«MYu» futbolchisidan shedevr, «Real» peshqadamlikka qaytdi. Kun o‘yinlari

Sport 14:39 / 27.11.2023 27718

Angliya: Emeri «Tottenhem»ni kuchli to‘rtlikdan chiqarib yubordi

«Tottenhem» – «Aston Villa» 1:2
Gollar:
1:0 – 22 Lo Chelso, 1:1 – 45 Pau Torres, 1:2 – 61 Uotkins.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Devis, Emerson, Udodji, Lo Chelso (Velis, 86), Bentankur (Heyberg, 32), Kulusevski, Son Hyon Min, Hil (Skipp, 71), Jonson.
«Aston Villa» – Martines, Kesh (Beyli, 46), Konsa, Diyego Karlos, Pau Torres, Din, Makginn (Remzi, 90), Kamara, Duglas Luis, Diabi (Tilemans, 46), Uotkins (Duran, 90).
Ogohlantirishlar: Kesh (27), Kamara (38), Makginn (41), Uotkins (82).

Londondagi o‘yin bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlandi — aniqrog‘i bir necha kun oldin vafot etgan, «Tottenhem» va butun ingliz futboli afsonasi Terri Veneybls olqishlandi. Hakamning o‘yin boshlanishi haqidagi hushtagi chalinishi bilan qatorasiga ikki o‘yinda yutqazgan «shporlar» aql bovar qilmas pressing uyushtirishdi. Bu darhol samara keltira olmadi, chunki yakkama-yakka vaziyatda paydo bo‘lgan himoyachi Udodjiga forvard fazilatlari yetishmadi, Kulushevskining zarbasi esa ustunga tegdi.

Angelos Posteko‘g‘li jamoasi tarkibdagi jiddiy yo‘qotishlarga qaramay kuchli ko‘rinardi. Safdan chiqqanlarning o‘zidan alohida jamoa tuzish mumkin, 30-daqiqada esa yetti oydan ortiq vaqt davolangan, fevral oyidan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Bentankur ham jarohat oldi. To‘g‘ri, urugvaylik futbolchi maydonni tark etishidan oldin «Tottenhem» Lo Chelsoning zarbasi evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi - bu ushbu argentinalik yarimhimoyachining APLda uch yil ichidagi ilk goli bo‘ldi. Ammo birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada «Villa» standart vaziyatdan hisobni tenglashtira oldi.

Shundan keyin o‘yin tabiati jiddiy o‘zgardi. Aniqrog‘i, «Tottenhem» vaziyatlarni ko‘kka sovurishda davom etdi, Unai Emeri jamoasining hujumlari esa xavfliroq tus ola boshladi. Yakunda birinchi bo‘limdagi goli ofsayd tufayli bekor qilingan Uotkins birminhemliklarni oldinga boshladi. Londonliklar esa barchasini omadsizlikka ag‘darishi mumkin, qolaversa, Sonning uch goli ofsayd tufayli inobatga olinmadi, lekin bu qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatni bekor qila olmaydi. Xuddi «Villa»ga kuchli to‘rtlikdagi o‘rin boy berilgani fakti kabi, birminghemliklar ochkolar soni bo‘yicha «Liverpul»ga yetib oldi.

«Everton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar:
0:1 – 3 Garnacho, 0:2 – 56, penalti Reshford, 0:3 – 75 Marsiyal.
«Everton» – Pikford, Yang (Patterson, 73), Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Harrison, Guyye, Dukure, Garner, Dobbin, Kelvert-Lyuin (Shermiti, 82), Maknil (Danjuma, 73).
«MYu» – Onana, Diogu Dalot, Maguayr, Lindelef, Shou (Uan-Bissaka, 76), Brunu Fernandesh, Maktominey, Maynu (Amrabat, 72), Garnacho (Pelistri, 72), Marsiyal (Mejbri, 84), Reshford.
Ogohlantirishlar: Yang (21), Dukure (29).

«MYu» yetakchilarga yetib olishiga hali bor, ammo «Everton» maydonidagi o‘yinni «qizil iblislar» juda kuchli boshlashdi. Garnacho Runi va Krishtianu Ronalduning eng yaxshi davrlardagi tryukini takrorlab, qaychi uslubida zarba berdi. Gol shu qadar chiroyli chiqdiki, argentinalik futbolchi uni Krish uslubida nishonlashga to‘la haqli edi. Qolaversa, portugaliyalik yulduz — Garnachoning kumiri. Bu zarba bo‘lim oxiriga qadar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida turdi va Onananing seyvlarini soya ostida qoldirdi.

Agar uning jonbozligi bo‘lmaganida «Yunayted» uchun barchasi qayg‘uli yakunlanishi mumkin edi. Ammo mehmonlar tanaffusga qadar chidab berishdi, tanaffusdan keyin esa penalti ishlashdi. Bu vaziyatda arbitr avvaliga simulyatsiya uchun Marsiyalni ogohlantirgandi, ammo VAR bunga qo‘shilmadi va Jon Bruksni monitorga taklif etdi. Bu hakamning fikrini o‘zgartirdi va o‘yin arafasida imijini o‘zgartirgan Reshford bu chempionatdagi ikkinchi golini yo‘lladi. Birinchi golini ko‘pchilik eslay olmasligi mumkin, chunki bu uch oycha oldin, 3 sentabr kuni ro‘y bergandi.

Shundan keyin «irislar» kurashni to‘xtatdi, mehmonlar esa shunchaki o‘yinni g‘alabali yakunga yetkazib qo‘yishi qolgandi. O‘yin yakunida Brunu Fernandeshning Marsiyalga nozik uzatmasi tufayli hisob yirik ko‘rinish oldi. Shu kuni yangi imijda ko‘rinish bergan Erik ten Hag jamoasi o‘yinidan rozi. «MYu» tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, jamoa oktyabr oyidan buyon olti o‘yindan beshtasida g‘alaba qozonib, ligadagi eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda, safar o‘yinlaridagi g‘alabali seriya esa to‘rt o‘yinga yetdi. Bundan tashqari, mankunianliklar «Brayton» va «Nyukasl»ni quvib o‘tib, oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ispaniya: Bellinghem fantastik tempda davom etmoqda

«Kadis» – «Real» 0:3
Gollar:
0:1 – 14 Rodrigo, 0:2 – 64 Rodrigo, 0:3 – 74 Bellinghem.
«Kadis» – Ledesma (Hil, 79), Saldua (Okampo, 79), Fali Ximenes, Xavi, Viktor Chust (Alexo, 66), Pires, Navarro (Machis, 57), Aleks Fernandes, Alkaras, Roxer Marti, Ramos (Maksi Gomes, 66).
«Real» – Lunin, Karvaxal (Fran Garsiya, 88), Nacho, Ryudiger, Mendi, Modrich (Seballos, 70), Kroos, Valverde (Pas, 88), Bellinghem (Vaskes, 78), Rodrigo (Gonsalo, 78), Hoselu.
Ogohlantirishlar: Valverde (3), Mendi (32), Alexo (67), Aleks Fernandes (70), Xavi (71), Ryudiger (84).

«Real»da bu o‘yindan oldin fors-major yuzaga keldi. Boshlang‘ich tarkibga kiritilgan Braim Diasning salomatligi yomonlashdi. Hujum chizig‘ida shoshilinch tanlov qilishi talab etilgan Karlo Anchelotti Rodrigoga ishonch bildirdi va adashmadi, braziliyalik futbolchi istiqbolli ko‘rinmagan vaziyatda shedevr ijro etdi. Forvard ikki himoyachi orasidan jarima maydoni ichiga otilib kirdi va keyin to‘pni «Kadis»ning yana ikki futbolchisidan o‘tkazib, to‘sin ostidan to‘rga joyladi.

Rodrigo faoliyatida ilk golli seriyasini (3) chiroyli davom ettirdi. Uning ikkinchi goli amalda o‘yinga nuqta qo‘ydi, lekin madridliklar to‘xtashni istamadi va kecha qahramoni kichik jarohatdan tuzalib safga qaytgan Bellinghemga assistentlik ham qildi. Mavsum startidagi samaradorligi bilan barchani hayratga solgan angliyalik futbolchi klasikodagi benefisidan keyingi bir oylik tanaffusni yakunlab, yana gol ura boshladi. Judning Madrid jamoasidagi gollari soni 14 taga yetdi — u o‘tgan mavsum Dortmundda jami shuncha gol urgandi. Va bu natijaga u «Real»dagi 15 o‘yinda erishdi va Ronalduning rekordini (15 o‘yinda 13 gol) yangiladi.

Hisob 3:0 ko‘rinishiga kelgach, Anchelotti 19 yoshli Gonsalo Garsiyaga asosiy jamoada debyut qilish imkonini berdi, faqat Modrichni almashtirishga to‘g‘ri kelgani uning kayfiyatini buzdi. Ammo asosiysi — «Real» yana birinchi va «Jirona» dushanba kungi o‘yinda qanday javob berishini kutadi.

Italiya: Tur o‘yinida durang va «Roma» ko‘tarilmoqda

«Yuventus» – «Inter» 1:1
Gollar:
1:0 – 27 Vlahovich, 1:1 – 33 Martines.
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo, Rugani, Bremer, Gatti, Aleks Sandro, Kostich, Rabio, Nikolussi-Kavilya (Lokatelli, 61), Makkenni, Kiyeza (Milik, 80), Vlahovich (Kin, 80).
«Inter» – Zommer, Dumfris (Kuadrado, 70), Darmian, de Vrey, Acherbi, Dimarko (Karlos Augusto, 70), Frattezi, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 83), Barella, Arnautovich, Tyuram, Martines.
Ogohlantirishlar: Kambiyazo (11), Kuadrado (75), Kostich (79).

Yakshanba kungi o‘yinda ko‘chilik Massimiliano Allegri va Simone Indzagi o‘rtasida navbatdagi zerikarli shaxmat partiyasi bo‘lishiga shubha qilmayotgandi. Ammo birinchi bo‘limda jamoalar yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etib berishdi. Pressing, kontrpressing, jamoaviy qayta tuzilishlar, bosimdan chiqish — «Yuventus» va «Inter» grossmeysterlarga xos master-klass o‘tib berishdi.

Bunday qarama-qarshilikda urilgan gollar — alohida san’at asariga aylandi. Birinchi golda Vlahovich va Kiyeza bir-birini telepatik tarzda tushunishini ko‘rsatib berdi, serbiyalik hujumchi maydon markazida to‘pni egallab olib, burilayotib qaramasdan bo‘sh hududga to‘p uzatdi va javob uzatmasi qachon va qayerga berilishini bilgan holda oldinga chopdi. «Inter»ning javob goli darvozabon Zommer boshlab bergan kombinatsiyada urildi. Mehmonlar himoyadan chiqish borasida dars o‘tib berishdi va uchinchi uzatmadan keyin turinliklar devori qulab, Lautaro Martines hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida o‘zining afsonaviy otasi Lilian ko‘z o‘ngida o‘ynagan Markus Tyuramda juda qulay vaziyat yuzaga keldi, ammo u Barellaning uzatmasini darvozaga to‘g‘rilab yubora olmadi. Shundan keyin o‘yinda golli vaziyatlar tugadi — ikki jamoa ham mag‘lubiyatdan ko‘ra durangni afzal ko‘rishi bilinib qoldi.

Follar, bahslar, to‘qnashuvlar, pauzalar... Ikkinchi bo‘limda biyankonerilarning sobiq vakili Kuadrado zaxiradan maydonga tushishi hissiyotlarni yanada oshirdi. Uni hushtakbozliklar bilan qarshi olishdi, kolumbiyalikka sariq kartochka ko‘rsatilganida esa tribunadagilar buni gol urilgandek nishonlashdi. Lekin golning o‘zi bo‘lmadi va bu mantiqiy ham edi. Ikki tomon ham o‘z qo‘lidagi ochkoni saqlab qoldi. Chempionatning birinchi va ikkinchi o‘rinlaridagi jamoalar o‘rtasidagi farq ikki ochkoligicha qoldi, skudetto uchun kurash davom etadi. Eng qiziqarlisi hali oldinda.

«Roma» – «Udineze» 3:1
Gollar:
1:0 – 20 Manchini, 1:1 – 57 Toven, 2:1 – 81 Dibala, 3:1 – 90 Al-Sha’roviy.
«Roma» – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Zalevski, 77), Liorente, Manchini, Ndika, Spinatssola (Al-Sha’roviy, 63), Paredes (Bove, 77), Kristante, Pellegrini (Ozmun, 63), Dibala (Kristensen, 83), Lukaku.
«Udineze» – Silvestri, Ebosele, Biyol, Peres, Joau Ferreyra (Kabasele, 79), Zemura (Kamara, 83), Uolas, Payyero, Samarjich (Lovrich, 69), Toven (Lukka, 79), Saksess.
Ogohlantirishlar: Joau Ferreyra (19), Samarjich (26), Saksess (27), Pellegrini (33).

«Roma» shanba kungi o‘yinlarda «Atalanta» va «Fiorentina» mag‘lubiyatga uchraganidan foydalanib qoldi. Lekin barchasi silliq kechgani yo‘q, birinchi bo‘limdagi ustunlikdan keyin «bo‘rilar» bo‘shashdi va «zebralar»ga javob golini urishga imkon berishdi. Barchasini yana qaytadan boshlashga to‘g‘ri keldi va Ozmun juda qulay vaziyatdan foydalana olmagan bo‘lsa-da, Dibala Lukakuning uzatmasidan keyin g‘alaba golini urdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa belgiyalik hujumchi Al-Sha’roviyning golida ham asosiy ishni bajardi.

Kun statistikasi

  • «Loryan» hujumchisi Krupi 4 gol urdi. U top-5 ligalarda 18 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida samaradorlik bo‘yicha faqat «PSJ» havbeki Zaira-Emeridan ortda.
  • «Sassuolo» himoyachisi Tolyanning bu mavsumdagi golli uzatmalari soni 5 taga yetdi. Top-5 ligalarda faqat «Nyukasl» vakili Trippiyer (6) undan oldinda.
  • 8:0 — «Sporting»ning 1988/89 yillar mavsumidan buyon eng yirik g‘alabasi. O‘shanda lissabonliklar — yana Portugaliya Kubogida — 11:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
  • Bellinghem «Real» safida dastlabki 15 o‘yinida 14 ta gol urib, Di Stefano (13) va Ronalduni (13) ortda qoldirdi. 
  • Lautaro Martines A seriyada joriy yil boshidan buyon 27 gol urdi. U «Inter»da Diyego Milito va Kristian Viyeriga tegishli bo‘lib turgan rekordni takrorlashi uchun yana bitta gol qoldi.
Ko‘proq yangiliklar: