari ishtirok etdi. Bu oqshom o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazgan Kaminski Ruben Diashning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasini qaytardi, lekin Rodri boshlagan hujum gol bilan yakunlandi. To‘pni undan olib qo‘yishgandi, ammo to‘p  Bernardu Silvaning oyog‘iga borib tushdi va u olis burchakni aniq nishonga oldi. Keyingi hujumda esa mezbonlar maydon markazidagi kuchli pressingga dosh bera olmadi va Alvaresning uzatmasidan keyin Grilish darvozani ishg‘ol etdi. «Siti» turnir jadvalidagi pozitsiyasini yaxshilay boshladi.

«Everton» — «Chelsi» 2:0
Gollar:
Dukure (54), Dobbin (90+2). 
«Everton» – Pikford, Yang (Patterson, 41), Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Harrison (Dobbin, 86), Guyye (Onana, 46), Dukure, Garner, Kelvert-Lyuin (Betu, 67), Maknil.
«Chelsi» – Sanches (Petrovich, 84), Jyeyms (Koluill, 27), Disasi, Badiashil, Kukurelya (Matsen, 84), Gallaher, Mudrik, Fernandes (Sterling, 66), Palmer, Kaysedo, Broya (Jyekson, 67).
Ogohlantirishlar: Guyye (15), Palmer (20), Brentueyt (59), Mudrik (73).

«MYu»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin ko‘klar jamoasi «Gudison Park»da juda horg‘in ko‘rinishdi. Qolaversa, birinchi bo‘lim davomida Jyeyms yana jarohat olib safdan chiqdi. Himoya markazida Disasi — Badiashil juftligi esa ishonchli o‘ynay olmadi va ularning xatosi golga olib keldi. Maknil to‘pni londonlik himoyachilar orasidan o‘tkazib berganida Sanches Kalvert-Lyuin bilan yakkama-yakka vaziyatda qutqargandi, ammo qaytgan to‘pga yetib kelgan Dukure hisobni ochdi.

«Everton» futbolchilari umuman olganda o‘ziga ishonch bilan o‘ynadi. Qo‘shimcha daqiqalarda darvozabon Pikford maydon markaziga yetib kelib, jarima zarbasini ijro etganida ham buni ko‘rish mumkin edi. Uning to‘p uzatishidan keyin mezbonlar burchak zarbasini ijro etish huquqini qo‘lga kiritishdi va burchak zarbasi ijro etilganida 20 yoshli Dobbin APLdagi debyut golini urdi. Shon Daych jamoasi moliyaviy qoidabuzarlik uchun o‘n ochkodan mahrum etilganiga qaramay, so‘nggi turlarni qahramonlarcha o‘tkazdi va qatorasiga uch g‘alabadan iborat seriya qayd etib, xavfli zonadan chiqib ketdi.

«Tottenhem» — «Nyukasl» 4:1
Gollar:
Udoji (26), Risharlison (38, 60), Son (85, penalti) — Joelinton (90+2). 
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Devis, Romero, Udoji, Bissuma (Hil, 86), Kulusevski, Sarr (Hyoyberg, 73), Son (Donli, 90+1), Jonson (Skipp, 86), Risharlison (Lo Chelso, 73).
«Nyukasl» – Dubravka, Trippiyer (Kraft, 86), Sher, Lassels, Livramento (Holl, 74), Gimaraes, Mayli, Almiron (Longstaff, 64), Joelinton, Gordon (Ritchi, 74), Isak (Uilson, 64).
Ogohlantirishlar: Lassels (59), Joelinton (69), Romero (80), Trippiyer (83).

«Shporlar» ilk daqiqalardan ustunlik qilishdi, lekin yaqqol golli vaziyatlar yarata olishmadi va raqibning uyg‘onishiga yo‘l qo‘yib berishdi. Natijada mezbonlarni muqarrar goldan Devis qutqarishiga to‘g‘ri keldi, u darvoza qarshisiga chiqib borgan Isakning oyoqlaridan to‘pni olib qo‘ydi. Ammo hisob ochilishi uchun Son Xin Min tezlik qo‘shishi yetarli bo‘ldi va u chap qanotda Trippiyerni dog‘da qoldirib, markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Udodjini golli pas bilan ta’minladi. Lekin «Tottenhem» oldingi besh o‘yinda ham birinchi bo‘lib hisobni ochgandi va bu o‘yinlarda to‘rt bor yutqazib, bir marta durangga erishgandi.

Bu safar ham Angelos Postekoglu jamoasi tezda javob goli o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo Almiron juda qulay vaziyatda oddiy zarba yo‘llab, Vikarioni hayron qoldira olmadi. Keyin Son Xin Min chap qanotda yana bir marta Trippiyerni dog‘da qoldirib, bu safar Risharlisonning nihoyat gol urishiga yordam berdi. Londonga kelganidan keyin asosiy hujumchiga aylana olmagan va vaziyatlardan foydalanishda juda ko‘p muammolarga uchragan braziliyalik hujumchi sentabr oyidan buyon ilk bor gol urdi. Bo‘lim davomida u Porroning diagonal uzatmasini jarima maydoni ichida qabul qilib, dublni ham rasmiylashtirdi. Umuman olganda, u bir o‘yinda oldingi 39 ta o‘yinida urgan gollari soniga teng gol urdi. O‘yin qahramoni Son ham maydonni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi va ikkinchi bo‘limda penaltini aniq ijro etganidan keyin Angliyada qatorasiga sakkizinchi mavsumida kamida 10 gol urgan futbolchiga aylandi. APL tarixida bunday seriya bilann faqat yetti futbolchi maqtana oladi, rekordchi esa Ueyn Runi hisoblanadi (11).

Joelinton qo‘shimcha daqiqalarda hisobni qisqartirdi, ammo bu hech narsani o‘zgartira olmaydi. «Nyukasl» APLda bir hafta ichida ikki bor yirik mag‘lubiyatga uchradi «Everton»dan 0:3 va «Tottenhem»dan 1:4 hisoblarida. Noxush seriyasiga chek qo‘ygan «Tottenhem» turnir jadvalida beshinchi o‘rinni mustahkamladi, keyingi turda «shporlar» «Nottinghem» mehmoni bo‘ladi, «Nyukasl» esa ketma-ket ikki o‘yinda 5:0 hisoblarida g‘alaba qozongan «Fulhem»ni qabul qiladi.

Ispaniya: uy jamoasiga aylangan «Atletiko»

«Atletiko» — «Almeriya» 2:1
Gollar:
Morata (17), Korrea (22) — Baptistao (62).
«Atletiko» – Oblak, Aspilikueta (Ximenes, 75), Savich, Vitsel, Lorente, Koke, De Paul (Saul, 61), Korrea (Molina, 75), Grizmann, Morata (Depay, 60), Lino (Rikelme, 75).
«Almeriya» – Mashimianu, Poso (Puchmal, 85), Edgar Gonsales, Montes, Chumi, Akeme, Robertone (Baba, 86), Lopi, Arribas, Embarba (Ramazoni, 85), Baptistao.
Ogohlantirish: Koke (90+1).

«Atletiko» chempionat autsayderi ustidan navbatchi g‘alabaga erishib, shu bilan birga Chempionlar ligasida «Latsio»ga qarshi kechadigan muhim o‘yin va la liganing keyingi turida Bilbaoga qilinadigan safar uchun kuch tejab qoldi. Barchasi oddiy kechdi — Diyego Simeone jamoasining Grizmann to‘pni olib qo‘yishi va Morataning reydi bilan yakunlangan ilk golli hujumida bo‘lgani kabi. Hujumchi raqib himoyachilari va darvozabonini osonlik bilan aldab o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi, bu uning 7 noyabrdan buyon urgan ilk goli bo‘ldi.

Mezbonlar birinchi muvaffaqiyatni shu qadar osonlik bilan mustahkamlashdi — o‘ng qanotda hukmronlik qilgan Liorentening uzatmasidan keyin bo‘sh darvoza qarshisida qolgan Korrea ikkinchi golni urdi. Ikkinchi bo‘limda «Almeriya» hisobdagi farqni qisqartira olgan bo‘lsa-da, madridliklarga jiddiy muammo tug‘dira olmadi. «Matraschilar» zaxirada bir o‘yin bor holda «Real Sosiyedad»ni besh ochkoga ortda qoldirgan va kuchli to‘rtlikdan mustahkam o‘rin egallagan. «Atletiko» qatorasiga sakkiz uy uchrashuvida g‘alaba qozondi.

«Barselona» — «Jirona» 2:4
Gollar:
Levandovski (19), Gundo‘g‘an (90+2) — Dovbik (12), Guterres (40), Valeri (80), Stuani (90+5). 
«Barselona» – Penya, Kunde, Kristensen (Balde, 65), Arauxo, Kanselu, Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Lopes, 80), Rafinya (Torres, 65), Feliks (Yamal, 65), Levandovski.
«Jirona» – Gassaniga, Kouto (Valeri, 78), Blind, David Lopes, Erik Garsiya, Guterres, Aleish Garsiya, Martin (Solis, 87), Tsigankov (Portu, 78), Savio, Dovbik (Stuani, 73).
Ogohlantirishlar: Blind (64), Stuani (90+6), Arauxo (90+8).

«Jirona» – La Liganing bu mavsumidagi asosiy sensatsiya. Kataloniyaning bu jamoasi sentabr oyida «Real» bilan o‘yinda ilojsiz holatda yutqazgan bo‘lsa-da (0:3), «Barselona» bilan o‘yinda butkul boshqa darajada o‘yin namoyish etdi. 12-daqiqadayoq Kristensen qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va «Jirona» ideal qarshi hujum uyushtirdi. Tsigankov markazda ochilgan Dovbikni to‘p bilan ta’minladi va u mavsumdagi sakkizinchi golini urdi. Bu vaziyatda jarohat tufayli o‘ynamayotgan ter Shtegen o‘rniga darvozani qo‘riqlayotgan Penyada jamoasini qutqarish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi.

«Barsa»da o‘tgan turda «Atletiko»ga qarshi o‘ynagan tarkib tushgandi. O‘shanda Xavi jamoasida Levandovskidan boshqa barcha futbolchilar ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Endi esa aksincha – o‘tgan turda ko‘plab vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan polyak hujumchisi bu o‘yinda javob golini urdi. U Rafinya burchakdan uzatgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Bu «Jirona» shunday standart vaziyatda o‘tkazib yuborgan 5-gol bo‘ldi – La Liganing bu mavsumidagi eng yomon ko‘rsatkich.

«Barselona» shundan keyin ham vaziyatlar yaratishda davom etdi, ammo hal qiluvchi pallada goh Feliks, goh Rafinya, goh Kanselu to‘pni qizg‘andi. Kanselu darvoza qarshisida bo‘sh turgan Levandovskiga to‘p yetkazib berish o‘rniga o‘tkir burchakdan o‘zi zarba berishga qaror qildi va to‘g‘ri darvozabon turgan joyga qaratib tepdi.

«Jirona» esa ancha oddiy, aniq va tik o‘ynadi. Hisob 1:1 ekanida mehmonlarning ikki zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa darvoza sohasiga aniq borgan zarba berildi. Bu vaziyatda «Barselona» mutlaqo hayratlanarli gol o‘tkazib yubordi. Gutiyerres to‘pni maydon markazida egallab, hech qanday qarshilikka uchramasdan raqib jarima maydoniga kirib bordi va yaqin burchakni aniq mo‘ljalga oldi. Bu vaziyatda «Barsa» darvozaboni ham ishonchsiz harakat qildi, ammo asosiy savol Kundega berilishi kerak. U avvaliga Gutiyerresga qarshi o‘ynamoqchidek harakat qildi, to‘p uchun kurashish zarur bo‘lganida esa qanotni yopish uchun o‘ngga ketib qoldi.

Quyidagi ikki kadrda Gutiyerres qancha hududni qarshiliksiz bosib o‘tgani ko‘rsatilgan.

Tanaffusdan keyin «Barselona» amaldagi chempionga o‘xshab o‘ynay boshladi. «Jirona»da vaziyatlar deyarli bo‘lmay qoldi, mezbonlar esa raqib jarima maydonini qamal qildi. Lekin har safar to‘p xato ketaverdi. 65-daqiqada Xavi uchtalik almashtirishni amalga oshirdi. Ikki vinger (Rafinya va Feliks), shuningdek o‘yin boshida xato qilgan Kristensen maydondan olindi. Ularning o‘rniga tushirilgan Yamal, Torres va Balde bilan jamoa bosim qilishda davom etdi, ammo «Jirona» safida zaxiradan tushgan Valeri uchinchi golni urdi. Bu vaziyatda ham Kunde ishonchsiz harakat qildi, raqib to‘pni uning oyoqlari ostidan olib ketdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda aniq harakat qildi.

90-daqiqada mehmonlar hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi, ammo 4:1 bo‘lishi o‘rniga hisob 3:2 ko‘rinishini oldi va ikki jamoa muxlislari ham qolgan daqiqalarni yurak hovuchlab kuzatishga majbur bo‘lishdi. Gundo‘g‘anning golidan keyin ham «Barselona»da hisobni tenglashtirish imkoniyati bo‘ldi, ammo Levandovski qulay vaziyatdan foydalana olmadi – u darvozabon hududida turib yo‘llagan zarba xato ketdi. Va shundan keyin darhol «Barsa» to‘rtinchi golni o‘tkazib yubordi – mehmonlarning faxriy futbolchisi Stuani mavsumdagi oltinchi golini nishonladi.

«Jirona» tarixda ilk bor «Barselona»ni mag‘lub etib, «Real»ni ikki ochkoga ortda qoldirgan holda birinchi o‘ringa chiqdi. Uchinchi o‘rindagi Xavi jamoasi esa yetti ochko ortda qolib ketdi. Endi «Jirona» keyingi mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynashiga deyarli hech kim shubha qilmayapti.

Italiya: Rimdagi ehtiroslar

«Roma» — «Fiorentina» 1:1
Gollar:
Lukaku (5) — Martines (66). 
«Roma» – Patrisiu, Kristensen, Lorente, Manchini, Ndika, Zalevski, Paredes, Kristante, Pellegrini (Bove, 85), Dibala (Ozmun 25, Al-Sha’roviy, 62), Lukaku.
«Fiorentina» – Terrachchano, Kayode (Lopes, 81), Martines Kuarta, Raniyeri, Biragi, Bonaventura (Sottil, 78), Dankan, Ikone (Gonsales, 72), Artur, Nzola, Kuame.
Ogohlantirishlar: Kristante (37), Zalevski (41), Ikone (64), Biragi (75), Paredes (80), Dankan (86), Lorente (90).
Chetlatishlar: Zalevski (64), Lukaku (87).

Joze Mourinio endi oldingidek emasligi haqida qancha aytilmasin, uning boshqaruvidagi «Roma» munosib mavsum o‘tkazmoqda. Jamoa Yevropa Ligasida guruh masalasini muddatidan oldin hal qildi, A seriyada esa amaldagi chempion «Napoli»ni ortda qoldirgan holda kuchli to‘rtlikda bormoqda. Shu bilan birga, tarkib jihatdan «Inter» va «Yuventus» bilan raqobatlasha olmaydigan rimliklarda baribir tayanadigan futbolchilar bor. Jamoada ajoyib sport formasidagi Dibala va Lukaku qiyofasidagi gol mashinasi borligida Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish — bajarib bo‘lmas vazifa emas.

Xuddi shu yulduzlar tezkor golni uyushtirishdi, argentinalik hujumchi shvedka uslubida pas berdi, belgiyalik bosh bilan zarba yo‘lladi. Ammo keyin muammolar boshlandi. Dibala birinchi bo‘lim o‘rtalarida jarohat oldi, uning o‘rniga tushgan Ozmun ham ikkinchi bo‘limda safdan chiqdi. Keyin esa Zalevski maydon markazida keraksiz fol ishlatib, ikkinchi sariq kartochka oldi va uning chetlatilishidan zum o‘tmay «Fiorentina» hisobni tenglashtirdi, Yevropadagi eng sermahsul himoyachilardan biri bo‘lib turgan Martines Kuarta boshi bilan aniq zarba yo‘llab, mavsumdagi 5-golini nishonladi.

O‘yinning oxirgi qismi ehtiroslar to‘qnashuviga aylanib ketdi. Mezbonlar safida yana bir futbolchi maydonni tark etdi - Lukaku ham qizil kartochka oldi. Vinchenso Italyano esa hissiyotlarini namoyish etish borasida Mouriniodan qolishmadi. Va yakunda «Roma»ni qanoatlantiradigan durang hisob saqlanib qoldi.

Germaniya: «Bavariya»ni xursand qilgan durang

«Shtutgart» — «Bayyer» 1:1
Gollar:
Fyurih (40) — Virs (47).
Shtutgart – Nyubel, Vagnoman (Ruo, 85), Anton, Zagadu, Mittelshtedt (Stergiu, 76), Karazor, Shtiller, Fyurih (Leveling, 77), Miyo (Mvumpa, 66), Girassi, Undav (Chon Vu Yon, 85).
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong, Ta, Tapsoba, Kossunu, Grimaldo, Chaka, Palasios (Inkapie, 84), Virs, Adli (Hofmann, 65), Bonifase (Shik, 73).
Ogohlantirishlar: Kossunu (6), Karazor (65).

«Bayyer» bu mavsumda ajoyib holatda, ammo baribir faqat g‘alaba qozonadigan mashina emas. O‘tgan turda leverkuzenliklar katta ustunlikka erishganiga qaramay Dortmundning «Borussiya» klubi bilan ochkolarni bo‘lishishga majbur bo‘lgandi, bu safar esa Germaniya chempionatining joriy mavsumida eng jiddiy o‘sishga erishgan jamoa bilan o‘yinda muammoga uchradi.

«Shtutgart» hafta o‘rtasida Dortmundni Germaniya kubogidan chiqarib yuborgan, shu bilan birga yana bir katta o‘yinga kuch saqlab qolgandi. Vagnoman himoyachilar ortiga to‘p tashlab berib, Fyurih gol urishini ta’minlab hisobni ochdi, keyinroq Bonifasning pasidan Virs javob golini urishga erishdi, yakunda «Bayyer» ta’qibchilarga qarshi qatorasiga ikkinchi o‘yinda durang bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Lekin «aspirinchilar» hali ham yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Bavariya»ni ortda qoldirmoqda, «Shtutgart» esa bir haftadan keyin Myunxenda mavsumdagi eng muhim o‘yinlaridan birida maydonga tushadi.

Kun statistikasi

  • «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodri taktik follar uchun 4 bor sariq kartochka oldi. Bu o‘tgan mavsum davomidagi ko‘rsatkich bilan teng.
  • «Fulhem» qatorasiga 4 o‘yinda kamida uchta gol urmoqda. Londonliklarda bunday seriya 1961 yil oktyabridan buyon kuzatilmagandi.
  • «Atletiko» hujumchisi Morata yil boshidan buyon 22 gol urdi — bu ispan futbolchilari uchun eng yuqori ko‘rsatkich.
  • «Marsel» hujumchisi Obameyang top-5 ligalarda safar o‘yinlaridagi gollari sonini 100 taga yetkazdi. Amaldagi futbolchilar orasida gabonlik hujumchi faqat Levandovski (143), Keyn (119) va Immobile (101)dan ortda.
Ko‘proq yangiliklar: