JCh-2023da gol o‘tkazmagan yagona jamoa. O‘zbekiston Fransiyaga qarshi o‘yinda tarixni yangilay oladimi?

Sport 12:21 / 25.11.2023 27530

Jamoalar JCh-2023ga qanday yo‘l olgandi?

Jaloliddin Rahmatullayev murabbiyligidagi o‘smirlarimiz yozda Tailandda o‘tgan Osiyo kubogi U17 bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, JCh-2023ga yo‘llanma olgandi. O‘zbekiston D guruhida Yaponiya bilan 7 ochkodan jamg‘arib, chorakfinalda Saudiya Arabistonini mag‘lub (2:0) etgan holda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Vakillarimiz yarimfinalda koreyslarga yutqazgan (0:1) bo‘lsa, Yaponiya finalda Janubiy Koreyani mag‘lub (3:0) etib, turnirga Osiyo chempioni sifatida borgandi. Hozirga kelib esa Osiyoda o‘tayotgan turnirda osiyoliklardan faqat O‘zbekiston qoldi.

Jan Lyuk Vannuki qo‘l ostidagi Fransiya o‘smirlar jamoasi esa JCh-2023ga Yevropa vitse-chempioni sifatida kelgan. Fransuzlar yozda o‘tgan U17 Yevropa chempionati yarimfinalida Ispaniyani 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, finalda Germaniya bilan 0:0 hisobni qayd etgan va penaltilar seriyasida mag‘lub (4:5) bo‘lib, qit’a chempionligini qo‘lga kirita olmagandi.

Chorakfinalgacha bosilgan yo‘l

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi jahon chempionatini Malidan uchralgan yirik mag‘lubiyat (0:3) bilan boshlagach, Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlarining turnirga «sayyoh» sifatida kelgani haqida gapirganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo ular 2-turda Kanada ustidan yirik hisobda zafar quchgach (3:0), o‘smirlarimizning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi oshdi. 3-turda esa Ispaniya bilan tengma-teng kurashda jangovar durang qayd etilgach, pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Nimchorakfinalda barcha Angliyani favorit sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston futbol vatani bo‘lgan mamlakatni uyiga ravona (2:1) qilib, Fransiyaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.

Kelajak yulduzlari fabrikasi sifatida e’tirof etiladigan Fransiya U17 jamoasi esa guruh bosqichida Burkina-Faso (3:0), Janubiy Koreya (1:0), AQSh (3:0) o‘smirlarini mag‘lub etib, pley-offga yuz foizlik natija bilan chiqdi. Nimchorakfinalda esa Senegal ustidan penaltilar seriyasida (0:0, 5:3) ustun kelib, O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Fransiya bu turnirda hali darvozasidan gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa bo‘lib turibdi.

FIFA o‘z xatosini xaspo‘shlab, Fransiyani ayadi

O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldidan Fransiya JCh-2023dagi asosiy mojaro ishtirokchisi bo‘lib qoldi. Senegal 1/8 finalda penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, turnirni tark etgan bo‘lsa-da, Fransiyaning ham chorakfinalda o‘ynashiga qarshi chiqib, fransuzlar hujumchisi Yannis Issufuning JCh-2023 Afrika saralash bahsi doirasida Niger o‘smirlar jamoasi safida maydonga tushganini FIFA reglamentining qo‘pol tarzda buzilishi deya shikoyat yozdi. Sababi FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchining bir turnirda ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Shundan kelib chiqilsa, FIFA reglamentiga binoan Fransiya turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi lozim edi. Shu bilan birga bu – Yannisni turnir «zayavka»sidan o‘tkazgan FIFAning ham yo‘l qo‘ygan xatosi edi.

Qizig‘i, 22 noyabr kuni FIFAga yo‘llagan apellyatsiyasida turnirda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib olgani va turnirda ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun Fransiyaning JCh-2023dan diskvalifikatsiya qilinishini qat’iy so‘ragan Senegal futbol federatsiyasi bir kun o‘tib, FIFA bilan maslahatlashuvdan so‘ng apellyatsiyasini qaytarishini ma’lum qildi. Shu tariqa, Fransiya va FIFA mojaroni «tinchitishdi».

Raqib murabbiyi nima deydi?

Fransiya U17 jamoasi bosh murabbiyi Jan Lyuk Vannuki O‘zbekistonning o‘yinidan xabardor emasligini, ammo Angliyani mag‘lub etgan jamoa kuchli bo‘lishini aytib o‘tdi.

«Ochig‘ini aytsak, O‘zbekiston qanday o‘yinashini bilmaymiz. Bu raqib – biz uchun yangicha jamoa sanaladi. Ammo O‘zbekiston Angliyani mag‘lub etgan ekan, bu ularning kuchli jamoa ekanini ko‘rsatadi. Ularni o‘rganayapmiz», - deydi fransuzlar ustozi.

Qayd etish joiz, o‘tgan o‘yinda qizil kartochka ko‘rsatilgani bois Jamoliddin Rahmatullayev uchrashuvni tribunadan tomosha qiladi. O‘smirlarimizni Osiyo va jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishida Rahmatullayevga maslahatchi sifatida yordam bergan delegatsiya rahbari Usmon Toshev yoki yordamchi murabbiylar Sobir Usmonxo‘jayev va Anvar Rahimov hal qiluvchi o‘yinda jamoani boshqarishi mumkin.

Tarix yangilanadimi?

Indoneziyadagi mundial O‘zbekiston uchun o‘smirlar o‘rtasidagi 3-jahon chempionatidir. Vakillarimiz ilk marta – 2011 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan. O‘shanda Aleksey Yevstafeyev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Meksikadagi turnirda futbolimiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishgandi. Abbosbek Maxstaliyev va Temur Hakimov yetakchiligidagi o‘smirlarimiz porlagan musobaqada Yevstafeyev shogirdlari chorakfinalgacha yetib borgandi.

Oradan ikki yil o‘tib, Dilshod Nuraliyev murabbiyligidagi o‘smirlar jamoasi Osiyo chempioni sifatida BAAdagi JCh-2013ga yo‘llanma olgandi. Otabek Shukurov, Dostonbek Hamdamov, Rustam Ashurmatov, Jamshid Boltaboyev, Javohir Siddiqov singari o‘yinchilar kashf etilgan turnirning guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan Nuraliyev shogirdlari, nimchorakfinalda kutilmaganda Hondurasga mag‘lubiyatga (0:1) uchrab, turnir bilan xayrlashgandi.

Orada o‘smirlar o‘rtasidagi so‘nggi 3ta jahon chempionatiga (JCh-2021 o‘tkazilmagan) yo‘llanma ololmagan vakillarimiz, 10 yil o‘tib Jaloliddin Rahmatullayev boshqaruvida mundialga chiqishdi. Uchinchi urinishda Rahmatullayev jamoasi Yevstafeyev shogirdlari qayd etgan eng yaxshi natijamizni yaxshilashga urinib ko‘radi. Tarixni yangilash uchun esa eng avvalo Fransiya mag‘lub etilishi lozim. Ispaniya va Angliyaga qarshi o‘yinlar orqali turnirda shov-shuv ko‘targan o‘smirlarimiz bu bahsda yevropalik skautlar e’tiborida bo‘lishi tabiiy. Shunday ekan, bu jamoaning tarix zarvaraqlaridan o‘rin olishini butun O‘zbekiston kutmoqda.

U17 jahon chempionati. 1/4 final.

25 noyabr (shanba)

Fransiya U17 – O‘zbekiston U17

O‘yin boshlanish vaqti: 13:30

Stadion: «Manahan», Surakarta.

TV-translatsiya: «Sport».

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: