Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida dual ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 13:39 / 30.11.2023 20677

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro anjuman tashkil etildi. Dual ta’lim – talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beradi. 

28 noyabr kuni Toshkentdagi Koreya-O‘zbekiston texnoparkida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan “Soha korxonalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda dual ta’limning o‘rni hamda fan, ta’lim, ishlab chiqarish klasterlarini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada dunyoning 10dan ortiq mamlakatlaridan soha vakillari va mahalliy korxonalar, soha mutasaddilaridan iborat 500 nafardan ortiq mehmonlar ishtirok etishdi.

Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali direktori Qalandar Abdurahmonov O‘zbekistonda dual ta’limning ilk qadamlari ushbu institutda yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab o‘tdi.

“Dual ta’lim tizimini nazariy jihatdan ko‘p eshitganmiz, amaliy jihatdan esa Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutidan boshlanganini ko‘ryapmiz. Institut talabalari o‘qishning yarmini institutda nazariya bilan, yarmini esa ishlab chiqarishda bandlik bilan o‘tkazishayotganining guvohi bo‘lyapmiz.

Bugungi kunda respublikamizdagi aksariyat to‘qimachilik korxonalarida xorijlik mutaxassislar ishlaydi. Bizning maqsadlarimizga ko‘ra, 3-4-kursda tahsil olayotgan talabalarimiz shu mutaxassislarning o‘rnini bosadi va ortiqcha xarajatlardan voz kechgan bo‘lamiz”, - dedi akademik.

Dual ta’lim talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir. Bunda talabalar haftaning 3 kunida institutda nazariy bilimlarni, qolgan 3 kunida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi. Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda ularga korxona tomonidan malakali ustoz biriktiriladi va oylik maoshi to‘lanadi.

Tadbirdan maqsadimiz – dual ta’limning samaradorligini ko‘rsatish. Undan tashqari 10dan ortiq korxonalar bilan kelishuvlar imzolandiki, aynan 3-4-kurs talabalari haftasiga 3 kun davomida ishlab chiqarish korxonalariga ishga borishadi. Ya’ni nazariy va amaliy bilim birga olinadi. Buning natijasini rejamizga ko‘ra, 2025 yil bitiruvchilarining 65 foizi shu sohada ketadi. 2022-23 o‘quv yili bitiruvchilarining 25 foizi yengil sanoat sohasiga ketyapti, chunki ularda bu sohaga qiziqish past. Dual ta’limning qiziqishini kuchaytirish bo‘yicha tegishli farmon bilan “kasb egasi” degan tizim shakllantirildi. Bu tizimda talaba tadbirkor bilan haftasiga o‘rtacha 20 soat hamkorlikda ishlasa, bir oyga 2 mln so‘m tadbirkorga to‘lab beriladi. Tadbirkor talabaga stipendiya to‘laydi, o‘z navbatida tadbirkorga jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi.

Rektorning aytishicha, talabalar uchun bu jarayonda 10 mln so‘mgacha maosh olish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda to‘qimachilik korxonalarida ishlayotgan 4000ga yaqin xorijlik mutaxassislarga o‘rtacha 3000-5000 AQSh dollari miqdorida maosh olishadi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti shu kunga qadar respublikadagi 200ga yaqin soha korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, 2022/2023 o‘quv yilida dual ta’lim tizimi asosida o‘qitishni tashkil etish uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 60 ga yaqin korxonalar bilan shartnoma asosida 3-kursdagi 1000 ga yaqin talaba tajriba-sinov tariqasida dual ta’lim shaklida o‘qitildi.

“Korxonamiz zamonaviy maxsus turdagi ishchi kiyimlar va maxsus poyabzallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan 10 yildan beri hamkorlik qilamiz. Ilgari amaliyot davri 1 yoki 2 oy davom etib, tugardi. Dual tizimning yo‘lga qo‘yilishi yaxshi natijalar beryapti. Bizdan o‘rgangan bilimlari bilan talabalar o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lishyapti”, - deb ta’kidladi “Nur tex” korxonasi rahbari Muhabbat Toshmuhamedova.

Shuningdek, anjumanda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Tojikiston, Germaniya, Italiya, Ukraina, Koreya, Fransiya, Pokiston, Qozog‘iston kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari professorlari Koreya-O‘zbekiston texnoparkidagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi. Paxta, charm va to‘qimachilik sanoati bilan shug‘ullanuvchi mazkur laboratoriyalar ularning e’tiroflariga sabab bo‘ldi. Tadbir doirasida dizayner professor-o‘qituvchilar va talabalarning sara asarlarini o‘zida jam etgan modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: