Prezident qishloq xo‘jaligi xodimlarini bayram bilan tabrikladi

O‘zbekiston 19:42 / 09.12.2023 7850

Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi «Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni» sifatida nishonlanadi. Bu yilgi bayram sanasi 10 dekabrga to‘g‘ri kelmoqda.

«Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi», deyiladi tabrik so‘zida.

Davlat rahbari agrar sohada erishilgan yutuqlarni sanab o‘tdi. Jumladan, bu yil tarixda ilk bor 8 million 200 ming tonna g‘alla, shuningdek, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirilganini ta’kidladi.

Bu yil dala mehnatkashlariga 10 ming 500 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar yetkazib berilganini, sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib borayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, «O‘zbekiston–2030» strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim vazifalarni belgilangani, jumladan, resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot tannarxini 30-35 foizga tushirish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 1 million 500 ming gektarga yetkazish, sifatli va serhosil navlarni, zotdor chorva naslini ko‘paytirishga, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga ustuvor ahamiyat berilganini qayd qildi.

«O‘z navbatida, davlatimiz va jamiyatimiz sohani yanada ravnaq toptirish, sizlarning sharafli mehnatingizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq ahlining hayotini obod va farovon qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etadi. Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lidagi ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman. Xonadonlaringizni xursandchilik, tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka hech qachon tark etmasin», deb yakunladi tabrik so‘zini Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: