«Siti» va «Barsa»da yana jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:51 / 02.12.2023 26233

«Manchester Siti» qatorasiga uchinchi o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazadimi? «Atletiko» Barselonadagi noxush an’anaga barham bera oladimi? «Jirona» manziliga yetib keldimi? «Bayyer» navbatdagi imtihonni qanday topshiradi? Londonda qo‘yib yuborilgan 6 goldan so‘ng «Lans» bosh murabbiyi balki Abduqodir Husanovga imkoniyat berar? Shu va yana boshqa bir qancha savollarga ushbu dam olish kunlari javob olamiz.

«Nyukasl» – «Manchester Yunayted» (3 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Ikki jamoa ham Chempionlar Ligasida yakuni qoniqarsiz hisob bilan tugagan og‘ir uchrashuv o‘tkazishdi. «Nyukasl» Parijdagi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqargan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» Turkiyada 3:1 hisobidagi ustunlikni durang bilan yakunladi. Natijada ikki jamoaning ham keyingi bosqichga chiqish masalasi o‘z qo‘lida emas – so‘nggi turda ham g‘alaba qozonib, ham parallel uchrashuvdan umid qilish lozim bo‘ladi.

Tabiiyki, bunday kayfiyatda futbolchilar o‘z muxlislari qarshisida vaziyatni o‘nglashga, hech bo‘lmasa APL o‘yinida g‘alaba qozonib, ishonchni qaytarishga harakat qilishadi. «Nyukasl» ham, «MYu» ham Angliyadagi so‘nggi o‘yinini yirik hisobda yutganini e’tiborga olsak, sport formasi nuqtayi nazaridan hammasi ijobiy.

Umuman, «Nyukasl» o‘z maydonidagi uchrashuvlarda eng yaxshi jamoalardan biri. «Sent Jyeyms Park»da «Arsenal», «Chelsi» va «Aston Villa» kabi jamoalar mag‘lubiyatga uchradi, «Liverpul» faqat so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi. Qizig‘i, «Manchester Yunayted»ning safar uchrashuvlari holati ham shunga yaqin – Erik ten Hag shogirdlari avgustda «Arsenal»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng APL doirasida qatorasiga 4 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Bu o‘yinlarda atigi bitta gol o‘tkazib yubordi, u ham penaltidan. Lekin yana bir jihat borki, «MYu» o‘tgan mavsum boshidan hisoblaganda ham, turnir jadvalida yuqorida joylashgan raqiblarga qarshi safarda umuman g‘alaba qozona olmayapti. Yuqorida tilga olingan statistika ham faqat autsayderlar bilan uchrashuvlarda qayd etilgan.

O‘tgan mavsumda Nyukaslda o‘tgan uchrashuv ham to‘lig‘icha mezbonlarning ustunligi va 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Darvoqe, raqiblar o‘tgan oyda ham o‘zaro o‘yin o‘tkazdi – Angliya Liga kubogida «Old Trafford»da o‘tgan uchrashuvda Eddi Hau shogirdlari yirik hisobda (3:0) g‘alaba qozongandi. Lekin o‘sha o‘yinda har ikki tomonda asosan ikkinchi tarkib futbolchilari o‘ynagandi.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «MYu»da jarohatlanganlar safga qayta boshladi. So‘nggi ikki o‘yinda Lyuk Shou va Kobi Maynu maydonga tushdi va ikkisi ham iliq taassurot qoldirdi. YeChL o‘yinini diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgan Markus Reshford ham uchrashuvga tayyor. Kazemiro, Eriksen, Malasiya, Martines kabi futbolchilar esa, katta ehtimol bilan yangi yil arafasida safga qaytadi.

Mezbonlar tarkibida jarohatlanganlar soni nisbatan ko‘proq. Botman, Byorn, Longstaf, Uilson asosiy tarkib o‘yinchilari hisoblanadi. Shuningdek, Myorfi, Uillok, Barns, Anderson va Targett kabi ko‘pincha zaxiradan tushishsa-da, Hau uchun juda zarur futbolchilar ham o‘ynay olmaydi. Ancha jismoniy kuch sarflaydigan «Nyukasl» uslubida ikkinchi bo‘limda tushadiganlar ham muhim. Hau so‘nggi uchrashuvlarda aynan mana shu kuziridan mahrum bo‘lmoqda, aksariyat hollarda zaxiradan tushish ancha yosh, tajribasiz futbolchilar zimmasiga qolib ketyapti. 

«Bayyer» – «Borussiya» D (3 dekabr, 21:30)

Yevropada, kuchli beshlikda, umuman hatto barcha musobaqalardagi natijalarni olsak ham, eng yaxshi ko‘rsatkichga «Bayyer» ega bo‘lib turibdi. Ushbu mavsumning o‘zida leverkuzenliklar 21 marta g‘alaba qozonib ulgurishdi, atigi bitta durang. O‘sha durang ham safarda «Bavariya» bilan o‘yinda qayd etilgani e’tiborga olinsa, bundan ortig‘ini tasavvur qilish ham qiyin. Hozirda «Bayyer»ning g‘alabali seriyasi 14 o‘yindan iborat bo‘lib turibdi.

«Borussiya» Bundesligadagi oxirgi uch o‘yindan ikkitasi boy bergan, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lsa-da, ushbu o‘yinga yaxshi kayfiyat va ishonch bilan tashrif buyuradi, zero Chempionlar Ligasidagi og‘ir guruhda qatorasiga 3 g‘alabaga erishdi. Milandagi ajoyib g‘alabadan so‘ng, «Borussiya» muddatidan oldin pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, bu «Bayyer»ga qarshi o‘yinda ham qo‘shimcha kuch taqdim etadi.

O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, tabiiyki, «Bayyer»ning o‘sishi so‘nggi yillarga to‘g‘ri keladi, aksariyat mavsumlarda dortmundliklarning ustunligi yaqqol bo‘lgan, ular ikki barobar ustunlikka ega. O‘tgan mavsumda ham «Borussiya» har ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan, Leverkuzendagi uchrashuv 2:0 hisobida yakuniga yetgandi. Shu bilan birga, bu jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ko‘pincha gollarga boy bo‘lishini ham ta’kidlash kerak. Masalan, oxirgi uch yilda bo‘lib o‘tgan uch o‘yinda 7 tadan gol urilgan. Ikki marta 4:3 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, bir marta «Bayyer» mehmonda 5:2 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Tarkiblar borasida jamoalarda yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Faqat mehmonlar tarkibida Niklas Zyule kasallik tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi. Feliks Nmecha esa yanvargacha safdan chiqqan. Dortmundliklar YeChL uchrashuvini seshanba oqshomida o‘tkazgani, «Bayyer» esa payshanba kuni Yevropa Ligasida maydonga tushgani hisobga olinsa, ikki kunlik farq ham mehmonlarga qo‘shimcha ustunlik beradi. To‘g‘ri, «Hekken»ga qarshi o‘yinda Alonso aksariyat yetakchi futbolchilarga dam olish imkonini berdi, ammo safar uchrashuvi, ba’zi futbolchilarning maydonga tushganining o‘zi ham albatta, biroz noqulaylik tug‘diradi.

«Manchester Siti» – «Tottenhem» (3 dekabr, 21:30)

APLdagi muvaffaqiyatli startni izohlarkan, Anjye Postekoglu shunchaki Pepdan ko‘chirayotganini aytib hazillashgandi. Chindan ham mafkura tomondan murabbiylar o‘rtasida umumiyliklar yo‘q emas, ammo yana bir muhim jihat bor: bir necha yil avval aynan Pep «Seltik» bosslariga avstraliyalik mutaxassisni tavsiya etgandi. 2019 yilda Yaponiyaning «Yokogama» klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi Gvardiolada katta taassurot qoldirgan, o‘shanda jamoani aynan Anjye boshqarardi. O‘shanda Postekoglu jamoasi hisobda «Siti»dan ortda qolgan bo‘lsa-da, to‘pga egalik qilish borasida ustunlik qilgandi – 58 foizga 42. 

Yaqingacha «Tottenhem» Angliyada eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatayotgan, haqli ravishda turnir jadvalini boshqarayotgandi. Qatorasiga uch mag‘lubiyat jamoani beshinchi o‘ringa tushirib yubordi, sinovlar esa hali tugagani yo‘q. Albatta, vaziyatning obektiv sabablari bor. Birinchidan, statistikaga ko‘ra, mavsum boshida «Tottenhem» eng qulay taqvimga ega bo‘lgan ekan. Ikkinchidan, jarohat va diskvalifikatsiyalar haddan tashqari ko‘p hamda asosiy tarkib futbolchilari safdan chiqmoqda. Romero qizil kartochka tufayli diskvalifikatsiyaga uchradi, Van der Veyn jarohat oldi. Meddison, Risharlison, Sarr kabi futbolchilar mavsum boshida juda muhim figuralar edi. Ularning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan Sessenon, Solomon, Perishich, Bentankurning ham jarohati, tabiiyki, murabbiyga katta bosh og‘rig‘i bo‘lmoqda.

Masalan, so‘nggi turda, «Aston Villa»ga qarshi uchrashuvda «Tottenhem» yomon o‘ynamadi, birinchi bo‘limda yaqqol ustunlik qildi ham. Ammo hisob qulay bo‘lmagani uchun vaziyatni nazorat qilishning iloji bo‘lmadi. Birminghemliklar almashtirishlar orqali o‘yinini kuchaytirgan bo‘lsa, «Tottenhem»da zaxiradan tushib o‘yinni o‘zgartiruvchi futbolchi yo‘q edi. Har o‘yinda ayni ijrochilar bilan o‘ynash tabiiyki, tarkibni charchatib ham qo‘yadi.

Lekin Postekoglu «Etihad»da ham Pepnikiga o‘xshash futbol namoyish etishini kutish mumkin. Rio Ferdinanduga bergan intervyusida u «Tottenhem» har qanday sharoitda ham hujumkor o‘yin namoyish etishiga va’da bergandi, u to‘qqiz kishi bo‘lib qolganida ham jamoasini oldinga yubordi va shu uslubi bilan futbol muxlislarining yoqimtoyiga aylandi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqsak, albatta, «Manchester Siti» yaqqol favorit. Ikki yil oldingi mag‘lubiyatni qo‘shmasak, umuman «shaharliklar» «Tottenhem»ga qarshi uy uchrashuvlarini ancha ishonchli o‘tkazadi ham. Ammo yana shuni ta’kidlash kerakki, «Siti» ushbu mavsumda katta o‘yinlarda u qadar ishonchli ko‘rinmayapti. Hammasini nazorat qilishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, aynan natija borasida yo‘qotishlarga uchramoqda. «Chelsi» va «Liverpul» bilan o‘yinlardagi durang, «Arsenal»dan mag‘lubiyat, umuman oxirgi yetti o‘yindan to‘rttasida Gvardiola shogirdlari g‘alaba qozona olmadi, oxirgi ikki turda «Chelsi» (4:4) va «Liverpul» (1:1) bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotildi. «Manchester Siti» uchun bu ancha yomon ko‘rsatkich. Mezbonlar bu seriya davom etishini istamaydi va ko‘proq gol urib ustunlikni imkon qadar qulaylashtirib olishga harakat qilishadi. Kichik hisobni ushlab turgan holda o‘yinni nazorat qilish taktikasi «Liverpul»ga qarshi o‘yinda pand berdi.

Yuqorida faqat «Tottenhem»ning yo‘qotishlari sanaldi, mezbonlarda Nunez va Kovachichdan boshqalar o‘ynashga tayyor. Ha, Kevin de Bryuyne ham bor, ammo jamoa mavsum boshidan buyon usiz harakat qilmoqda, yana bir oy mana shunday o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Xabarlarga qaraganda, belgiyalik yarimhimoyachi boksing-deygacha mashg‘ulotlarga qaytib qolishi kerak.

«Napoli» – «Inter» (4 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Yangi bosh murabbiy qo‘l ostida «Napoli» yomon boshlamadi. Bergamodagi g‘alaba (o‘tgan turda «Atalanta» 2:1 hisobida mag‘lub etildi) neapollliklarga keyingi uchrashuvlar uchun ancha ishonch berishi tabiiy. To‘g‘ri, keyin Madriddagi mag‘lubiyat (2:4) ham bo‘ldi, ammo «Real» ancha kuchli raqib ekani, umuman, o‘sha kungi natijalardan so‘ng «Napoli» hamon guruhda 2-o‘rinda turganini e’tiborga olsak, kayfiyat yomon emas. YeChLning so‘nggi turida «Braga» bilan uy uchrashuvida ikki to‘p bilan mag‘lubiyatga uchralmasa kifoya, «Napoli» pley-offga chiqadi. Endi barcha e’tiborni Italiya chempionatiga qaratish vaqti.

O‘tgan turda «Inter» va «Yuventus» o‘zaro durang o‘ynagach, ta’qibchi jamoalarga bu qo‘l keldi va oradagi farqni qisqartirishdi. «Napoli»da bugun yana shunday imkoniyat bor – «Inter» ustidan g‘alaba qozonib, milanliklarga 5 ochkolik masofaga yaqinlashib olish mumkin. Odatda «Napoli» «Inter» bilan o‘yinlarda ancha ishonchli harakat qilishi (oxirgi o‘n yillikda umumiy ustunlik janubliklarda) hisobga olinsa, mezbonlarda imkoniyat yomon emas. O‘tgan mavsumda shu stadionda o‘tgan o‘yin ham 3:1 hisobida «Napoli» g‘alabasi bilan yakunlangandi. Shu bilan birga, yana bir salbiy seriyani ham qayd etish kerak – «Napoli» barcha musobaqalar doirasida besh o‘yindan beri o‘z maydonida g‘alaba nimaligini bilmayapti. «Union» va «Milan» bilan durang, «Real», «Empoli» va «Fiorentina»dan mag‘lubiyat. Oxirgi g‘alaba sentabrda qo‘lga kiritilgan, ya’ni ikki oydirki neapollik muxlislar o‘z stadionida jamoa g‘alabasini tomosha qila olmayapti. «Inter» – mana shunday an’anaga chek qo‘yish uchun ideal raqib.

Jamoalar tarkibidagi yo‘qotishlar u qadar sezilmasligi kerak. «Inter» safida Bastoni va Pavar maydonga tusha olmaydi. Mezbonlar esa Mariu Ruy, Lindstryom hamda Matias Oliveraning yordamidan foydalana olmaydi. Chempionlar Ligasida «Napoli» Madridda qiyin uchrashuv o‘tkazdi. «Inter» esa pley-off masalasini ilgariroq hal qilib qo‘ygani bois «Benfika»ga qarshi asosan zaxira futbolchilarini maydonga tushirdi. Bu degani, ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun mehmonlarda ko‘proq vaqt bo‘lgan, jismoniy tomondan ustunlik ham milanliklarda bo‘lishi mumkin.

«Yuventus» juma oqshomida g‘alabaga erishdi va vaqtincha turnir jadvalida 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Turinliklarga toza peshqadamlik taqdim etilsa, keyin tortib olish qiyinligini milanliklar to‘rt-besh yil oldingi xotiralardan yaxshi bilishsa kerak. O‘sha «Yuventus» yana qaytayotgandek. Bunga imkon bermaslik uchun esa «Inter» kurashishi shart.

«Barselona» – «Atletiko» (4 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

«Barselona» erishilayotgan natijalar borasida shubha tug‘dirmasa-da, aynan o‘yin sifatida bo‘yicha biroz inqirozli vaziyatga tushib qolgandek. Ayniqsa, «Real»ga qarshi o‘yindagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng Xavi shogirdlari hatto g‘alabali uchrashuvlarda ham ishonchsiz ko‘rinishdi. Masalan, Sosiyedaddagi uchrashuvni eslash kifoya. Oqibatda, har qanday raqibga qarshi biroz xavotir paydo bo‘lmoqda. La Ligadagi yo‘qotishlarga qarasak ham, «Mallorka», «Rayo Valekano», «Granada» kabi jamoalar «Barsa»dan ochko olishga muvaffaq bo‘lishgan. Aslida, har bir o‘yinni «Barselona» og‘ir o‘tkazishi o‘tgan chempionlik mavsumida ham bor edi, Xavi shogirdlari juda ko‘p o‘yinlarni 1:0 hisobida yakunlaganini eslasangiz kerak. Ammo o‘shanda kamida, himoyadagi o‘yin borasida ishonch bor edi. Jamoa deyarli gol o‘tkazmas, yaratilgan kam sonli imkoniyatlarni golga aylantira olardi. Ammo ushbu mavsumda, aynan himoyada «Barselona» ancha ishonchsiz o‘ynab, dastlabki daqiqalarda juda ko‘p gol o‘tkazib yuboryapti. Keyin esa, hisobni tenglashtirish, kambek amalga oshirishga to‘g‘ri kelyapti. Raqib himoyada yaxshi harakat qilganda esa, g‘alaba qozonishning iloji bo‘lmay qolmoqda. Oqibatda peshqadamlar bilan 4 ochkolik farq yuzaga kelgan. «Atletiko» bilan ochkolar teng bo‘lsa-da, madridliklarda bitta zaxira o‘yini bor.

«Atletiko» aytish mumkinki, o‘yindagi muvozanat, natijalardagi barqarorlik nuqtayi nazaridan Ispaniyaning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turibdi. Jamoa «Jirona» kabi kambeklar yoki «Real» kabi ayrim futbolchilarning o‘ta yuqori realizatsiyasi hisobiga emas, g‘alabalarga yaqqol ustunlik bilan haqli ravishda erishyapti. Yaratilgan xavfli vaziyatlar bo‘yicha «Atletiko» ligada yetakchi bo‘lib turganining o‘zi ham bunga isbot bo‘la oladi. Simeone o‘zi boshqarayotgan jamoani ikki yil ichida ayni futbolchilar bilan butunlay xarakterini, uslubini o‘zgartirib yuborgani, umuman boshqacha futbol o‘ynay boshlagani alohida e’tirofga loyiq.

«Barselona»dagi jarohatlar epidemiyasi tugamoqda. Faqat uzoq muddatga safdan chiqqan Gavi va katta ehtimol bilan ter Stegen maydonga tusha olmaydi. Mehmonlar safida esa Toma Lemar va Vitoloda jarohat bor, Har ikki futbolchi yana kamida bir oy sheriklariga yordam bera olishmaydi.

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi uch o‘yinda «Barselona»ning qo‘li baland kelgan. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yin 1:0 hisobida nihoyasiga yetgandi. Aynan Barselonada o‘tgan uchrashuvlarga to‘xtalsak, to‘g‘ri, doim «Atletiko» munosib qarshilik qilgan, juda ko‘p marta durang ham bo‘lgan, Chempionlar Ligasidan «Barselona»ni chiqarib yuborgan paytlarini ham eslaymiz, lekin madridliklarning Ispaniya chempionatidagi safar g‘alabasini qidirib to 2006 yilga qaytishga to‘g‘ri keldi. O‘shanda mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan va mana 17 yildirki «Atletiko» Barselonada zafar quchmayapti. Demak, Simeone hech qachon La Liga uchrashuvida «Barselona»ni «Kamp Nou»da yuta olmagan. Ta’mirlash ishlari tufayli bu mavsumda «Barselona» uy uchrashuvlarini boshqa stadionda qabul qilmoqda, balki mana shu o‘zgarish Simeonening noxush an’anasiga chek qo‘yar?

Xavi qarshisida qiyin vazifa turibdi: birinchi raqam ostida o‘ynashni ham, ortga qaytishni ham biladigan «Atletiko»ni cheklash. «Portu» bilan o‘yin ko‘rsatdiki, raqibga moslashib o‘ynash jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Nimadir o‘ylab topish kerak.

Bu o‘yinda personal syujyetlar ham bor: Grizmann «Barsa»ga, Feliks Simeonega qarshi. Muxlislar zerikib qolmasligi kafolatlangan.

Boshqa o‘yinlar

2 dekabr. JIRONA – Valensiya (18:00), BAVARIYa – Union (19:30), ARSeNAL – Vulverhempton (20:00), LANS – Lion (21:00), ReAL – Granada (22:30), MILAN – Frozinone (3 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

3 dekabr. Gavr – PSJ (17:00), CheLSI – Brayton (19:00), LIVeRPUL – Fulhem (19:00), Sassuolo – ROMA (22:00)

Ko‘proq yangiliklar: