Yana bombalar ostida qolgan G‘azo, mudofaaga hozirlik ko‘rayotgan Ukraina, iltimosnomasi rad etilgan Tramp - kun dayjesti

Jahon 20:54 / 02.12.2023 17639

G‘azoda yana tinch aholi qurbon bo‘la boshladi, Ukraina prezidenti Rossiya armiyasining kuchiga tan berdi, Rossiyaga sanksiyalar masalasi yana ko‘tarilmoqda — dunyoda ro‘y bergan so‘nggi voqea-hodisalar, yangiliklar kun dayjestida

G‘azoda gumanitar sulh tugaganidan so‘ng Isroil armiyasining harbiy harakatlari qayta boshlangan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 1 dekabr kuni Isroil armiyasi zarbalaridan 32 nafar falastinlik halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar, asosan ayollar va bolalar yaralangan.

Isroil esa avval o‘zi tomonidan xavfsiz hudud deb e’lon qilingan, shimoldan odamlar ko‘chirilgan G‘azo sektorining janubiga keng ko‘lamli yurish boshlashi va janubdagi yirik shahar Xon Yunusni jangovar harakatlar zonasi deb e’lon qilgan. Xabarlarga va tarqalgan videolarga ko‘ra, shu kecha ham Isroil Xon Yunusdagi turar joy binolari ustiga fosforli bombalar yog‘dirilgan.

Bu orada The Wall Street Journal nashri AQSh 7-oktyabrdan buyon Isroilga bunkerga qarshi bombalar, shuningdek o‘n minglab boshqa turdagi qurol-yarog‘lar va snaryadlar yetkazib berganini xabar qildi.

Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya eri Volodimir Zelenskiy yangi muddatga prezident bo‘lib saylanishini istamasligini aytdi. Bu haqda u The Economist nashriga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgan.

«U keyingi muddatga yana prezident bo‘lishini istamayman... Biz yangi nimadir o‘ylab topishimiz kerak», — degan Ukrainaning birinchi xonimi.

Zelenskiy Rossiya armiyasini «jahonda ikkinchi» deb atadi va urushning yangi bosqichi boshlanganini ta’kidladi.

Ukraina «jahonning ikkinchi armiyasi» bilan urushmoqda shu sababli Qrimga quruqlikdan yo‘lak ocha olmagan mamlakat qurolli kuchlarining qarshi hujumini qoniqarli baholash mumkin, degan u.

Zelenskiy qarshi hujumning barbod bo‘lganini Ukraina hokimiyati tezroq natijalarni qo‘lga kiritishni xohlagani bilan tushuntirdi. «Bu borada, afsuski, biz ko‘zlangan natijalarga erisha olmadik. Bu — fakt», degan u. Zelenskiy G‘arb ham qarshi hujum uchun zarur barcha qurol-yarog‘larni yetkazib bera olmaganiga ham e’tibor qaratgan.

Zelenskiy qarshi hujum to‘xtatilgach, urush yangi bosqichga chiqqanini ta’kidlagan. «Qish — bu urushning yangi bosqichi. Biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Chunki biz o‘zimizga tegishli hududlar uchun jang olib bormoqdamiz», — degan u.

Bu orada Ukraina prezidenti sharqiy front chizig‘ida istehkomlar qurishga chaqirdi.

Zelenskiy Ukraina sharqidagi front chizig‘ida istehkomlar qurishni tezlashtirishga chaqirgan. Bunga sabab — Rossiyaning sharqiy hududdan hujumga o‘tish ehtimoli borligidir. Bu hududda Ukraina qarshi hujumdan voz kechib, qattiq mudofaaga tayyorlanayotgani anglash mumkin.

Harbiylar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, Ukraina Donbassdan G‘arbiy Ukrainagacha mudofaa inshootlari quradi. Gap birinchi navbatdda Avdiyivka, Maryinka hamda Kupyansk-Liman yo‘nalishlari haqida bormoqda. Bundan tashqari, fortifikatsiya liniyalari Rossiya va Belarus chegaralari bo‘ylab — Sumi, Chernihiv, Kiyev, Jitomir va Rivne oblastlarida, shuningdek, Xerson oblastida o‘rnatiladi.

«Mediazona» va «Bi-bi-si» muxbirlari Ukrainada Rossiyaning 38 mingdan oshiq harbiylari halok bo‘lganini tasdiqlashdi.

Jurnalistlar volontyorlar jamoasi bilan birgalikda ochiq manbalarga ko‘ra Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 38 ming 261 harbiyning o‘lganini aniqlashgan. Ular qabrlar va nekrologlarga qarab hisob yuritishadi. So‘nggi ikki hafta ichida bu ro‘yxatga 1200 kishi qo‘shilgan. Aslida real raqamlar yanada ko‘proq ekani tayin, chunki jurnalistlar axborot oqimini qayta ishlashga ulgurishmayapti.

Vengriya bosh vaziri Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasini 10 yil keyinga surishni taklif qildi.

Viktor Oban Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan strategik hamkorligini izolash masalasi ko‘plab davlatlarning manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi, shu sababli muzokaralar boshlanmasligi kerakligini ta’kidlagan.

«Vengriya umumiy qaror qabul qilinishiga xalaqit beradi. Yevroittifoq qoidalariga ko‘ra, bunday masalalarda qaror barcha a’zo davlatlarning roziligi bilan qabul qilinishi kerak. Hozirda umumiy rozilik bo‘lmasligi aniq, shu sababli Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik masalasini boshlamaslik va kun tartibiga chiqarmaslikni taklif qildim», — degan Orban.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylar sonini 1 mln 320 ming kishigacha oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Kreml saytida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining shtatdagi sonini 2 mln 209 ming kishigacha oshirish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi. Bu raqamning yarmidan ko‘pi — harbiylar. So‘nggi marta Rossiya qurolli kuchlari soni shu yilning yanvarida oshirilgan va qariyb 2 mln 40 ming kishiga yetkazilgandi. Ularning 1 mln 150 mingi harbiylar edi.

Vashington 2030 yilgacha Rossiyaning neft va gazdan daromadlarini ikki barobarga qisqartirishni niyat qilgan.

Toki Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushni davom ettirar ekan, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni hali uzoq qo‘llaydi. Hattoki urush tugaganidan so‘ng ham Rossiyaning qayta qurollanmasligi, o‘zining agressiv siyosatini davom ettirmasligi uchun sanksiyalar uzaytiriladi, degan AQSh davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha yordamchisi Jyeffri Payatt.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Si Jingpingdan sanksiya ostidagi mahsulotlarni Rossiyaga yetkazishni to‘xtatishni shaxsan iltimos qilib ko‘rishadi.

Bir haftadan so‘ng Yevropa Ittifoqi rahbari Sharl Mishel, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Pekinga borishadi. Xitoy raisi bilan muzokara mavzularidan biri Rossiyaga sanksiya ostidagi mahsulotlarni Xitoydagi firmalar orqali yetkazilayotgani masalasi bo‘ladi.

Yevropa rahbarlari aniqlangan 13 ta shunday kompaniyani tiyib qo‘yishni so‘rashadi, deb xabar bermoqda South China Morning Post.

Bu kompaniyalar Yevropa Ittifoqining 12-paketdagi sanksiyalariga qo‘shilish-qo‘shilmasligi Si Jinpingning javobiga bog‘liq bo‘ladi.

Boshqa qisqa yangiliklar va xabarlar bilan tanishtirib o‘tamiz:

Dubayda o‘tayotgan BMT iqlim konferensiyasida Litva, Latviya va Polsha prezidentlari mehmonlar safida Lukashenko bo‘lgani sababli umumiy suratga tushishni rad etishdi.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda bu fotosurat «oilaviy fotosurat» ekanini ta’kidlab, Belarus prezidenti ular mansub bo‘lgan oila a’zosi emasligini aytgan.

Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berishga qarshi chiqmoqda.

Bloomberg nashri manbalariga ko‘ra Belgiya, Germaniya, Fransiya, Italiya va Lyuksemburg RFning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berish masalasida shoshmaslik kerakligiga chaqirishmoqda.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Yaqin Sharqning dengiz orqali savdo bo‘yicha eng yirik davlatiga aylangan.

Eron ayni paytda 942 ta kemaga ega va Yaqin Sharqdagi jami kemalarning 1/3 qismiga egalik qiladi. 2022 yilda Eronda 32 ta quruq yuk tashuvchi kema, 31 ta konteyner tashuvchi kema, 83 ta neft tankeri, 393 ta asosiy yuklar tashuvi kemalar va 403 ta boshqa turdagi savdo kemalari bo‘lgan. Eron o‘zidan keyingi o‘rindagi BAA bilan farqi 300 ta kemaga teng. Eronning kemachilik floti Saudiyanikidan ikki barobar katta.

AQSh sudi sobiq prezident Donald Trampning 2021 yilda Kapitoliyni shturm qilishda uning roli borasidagi jinoiy ishni to‘xtatish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad etdi.

Tramp o‘z arizalarida voqea ro‘y bergan chog‘ida AQShning amaldagi prezidenti bo‘lib turgani, konstititutsion huquqlari» hamda «prezidentlik daxlsizligi»ni ro‘kach qilib, javobgarlikdan qutilishga harakat qilgan. Sud esa Trapmni, «shaxsiy manfaatni ko‘zlab» harakat qilgan deb hisoblab, har ikki iltimosnomani rad etgan. 

Ko‘proq yangiliklar: