Qizamiq va gripp nega ko‘payyapti? – kasallik belgilari va himoyalanish usullari haqida

Jamiyat 15:03 / 28.11.2023 64885

Qizamiq ko‘paygani haqida xabarlar tarqalyapti, bu xabarlar qanchalik asosli?

– Qizamiq mavsumiy kasallik bo‘lib, ushbu kasallik asosan kuz-qish mavsumlarida ro‘yxatga olinadi. Bugungi kunda qo‘shni davlatlarda qizamiq kasalligi ko‘paymoqda va chetga borib kelayotgan qizamiqqa qarshi emlanmagan aholi, bolalar orasida qizamiq bilan kasallanish ro‘yxatga olinyapti.

Qanday himoyalash mumkin?

– Qizamiqdan himoyalanishning yagona usuli – emlash. Milliy emlash kalendari asosida har bir ota-ona yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat etib, farzandini 1 yoshda va 6 yoshda qizamiqqa qarshi emlatishi kerak. Kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorga yoki tez yordamga murojaat etish lozim. Bemorni alohidalash zarur. Shifokor tavsiyasi asosida kerakli davolash olib boriladi.

Qizamiq asosan qaysi yosh guruhlarida uchraydi, belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

– Qizamiq har xil sabablarga (vaqtincha ko‘chib ketgan, tibbiy cheklov berilgan, emlashdan bosh tortgan) ko‘ra emlanmagan aholi va bolalarda uchraydi. Qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi, kon’yunktivit, terida o‘ziga xos bosqichma-bosqich dog‘li toshmalar toshishi bilan kechadi.

Gripp qanday kasallik va u qanday yo‘llar bilan yuqadi?

– Gripp bu – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, zararlash va og‘ir intoksikatsiya bilan kechadi. Gripp asosan havo-tomchi mexanizmi bilan tarqaladigan kasallik. U sog‘lom kishilarga kasallik havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Kasallik atrofdagi sog‘lom odamlarga asosan havo-tomchi yo‘li bilan bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘lom odamni tezroq xastalaydi.

Joriy mavsum yurtimizda grippning tarqalish ko‘rsatkichi qanday?

– Ko‘pincha odamlar katta shaharlarda grippga duch kelishadi. Hozirgi vaqtda gripp bo‘yicha joriy epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda. 2023 2024-yillardagi epidemiya mavsumida gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha mavsumga xos holat kuzatilmoqda.

Kimlar xavf guruhiga kiradi?

– Gripp bilan kasallanish aholining har xil yoshlari orasida taqsimlanishiga kelsak, asosan yosh bolalar kasallanadi, faqat shuni aytib o‘tish kerakki, A virusining yangi turi keltirib chiqargan epidemiyada bolalar va katta yoshdagilar kasallanadi, ammo kasallanish darajasi farqi kamroq bo‘lishi mumkin.

Ko‘pincha quyidagi aholi guruhlari zarar ko‘radi:

  • homilador ayollar;
  • 6 oydan oshgan bolalar va nafas olish tizimi hamda yurak-qon tomir tizimining ayrim surunkali kasalliklari bo‘lgan kattalar;
  • 60 yoshdan oshgan shaxslar;
  • 6 oydan 59 oygacha bo‘lgan bolalar;
  • tibbiyot xodimlari;
  • mehribonlik uylari, qariyalar va nogironlar uchun “Saxovat” internat uylari, “Muruvvat” nogiron va nogiron bolalar internat uylari, bolalar maydonchalari, bolalar uylarida, shuningdek, bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida (maktab, maktab-internatlar) yashovchi shaxslar; jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lganlar.

– Gripp xastaligi kattalarda qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

– Gripp nafas yo‘llarining yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tarilishi, bosh va tomoq og‘rishi, burun bitishi, burundan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda og‘riq, holsizlik, ishtahaning buzilishi, ba’zi hollarda qusish holatlari kuzatiladi.

Aksar bemorlar bu kasallikni ko‘pincha oyoqda o‘tkazib yuboradi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

– Kasallikning dastlabki belgilari paydo bo‘lganda, ko‘p bemorlar tibbiy yordamga murojaat qilmaydi. Bunday bemorlarda, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimidan ko‘pincha asoratlar mavjud. Kasallik yanada og‘irlashadi. Bemorlar uzoqroq muddat davolanishiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: