Yandex Go soliq to‘lashi vaji bilan haydovchilardan undiradigan komissiyasini oshirdi

Iqtisodiyot 19:58 / 06.12.2023 33424

Yandex Go O‘zbekistonning o‘ndan ortiq shaharlarida mobil ilova orqali taksi yollash xizmatini ko‘rsatadi. Bu yirik servis olayotgan daromadidan O‘zbekistonda soliq to‘lamasligi jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgach, noyabr oyida Soliq qo‘mitasi kompaniyaning yuridik egasi – Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan “Ridetech International”ga murojaat qilib, xizmatni O‘zbekistonning soliq rezidentiga aylantirishni talab qilgan, buning uchun 1 dekabrgacha muhlat berib, aks holda platforma bloklanishidan ogohlantirgandi.

Soliq qo‘mitasining 1 dekabr kuni ma’lum qilishicha, Yandex Go O‘zbekiston soliq rezidentiga aylangan va endilikda undan soliq undirish boshlanadi.

“Joriy yil 1 dekabrdan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekiston Respublikasi hududida soliq rezidenti –“YandexGo UB” MChJ yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi. Shu kundan boshlab Yandex Go xizmati o‘z hisob-kitoblarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida yuritadi, birlamchi hujjatlarni va soliq hisobotlarini taqdim etadi hamda belgilangan soliqlarni to‘laydi. Bu haqda Ridetech International B.V. Soliq qo‘mitasini rasmiy xat orqali xabardor qildi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Kun.uz: “Yandex Go 2023 yil 1 dekabrdan to‘lashi kerak bo‘lgan foyda solig‘i, QQS, dividend va boshqa soliqlarni to‘layaptimi?” degan savol bilan Soliq qo‘mitasiga murojaat qildi.

Qo‘mita axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Soliq kodeksiga muvofiq, Yandex Go ham barcha soliq to‘lovchilar kabi tovar aylanmasidan QQS, olingan foydadan foyda solig‘i va undan dividend hisoblanganida dividend solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan. Bu soliqlar bo‘yicha hisobotlarni (QQS 20.01.2024 yilgacha, foyda solig‘i 01.03.2024 yilgacha va dividend hisoblangan oydan keyingi oyning 20-sanasigacha) taqdim etishi va ushbu sanaga qadar to‘lovni amalga oshirishi lozim.

Soliq qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliqlar va uning mavjud qarzdorligi bo‘yicha ma’lumotlar soliq organi tomonidan ochiq e’lon qilinishi mumkin.

Kun.uz qo‘mitaga: “Yandex Taxi servis xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganiga 5 yildan oshdi, bu davr mobaynida to‘lanmagan soliqlar ham qayta hisob-kitob qilinishi mumkinmi?” degan savol bilan yuzlandi.

“Yandex Go bilan shartnoma tuzgan tashkilotlar tomonidan soliq agentlari sifatida 2018-2023 yillarda 25,3 mlrd so‘m soliqlar budjetga hisoblangan. Soliq agentlari tomonidan mazkur davrda soliqlar to‘liq va to‘g‘ri hisoblangani bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda”, – deyiladi qo‘mita izohida.

Yandex Go'ning O‘zbekistondagi ofisidan Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, 1 dekabrdan boshlab bank kartalari orqali to‘lov qilgan mijozlarga ilova orqali chek taqdim etish boshlangan. Ammo naqd shaklda to‘lov qilinganida chek berilmayapti.

Soliq qo‘mitasining bildirishicha, Yandex Go va Fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiya ishlari to‘liq yakunlangan va asosiy ish rejimiga o‘tish uchun sertifikat bilan virtual fiskal modul shakllantirib berilgan. Mazkur metodlar bilan naqdsiz va naqd pul orqali cheklarni shakllantirish va uzatish imkoniyati taqdim etilgan.

“Yandex Go tomonidan naqd pul shaklidagi cheklarni virtual kassa modul orqali berish imkoniyati yaratilmoqda. Oldimizda o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar ham mavjud ekanligini qayd etish joiz. Xususan, naqd pul orqali to‘lov qilinganda fiskal chek shakllantirish imkoniyatini yaratish, barcha agregatorlarni, jumladan, hududlardagi mahalliy agregatorlarni fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalash. Mazkur yo‘nalishda soliq organlari tomonidan tegishli ishlar davom ettirilmoqda. Erishilgan natijalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib boriladi”, – deyiladi qo‘mitaning Kun.uz'ga taqdim qilingan rasmiy axborotida.

Haydovchilardan undiriladigan komissiya haqi oshirildi

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, shu kunlarda Yandex Go taksichilardan o‘zi ushlab qoladigan xizmat komissiyasi ulushini 13 foizdan 14,6 foizgacha ko‘targan. U, shuningdek, kompaniyaning qator hamkor taksoparklari ham o‘z ulushlarini 4-5 foizdan 5-6 foizgacha oshirgani haqida yozdi.

“1 dekabrdan keyin haydovchi taksistlarning ko‘rsatilgan xizmat uchun oladigan ulushi 2,6 foiz bandgacha qisqargan. Demak, Yandex Go va uning ayrim hamkorlari O‘zbekistonda to‘lamoqchi bo‘layotgan soliqlarining yukini haydovchilarning bo‘yniga yuklagan-qo‘ygan. Ya’ni haydovchilarning nonini tuya qilish davom etadi”, deya yozdi iqtisodchi.

Yandex Go o‘ziga tegishli komissiya miqdori oshirilganini tasdiqladi, biroq taksoparklar ham o‘z komissiyasini oshirganini rad etib, ular tomonidan undirilgan haq miqdori aksincha kamayganini bildirdi.

“1 dekabrdan boshlab Yandex Go xizmatlari O‘zbekiston kompaniyasi tomonidan taqdim etiladi. Bu – hamkorlar, ularning drayverlari va xizmatlari uchun jarayonlarni yanada soddalashtiradi.

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi yuridik shaxsga o‘tish munosabati bilan xizmat narxiga mamlakat budjetiga to‘lanadigan QQS qo‘shiladi. Shu bilan birga, haydovchilarning daromadlarini amaldagi darajada ushlab turish uchun xizmat doirasida mavjud tariflar qayta ko‘rib chiqiladi.

Bizga ma’lumki, ba’zi hamkorlar allaqachon komissiyalarini kamaytirishgan, chunki ular endi norezident bilan ishlash uchun QQS to‘lashlari shart emas”, – deyiladi Kun.uz'ga taqdim qilingan rasmiy izohda.

Gazeta.uz bog‘langan Yandex Go'ning ayrim hamkor taksoparklari komissiyani 0,5 foizdan 1 foizgacha pasaytirganini tasdiqlagan, yana ayrim taksi korxonalari hozircha tarifda o‘zgarish qilmagani, lekin bu masalani ko‘rib chiqishi mumkinligini tasdiqlagan.

Kun.uz bu holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasidan izoh olish uchun bir necha bor tashkilot axborot xizmati bilan bog‘landi. Ammo hozircha bu borada rasmiy munosabat bildirilmadi.

Qo‘shimcha ma’lumot o‘rnida, quyida haydovchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylangan ayrim skrinshotlar keltirib o‘tilmoqda:

Ko‘proq yangiliklar: