Og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov sport markazi tashkil etiladi

Sport 08:54 / 07.12.2023 24894

Prezidentning “Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan:

og‘ir atletika sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari;

og‘ir atletika bo‘yicha barcha yosh toifasidagi terma jamoalar a’zolari bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ular professional tayyorgarligini tashkil etish uchun davlat budjetidan moliyalashtiriladigan og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov sport markazini tashkil etish;

2025-2026-o‘quv yilidan boshlab davlat sport ta’lim muassasalarida og‘ir atletika bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish;

og‘ir atletikaga ixtisoslashgan hududlarda ayollar og‘ir atletikasini rivojlantirish yuzasidan alohida dasturlarni qabul qilish hamda mahalliy budjet va homiylar mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich zamonaviy infratuzilma va jihozlar bilan ta’minlangan og‘ir atletika bazalarini barpo etish;

og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov sport markazini Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Talabalar ko‘chasi, 10-uy manzilida joylashgan Yoshlar siyosati va sport vazirligi tasarrufidagi bino-inshootlarga operativ boshqaruv huquqiy asosida joylashtirish;

og‘ir atletika sport turini 2023-2026 yillarda kengroq rivojlantirish dasturini hamda 2023-2026 yillarda og‘ir atletika sport turini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash;

2024 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:

og‘ir atletika bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida “Markaziy Osiyo ochiq chempionati”;

og‘ir atletika va para pauerlifting bo‘yicha nufuzli Uzbekistan Open xalqaro turniri;

og‘ir atletika bo‘yicha Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar;

og‘ir atletika bo‘yicha davlat sport ta’lim muassasalari o‘rtasida “O‘zbekiston chempionati” musobaqasini o‘tkazish;

faoliyati davomida namuna ko‘rsatgan yuqori malakaga ega trener va mutaxassislar malakasini yanada oshirish, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash uchun ularni milliy terma jamoalarning xorijda o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari va xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish belgilanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: