Yandex Go karta orqali to‘lovlarda chek bera boshladi

O‘zbekiston 18:15 / 02.12.2023 8648

1 dekabrdan boshlab Yandex Go taksi xizmati O‘zbekiston hududida soliq rezidenti – “YandexGo UB” MChJ tomonidan taqdim etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

“Shu kundan boshlab Yandex Go xizmati o‘z hisob-kitoblarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida yuritadi, birlamchi hujjatlarni va soliq hisobotlarini taqdim etadi hamda belgilangan soliqlarni to‘laydi. Bu haqda Ridetech International B.V. Soliq qo‘mitasini rasmiy xat orqali xabardor qildi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Yandex Go xizmatini fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalash bo‘yicha ishlar yakunlangan.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yuridik shaxslar mazkur servis yordamida tashish xizmatini ko‘rsatganda mijozlarga fiskal chek berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, – deya ma’lum qilgan soliq organi.

Qo‘shimcha qilinishicha, MyTaxi va Uklon xizmatlarini fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalash ishlari ham yakunlangan. Yaqin kunlarda ular orqali ko‘rsatilgan tashish xizmatlari uchun to‘lovlarni fiskallashtirish kutilmoqda.

Yandex Go'ning O‘zbekistondagi ofisidan Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, kompaniya taksi xizmatlari uchun chek taqdim etadigan bozordagi birinchi onlayn-xizmatga aylangan. 1 dekabrdan boshlab bank kartalari orqali to‘lov qilgan mijozlarga ilova orqali chek taqdim etish boshlangan.

Kun.uz'ning naqd shaklda to‘lov qilinganida chek berilishi masalasidagi savoliga javoban, kompaniya matbuot xizmatining bildirishicha, Yandex Go naqd shaklda to‘lov qilgan mijozlar va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda ishtirok etmaydi.

“Shu bilan birga, biz hozirda Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda xizmat ko‘rsatuvchilarga naqd shaklda to‘lov amalga oshirilganida avtomatik ravishda fiskal chek yaratish va ularni Yandex Go ilovasida yo‘lovchilarga taqdim etish imkonini beruvchi funksionalni ishlab chiqmoqdamiz”, – deyiladi rasmiy izohda.

Avvalroq Yandex Go 2023 yilda O‘zbekistondagi faoliyati yakunlarini sarhisob qilgan edi. Unda aytilishicha, kompaniya yil davomida mamlakatdagi ta’lim va xavfsizlik texnologiyalariga 450 ming dollardan ortiqroq investitsiya kiritgan. Shuningdek, restoranlardan tayyor ovqatlar va oziq-ovqatlarni yetkazib beruvchi Yandex Eats faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: