Iqlim sammitining 3 kuni o‘tdi – dunyo yetakchilari nimalarni va’da qildi?

Jahon 10:06 / 03.12.2023 9835

Iqlim o‘zgarishidan qiynalgan davlatlarga 420 million

Iqlim sammitining ilk kunini COP28 prezidenti Sulton Al-Jobir ko‘pchilikka ma’qul keladigan taklif bilan boshladi. U ishtirokchilardan iqlim o‘zgarishi sabab aziyat chekayotgan mamlakatlar uchun 420 million dollar ajratishni so‘radi.

«Bu miqdor iqlim sammiti uchun misli ko‘rilmagan qadam va juda yaxshi boshlanish bo‘ldi», – dedi u.

Shuningdek, Sulton Al-Jobir mamlakatlarni havoga tashlanadigan chiqindini jiddiy miqdorda qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini 3 baravar va energiya samaradorligini 2 baravar oshirish uchun birgalikda ishlashga va’da berishga da’vat qildi.

Biroq BMTning bu yilgi sammiti prezidenti sifatida Sulton Al-Jobir tanlangani ayrim davlat faollariga yoqmadi. Bunga sabab uning BAAdagi yirik neft kompaniyalardan biriga rahbarlik qilishi bo‘ldi. Ya’ni Sulton al-Jobir Abu-Dabi Milliy neft kompaniyasi raisi bo‘lib, kompaniya 2021 yilda kuniga 2,7 million barrel neft ishlab chiqargan. 2027 yilga borib bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirishni rejalashtirgan. Agar iqlim o‘zgarishining eng asosiy sababi neft ekani hisobga olinsa, tanqidlar o‘rinli.

«Iqlim o‘zgarishi markazida qazib olinayotgan yonilg‘ilar turadi. Shuning uchun sanoatni ichdan o‘zgartirish kerak. BAA tiklanadigan energiya kompaniyasi Masdarning boshqaruvchisi sifatida, COP28ʼdagi rahbarligim aniq sa’y-harakatlarni oldinga qo‘yishimizga sabab bo‘ladi», – degan gaplari bilan o‘zini oqlagan bo‘ldi u.

Biroq AQSh va Yevropa Ittifoqidan 130 dan ortiq huquqshunoslar Sulton al-Jobirning prezidentlikdan chetlashtirilishini so‘rashgan.

«Insoniyat Yer ustida qo‘rqinchli tajriba o‘tkazyapti»

Britaniya qiroli Charlz COP28 sammitida

Britaniya qiroli Charlz dunyo hamon iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdan «dahshatli uzoqda» ekanini aytib, agar iqlim tezroq yaxshilanmasa, global iqtisodiyot xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.

«Biz tashvishli darajaga yetib borayotganimizni ko‘rib turibmiz. Odamlar Yer sayyorasi ustida qo‘rqinchli tajriba o‘tkazmoqda va tabiat dunyosini muvozanat me’yorlari va chegaralardan tashqariga olib chiqyapti», – dedi u.

Shuningdek, u global miqyosda iqlim o‘zgarishining ta’sirini Hindiston, Pokistondagi suv toshqini va AQSh, Kanada, Gretsiyadagi kuchli o‘rmon yong‘inlaridan bilish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

«Choralar odamlar xarajatiga ta’sir qilmasligi kerak»

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak sammitdagi nutqida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yechimlar taklif qilinayotganda, odamlarning iqtisodiy ahvoliga ta’sir qilmaydigan bo‘lishi kerakligini so‘radi.

Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan munozaralarni yaxshi deb bo‘lmaydi, tomonlar qutblarga ajralgan va bu Britaniya uchun quvonarli emas.

«Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatsizlik xarajatlari toqat qilib bo‘lmaydigan miqdorga yetgan. Shuning uchun biz iste’molchi xarajatlarini oshirmasdan pragmatik tarzda harakat qilamiz», – dedi u.

Sammit kuni Britaniya hukumati yaxshilik bo‘yicha moliyalashtiriladigan loyihalarga 1 mlrd 127 mln dollar ajratishini e’lon qildi.

Kambag‘al mamlakat qarzlaridan kechish

Rim papasi Fransisk o‘z bayonotida sayyorani qutqarish uchun ko‘mir, neft va gazni to‘xtatish va turmush tarzini o‘zgartirishga chaqirdi.

U, shuningdek, davlatlardan iqlim o‘zgarishi sabab jabr ko‘rgan kambag‘al mamlakatlarning qarzlaridan kechishni so‘radi.

«Eng ko‘p uglerod chiqaradigan mamlakatlar qazib olinadigan yonilg‘idan haddan tashqari ko‘p foydalangani uchun kambag‘al davlatlar moliyaviy qarzlaridan kechib yuborishlari adolatdan bo‘ladi», – dedi u.

Rim papasi bayonotida ekologik va iqlim inqirozlari uchun aybni kambag‘allar va yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlariga ega davlatlarga to‘nkash xato ekanini aytdi.

Sog‘ligi tufayli tadbirda qatnasholmagan 86 yoshli papa nutqini Vatikan Davlat kotibi Kardinal Parolin o‘qib eshittirdi.

AQShdan 3 milliard dollar

Kamala Harris COP28 sammitida

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris 2 dekabr kuni COP28 sammitida so‘zga chiqdi. U nutqida dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida AQShning emissiyalarni qisqartirish va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bo‘yicha bir necha tashabbusni sanadi.

«Ikki yil oldin prezident Jo Bayden COP26ʼda sammit sahnasida turib, Amerika Qo‘shma Shtatlari yana iqlim inqiroziga qarshi kurashda global lider bo‘lishini aytgandi. Ha, biz bunga harakat qilyapmiz, o‘shandan beri Qo‘shma Shtatlar va’dalarini harakatga aylantird», – dedi Harris.

U, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga global isishga qarshi kurashda yordam beradigan Yashil iqlim jamg‘armasiga 3 milliard dollar ajratishni e’lon qildi.

Braziliya va OPeK+

Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva Braziliya neft qazib oluvchi 23 davlatdan iborat OPeK+ guruhiga qo‘shilish arafasida ekanini ma’lum qildi.

«Menimcha, OPeK+ da ishtirok etish Braziliya uchun muhim. Chunki biz neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarni qazib olinadigan yoqilg‘ilarni tugatishga tayyor turishiga ruhlantirishimiz kerak. Bu – Afrika va Lotin Amerikasi kabi qit’alar o‘zlari sarflaydigan miqdorda qayta tiklanadigan yoqilg‘ilarni ishlab chiqarishi uchun mablag‘ ajratishlarini anglatadi», – dedi u.

Ma’lumot uchun, Braziliya Janubiy Amerikadagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi bo‘lib, kuniga 4,6 million barrel neft va gaz ishlab chiqaradi.

3 kunlik sammit natijalari

Sammitning o‘tgan 3 kunida 100 ga yaqin davlat 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni uch baravar oshirishga va’da berdi. Tahlilchilar fikricha, bu 2050 yilgacha qazib olinadigan yoqilg‘idan butunlay voz kechishga yordam berishi mumkin.

Shu bilan birga 50 ta neft va gaz kompaniyasi 2050 yilgacha sayyorani isituvchi gazlar chiqarishni to‘xtatishga va’da berdi.

Lotin Amerikasi va Karib havzasi Taraqqiyot banki (CAF) esa Lotin Amerikasiga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun 2030 yilgacha jami 15 milliard dollarlik, har yili 2 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishini e’lon qildi. Pullar infratuzilmani yaxshilash, suv ta’minoti, eroziyaga qarshi kurash va qirg‘oqlarni himoya qilish kabi boshqa loyihalarga sarflanadi.

Ma’lumot uchun, 30 noyabrda Dubayda boshlangan COP28 12 dekabrgacha davom etadi. Unda 140 dan ortiq davlatdan 70 mingdan ziyod vakillar qatnashyapti.

Ko‘proq yangiliklar: