Ta’limdagi ahvolimiz, davri o‘tgan Gentra va 40 kunlik reydlar - hafta dayjesti

O‘zbekiston 09:11 / 10.12.2023 32783

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

PISA natijalari – kutilganidek, lekin baribir og‘riqli

Haftaning eng asosiy yangiligi – O‘zbekistonda maktab ta’limining sifati qay ahvolda ekani haqidagi achchiq haqiqatlarni bilib olganimiz bo‘ldi. Bir necha kun oldin e’lon qilingan xalqaro PISA dasturining natijalari bilan, hali ta’limda juda-juda ko‘p muammolarimiz borligi obektiv imtihonlar va qiyosiy tahlillarda o‘z tasdig‘ini topdi.

PISA – 15 yoshli maktab o‘quvchilarining bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dastur bo‘lib, O‘zbekiston dastur doirasidagi 2022 yilgi imtihonlarda birinchi marta ishtirok etgan edi. Imtihonlar respublika bo‘ylab tasodifiy tanlab olingan maktablarda o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakatdagi tengdoshlari orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egalladi. Ya’ni uchala yo‘nalishda ham oxirgi o‘ntalikdan joy oldik.

Aslida, maktablarimizdagi ta’lim sifati hammaga ma’lum, shu ma’noda imtihon natijalari bo‘yicha kutilmalar yuqori emasdi. Lekin detallarga qaraydigan bo‘lsak, natijalar baribir alamli. 80 foizdan ortiq o‘quvchilarimizning bilim darajasi bor-yo‘g‘i 1-darajadan oshmagan. Bu degani, dasturda qatnashgan aksariyat o‘quvchilarimiz berilgan topshiriqlarni bajarish uyoqda tursin, ularni tushunib olishga qiynalgan.

Matematika bo‘yicha imtihonlarda o‘quvchilarimizning bor-yo‘g‘i 14 foizi 2-darajadagi natijani ko‘rsatgan bo‘lsa, atigi 4 foizi 3-daraja va 1 foizi 4-darajaga chiqa olgan. Eng yuqori 5- va 6-darajadagi natijalarni o‘zbekistonlik hech qaysi o‘quvchi qayd eta olmagan. Tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlaridagi natijalar ham bundan katta farq qilmaydi. Umuman, dasturda qatnashgan o‘quvchilarimizning birortasi hech bir yo‘nalishda 5- va 6-darajaga chiqa olmagan. Taqqoslash uchun, birinchi o‘rindagi Singapur maktablarida o‘qiyotgan o‘quvchilarning 41 foizi matematikadan 5- yoki 6-darajani ololgan. Ta’lim sifati bo‘yicha rivojlangan davlatlardan qanchalik orqada ekanimizni tushunish uchun bundan boshqa raqamlar shart bo‘lmasa kerak.

Afsuski, ta’limdagi og‘ir vaziyat o‘z tasdig‘ini topganiga rasmiylarning munosabatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu haqda bergan rasmiy xabarida “O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar matematika fanidan jami 364 ball oldi”, deb birgina raqamni keltirib o‘tdi, xolos. Biz yuqorida faqat ayrimlarini sanab o‘tgan detallar haqida hech qanday izoh bo‘lmadi. Vazir Hilola Umarova esa “yutuqlarimiz qatorida ba’zi muammolarimiz ham bor, buni yashirmaymiz”, deyish bilangina kifoyalandi.

Albatta, ko‘rsatkichlarimiz achinarli ekanini ta’kidlash bilan birga, biz imtihonda birinchi marta qatnashib, nihoyat real holatni bilib olganimizni ham e’tirof etish kerak. Bu yana shunisi bilan ham muhimki, PISA imtihonlari har uch yilda o‘tkaziladi va undagi natijalar ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha hukumat qilayotgan ishlarga baho berish imkonini beradi. Keyingi imtihon 2025 yilda bo‘lib o‘tadi va unda asosan 2017 yili 1-sinfga chiqqan bolalar ishtirok etadi.

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi ortiqcha vaznga ega

Natijasi e’lon qilingan muhim tadqiqotlardan yana biri – 18 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining ratsioniga oid. O‘zbekiston Sanitariya-epidemologiya qo‘mitasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar kuniga o‘rtacha 15 gramm tuz iste’mol qiladi. Bu – me’yordan 3 baravar ko‘p. Shu bilan birga, har uch kishidan ikki nafari yetarli miqdorda sabzavot va meva yemaydi.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, respublikamiz aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, 20 foizi esa semizlikdan aziyat chekyapti. 46 foiz aholining qonida xolesterin miqdori oshgan.

Rasmiylar bu ko‘rsatkichlarni e’lon qilarkan, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishning muhimligini eslatib o‘tdi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish yurak qon-tomir va boshqa kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Aholimiz salomatligi bo‘yicha ijobiy yangiliklar ham bor. Dunyo bo‘yicha erkaklarda testosteron gormoni miqdori yildan yilga tushib ketayotgan bir paytda, O‘zbekiston bu gormon darajasi eng yuqori mamlakat ekani ma’lum bo‘ldi. Xorijlik tahlilchilarga ko‘ra, o‘zbekistonlik erkaklarda testosteronning o‘rtacha miqdori fransiyalik, turkiyalik, qozog‘istonlik yoki qirg‘izistonlik erkaklarga qaraganda ikki barobar yuqori bo‘lib chiqqan. Global miqyosda erkaklik gormoni kamayib borayotgan bir paytda, o‘zbekistonlik erkaklarda bu gormon miqdori oshishi kuzatilgan. Tadqiqotchilar buning sabablariga izoh bermagan.

Jinoyatchilikka qarshi reydlar

Noyabr oyi oxirida boshlangan “dolzarb 40 kunlik” doirasidagi jinoyatchilikka qarshi reydlar so‘nggi haftada butun respublika bo‘ylab yoyildi. Bir necha yuzlab shaxslar tovlamachilik, bezorilik, giyohvand vositalari, qurol-yarog‘ va boshqa turdagi jinoyatlarda ayblanib qo‘lga olinyapti. Hududlardagi huquq organlari e’lon qilayotgan reydlarning suratlarida niqobdagi xodimlar tomonidan ushlangan erkaklar, qo‘liga kishan taqilgan holda, yerda yuztuban yotganini ko‘rish mumkin.

Rasmiylar qo‘lga olinayotganlarni “kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslar” deb atamoqda. Ular orasida jinoiy avtoritet ekani aytiladigan shaxslar, “ko‘cha bollari”, sportchilar, shuningdek, avvaldan qidiruvda bo‘lgan va organlardan yashirinib yurganlar ham bor. Qamoqqa olishlarning bir qismi ma’muriy xarakterga ega bo‘lsa, jinoiy guruhlar a’zolari ekani aytilayotgan bir qator shaxslar ustidan jinoyat ishlari ochilgan.

Bu voqealar fonida Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev ham protsessual tartibda ushlangan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi “Salimboy” nomi bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkorni o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlaganlikda gumonlayapti. Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksida buning uchun 17 mln so‘mgacha jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish sanksiyasi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu reydlar 25 noyabr kuni qozog‘istonlik reper Jah Khalib'ning “Humo arena”dagi konsertida tartibsizlik ro‘y berganidan keyin boshlandi. Rasmiylar o‘sha kuni Milliy gvardiya xodimlari pichoqlangani va o‘lim ro‘y bergani haqidagi mish-mishlarni rad etgan bo‘lsa-da, keng ko‘lamli reydlar boshlanishiga ana shu voqea sabab ekani haqidagi taxminlarga hozircha munosabat bildirmadi. Ma’lumot uchun, “Humo arena”dagi tartibsizlikdan keyin Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i almashtirilgan edi.

Fuqaroning IIB binosidagi o‘limi bo‘yicha sud hukmi chiqarilgan kuni yana bir fuqaro IIBda vafot etdi

Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik”dagi tezkor tadbirlar davom etarkan, buning fonida yangragan ikkita xabar tergov hibsxonalaridagi inson huquqlari bo‘yicha vaziyat jiddiyligini eslatib qo‘ydi.

1 dekabr kuni Chirchiq shahar ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida 22 yoshli yigit vafot etdi. Tergov organi u o‘z joniga qasd qilganini aytayotgan bir paytda, marhumning burni singani va qoshi yorilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda xabar bergan viloyat deputati Jahongir To‘laganov IIBga olib kirib ketilgan har bir fuqaroning xavfsizligiga ichki ishlar xodimlari mas’ul ekanini eslatdi.

Shundan keyin holatga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi, lekin aynan marhumning burni va qoshi singani haqidagi ma’lumotga izoh bermadi. Idora o‘g‘rilikda gumonlanib qamoqqa olingan yigit kameradagi choyshabdan sirtmoq yasab o‘zini osganini aytmoqda. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, o‘lim bo‘yinning sirtmoq bilan siqilishi natijasida ro‘y bergan. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv boshlagan. Ombudsman ham o‘z vakolati doirasida o‘rganish olib borayotganini ma’lum qildi.

Chirchiqdagi tergov hibsxonasida fuqaroning o‘limi ro‘y bergan kuni Toshkent viloyatining boshqa bir tumani – Bo‘kada fuqaroni qiynab o‘ldirgan ichki ishlar xodimlari ustidan sud hukmi o‘qildi. Yodingizda bo‘lsa, bundan 6 oy oldin, o‘g‘rilikda gumonlanib Bo‘ka tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan 36 yoshli erkak xodimlar tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan edi. Sud hukmiga ko‘ra, bu vahshiy jinoyat bo‘yicha to‘rt nafar ichki ishlar xodimi aybdor deb topildi. Bo‘ka tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘limi sobiq boshlig‘i 7 yilga, ikki nafar sobiq tezkor xodim 8,5 yilga, shuningdek, sobiq profilaktika inspektori 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

“Kotta bolla”ning mashinasini ishlab chiqarish to‘xtatiladi

2024 yil boshidan boshlab Lacetti ishlab chiqarish butunlay to‘xtatiladi. Bu ma’lumotni UzAuto Motors tasdiqladi. Kompaniyaga ko‘ra, bu – General Motors'ning global savdo siyosati bilan bog‘liq. Lacetti'ning o‘rniga qaysi yangi model ishlab chiqarilishi hozircha ma’lum emas.

Shu tariqa, Asakada ishlab chiqarilishi 20 yil oldin boshlanib, millionlab o‘zbekning orzusiga aylangan bu modelning hikoyasiga yakun yasaladi. Lacetti-Gentra, shuningdek, haydovchilari davlat amaldori tomonidan bir joyga to‘plangan yagona avtomobil sifatida ham O‘zbekiston tarixiga kiradi. Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan hafta oxirida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikromov qora Gentra haydovchilarini to‘plab, ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan edi. Bunga avtomobilning davlat raqamini yechib olib harakatlanish holatlari ko‘paygani sabab bo‘lgan.

Haydovchilarga taalluqli yana bir yangilik. Keyingi yildan boshlab, O‘zbekistonda olingan haydovchilik guvohnomasi bilan Dubayda avtomobil boshqarish mumkin bo‘ladi. Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2 dekabr kuni BAAdagi hamkasbi bilan ikki davlatda berilgan haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib oldi. Kelishuv 27 yanvardan kuchga kiradi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Havo soviy boshlashi bilan butun respublika bo‘ylab metan-shoxobchalari faoliyatiga cheklov kiritildi. Endilikda bu shoxobchalar ertalab soat 6dan kunduzgi soat 15gacha ishlaydi. Energetika vazirligi buning uchun uzr so‘rab, aholini vaziyat barqarorlashgunga qadar tejamkor bo‘lishga chaqirdi. Eslatib o‘tamiz, kelasi hafta davomida kunduzgi harorat -12 darajagacha pasayishi kutilyapti.

O‘zbekistonning eng yirik energetika kompaniyasi – davlatga tegishli “O‘zbekneftgaz”da jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlagan. S&P agentligi kompaniyaning kredit reytingini pasaytirib, kelgusi reyting o‘zgarishi bo‘yicha prognozni barqarordan salbiyga o‘zgartirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunga gaz tanqisligi, kompaniyaning qarz yuki oshayotgani, korporativ boshqaruvda muammolar borligi va davlat qo‘llovining ehtimoli pasayayotgani sabab bo‘lgan.

Sovuq havoda yosh o‘quvchi qizlarni yupun kiyimda tadbirlarga olib chiqish holatlari davom etyapti. 7 dekabr kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumani Mehnatobod mahallasidagi yangi ko‘chaning ochilish tadbirida maktab o‘quvchilari yuqa kiyimda raqs tushishga jalb etilgan. Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi javobgar mutasaddilarni aniqlab, intizomiy javobgarlikka tortishga va’da berdi.

Jamoatchilik tanqidlari va rasmiy idoralarning talabidan keyin, Yandex Go O‘zbekistonda soliq to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Taksi agregatori karta orqali to‘lovlarda chek berishni boshlagan. Raqobat qo‘mitasi ham o‘rganishlarini nihoyat yakunlab, Yandex Go'ning monopol mavqeyini tasdiqladi. Qo‘mitaga ko‘ra, taksi agregatorlari bozorining 86 foiz ulushi birgina Yandex Go hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda, kompaniya soliq to‘lashi vaji bilan haydovchilardan undiradigan komissiyasi miqdorini oshirdi.

Ko‘proq yangiliklar: