APLda peshqadamlar jangi, «Barsa»da qiyin safar. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:14 / 25.11.2023 20229

Muxlislarni bu hafta ko‘plab qiziq uchrashuvlar kutmoqda.

Nihoyat milliy jamoalar bahorgacha tanaffusga chiqishdi va biz qariyb besh oy mobaynida, deyarli tanaffussiz klublar o‘rtasidagi ajoyib bahslar guvohi bo‘lamiz. Boshlanishidan dahshat, birato‘la ikki chempionatda jadvalni boshqarib turgan jamoalar o‘zaro kuch sinashadi. Yana boshqa qiziqarli bahslar shunchalik ko‘pki, bu safar alohida beshtasini ajratib olish ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Shubhasiz, quyidagi o‘yinlardan tashqari, «Jirona»ning navbatdagi imtihoni, «Tottenhem» va «Aston Villa» o‘rtasidagi «sun’iy ofsaydlar derbisi» ham katta qiziqish uyg‘otadi.

«MANCheSTeR SITI» – «LIVeRPUL» (25 noyabr, 17:30)

Bemalol aytish mumkinki, so‘nggi yillarda ushbu to‘qnashuv ingliz futboli klassikasi aylanib bormoqda. To‘g‘ri, masalan, «Arsenal» ham o‘tgan mavsumda «shaharliklar»ga munosib raqobat ko‘rsata oldi, ammo o‘zaro o‘yinlarni olganimizda, aynan «Liverpul» «Manchester Siti»ga har tomonlama munosib bo‘la olmoqda. Hatto Pep Gvardiola ham o‘z murabbiylik faoliyatida eng qiyin uchrashuvlar aynan Yurgen Klopp jamoasi bilan kechganini ko‘p bor takrorlaydi.

Bu safar o‘rtaga turnir jadvalidagi pozitsiya ham tikilgan, ushbu uchrashuv g‘olibi turni peshqadam sifatida yakunlaydi. Durang esa «Arsenal» 1-o‘ringa chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Klublar futboliga bo‘lgan ikki haftalik sog‘inch mana shunday katta o‘yin bilan boshlanishi ajoyib. Shuningdek, o‘yinni nafaqat ikki buyuk murabbiy, ikki buyuk goleador o‘rtasidagi duel sifatida ham baholash mumkin. Erling Holand qatorasiga ikkinchi mavsum to‘purarlar bahsida yetakchilik qilmoqda, Saloh esa, joriy mavsumda APLda eng ko‘p xavfli vaziyat yaratgan futbolchi bo‘lib turibdi. Muhimi, Holandga jamoadoshlari yana qulay vaziyatlar yaratib berishi, Salohning sheriklari esa, uni quvvatlab, yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishi kerak bo‘ladi. Ayniqsa, Nunez.

Tarkiblar borasida noaniqliklar ko‘p, agar so‘nggi turlarni eslasak, hatto Holandda ham kichik jarohat bo‘lib, milliy jamoalar o‘yinlarida ishtirok etmadi. Ammo so‘nggi xabarlarga ko‘ra, norvegiyalik futbolchi o‘yinga tayyor bo‘lishi kerak. Kevin de Bryuyne, Kovachich kabi futbolchilar safga qaytishiga biroz vaqt bor, Ake, Nunesh va Stounz esa maydonga tushishi so‘roq ostida. Mehmonlar safida Roberson, Jons, Gomes, Bayjyetich, Alkantara kabi futbolchilar sheriklariga yordam bera olmaydi. Tabiiyki, o‘yin milliy jamoalar yig‘inlaridan so‘ng o‘tayotgani bois, bir qator syurprizlar bo‘lishi ham mumkin, ya’ni bazaga kim qanday sport formasida qaytganini to‘liq bilmaymiz.

O‘tgan mavsumdagi birinchi davra uchrashuvi «Enfild»da mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan. Bahordagi uchrashuvda esa «Siti» kutilmaganda ancha osonlik bilan uch ochko egasiga aylangandi – 4:1. Liga kubogi yoki Chempionlar Ligasi kabi musobaqalarda «Liverpul» «Etihad»da g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan bo‘lsa-da, aynan APL doirasida safardagi oxirgi g‘alaba sakkiz yil oldin, 21 noyabrda (4:1) sodir bo‘lgandi. Esingizda bo‘lsa, bu Yurgen Kloppning «Liverpul» bosh murabbiyi sifatida «Siti»ga qarshi ilk o‘yini edi.  

«RAYO VALeKANO» – «BARSeLONA» (25 noyabr, 18:00)

25 noyabr kuni «Barselona» Ispaniya chempionatining 14-turi doirasida «Rayo Valekano» mehmoni bo‘ladi. Kataloniyaliklar va madridliklar o‘yini «Kampo de Valekas» stadionida o‘tkaziladi.

«Asalilar» uchun noyabr sinov oyi bo‘lmoqda: «Real», «Jirona» va «Barselona». Fransisko shogirdlari birinchi sinovdan yaxshi o‘tgan va «Santiyago Bernabeu»da ochko olgandi (0:0). Chempionat peshqadami darvozasiga esa 5-daqiqadayoq gol urilgandi, ammo ustunlikni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagandi: 42-daqiqada Artyom Dovbik muvozanatni tiklagan, Savioning 65-daqiqadagi aniq zarbasi jironaliklarga g‘alaba keltirgandi.

Endi «Rayo»ni amaldagi chempionga qarshi o‘ynaydi, ammo bu o‘yindan oldin ko‘proq ko‘k-anorranglilar xavotirda. Kataloniyaliklarni oson bo‘lmagan safar o‘yini kutmoqda — ular la liga doirasida «Kampo de Valekas»da so‘nggi bor besh yil muqaddam, klubda hali Luis Suares borligida g‘alaba qozongandi. Aynan urugvaylik hujumchining dubli «Barsa»ga uch ochko keltirgan, forvard hal qiluvchi golni 90-daqiqada urgandi (2:3). Asosiy vaqt tugashiga uch daqiqa qolayotganida ham mehmonlar ortda qolayotgan, 87-daqiqada Usmon Dembele hisobni tenglashtirgandi.

Keyingi ikki mavsumni «asalarilar» segundada o‘tkazishdi, la ligaga qaytgach esa «blaugranlar»ni uyda ikki marta mag‘lub etishdi (1:0 va 2:1). Bundan tashqari, safarda ham yutqazmadi — «Kamp Nou»da bir g‘alaba (1:0) va bir durangga (0:0) erishgan.

Bularning bariga qo‘shimcha ravishda tanaffus chog‘ida Xavi asosiy tarkibning yana ikki futbolchisidan ayrildi: Gavi tizzasidan og‘ir jarohat oldi va mavsum oxirigacha safdan chiqdi, Mark-Andre ter Shtegen belidagi og‘riq tufayli Germaniya milliy jamoasi qarorgohini erta tark etgan va hamon mashg‘ulotlarga qaytmagan. Yaxshi xabarlar ham bor: Frenki de Yong shug‘ullanishni boshlagan, u jarohat tufayli ikki yarim oydan beri maydonga tushmayotgandi. Niderlandiyalik yarimhimoyachi «Rayo»ga qarshi o‘ynashi mumkin, ammo ilk daqiqadan maydonda paydo bo‘lishi dargumon.

«NYuKASL» – «CheLSI» (25 noyabr, 20:00)

Har ikki jamoa ham aslida turnir jadvalida kutilganidan pastroq o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, o‘yinning tomoshabopligi, ayniqsa, katta uchrashuvlardagi natijalar bo‘yicha e’tiborga arziydi. «Nyukasl» yaqinda «Arsenal» ustidan g‘alabaga erishdi, «Chelsi» esa «Siti» bilan mavsumning eng zo‘r uchrashuvlaridan (4:4) birini o‘tkazdi. Tabiiyki, yuqori o‘rinlar uchun da’vogar bu ikki klub «Sent Jyeyms Park»da ajoyib tomosha qo‘yib beradi.

Jamoalardagi yana bir o‘xshashlik, pressingni qadriyat darajasiga chiqargan murabbiylar. Eddi Hauning eng asosiy quroli ham, jamoaga natija olib kelayotgan eng muhim jihati ham – pressing. Pochettino esa, biz uni taniganimizdan buyon mana shu yo‘nalishda ish olib boradi. «Chelsi» ham mustasno emas.

Ammo har ikki tomondagi jarohatlar to‘liq kuch bilan o‘ynashga xalaqit berishi mumkin. Ayniqsa, «Nyukasl» hozirda bu borada eng ko‘p aziyat chekayotgan klubdir. Tarkibda o‘nga yaqin futbolchi lazaretda va bemalol aytish mumkinki, ularning aksariyati asosiy tarkibning doimiy a’zosi edi. Asosiy hujumchilar Uilson va Isaak, himoya yetakchilari Botman va Bern, yana Barns va Myorfisiz «qarg‘alar»ning haqiqiy kuchini ko‘rish qiyin. Migel Almironning jarohati haqida xabarlar chiqmagan bo‘lsa-da, so‘nggi turda u ham birinchi bo‘limda majburan almashtirilgandi. Mehmonlar safida ham yo‘qotishlar kam emas, farqi, aksariyat jarohatlar mavsum boshida ro‘y bergandi va Pochettino mavjud futbolchilardan o‘yin qurib, o‘stirishga ham erishib bo‘ldi. So‘nggi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatayotgan Palmer, Sterling, Gallaher va Jyekson kabi futbolchilar uchrashuvga tayyor.

O‘zaro o‘yinlarda «Chelsi»da ustunlik bor, ammo o‘tgan mavsumda «Nyukasl» kuchlilik qildi. «Qarg‘alar» o‘z maydonida 1:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, Londondagi uchrashuvda kuchlar teng kelgandi – 1:1. Jamoalar yozda ham o‘rtoqlik o‘yinida kuch sinashishdi va bu safar ham shunday hisobdagi durang takrorlandi. Joriy mavsumda «Nyukasl» o‘z maydonidagi 6 uchrashuvdan 5 tasini o‘z foydasiga hal qildi. Faqatgina «Liverpul» bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani boy bergandi. O‘z navbatida, «Chelsi» safar o‘yinlarini juda yaxshi o‘tkazmoqda. Pochettino shogirdlari faqatgina bir marta, mavsumning ilk safar o‘yinida «Vest Hem»ga yutqazgandi, xolos.

Darvoqe, kelasi oyda ham jamoalar aynan shu stadionda, Liga kubogi yarim finalchisini aniqlash uchun kuch sinashishadi.

«ATALANTA» – «NAPOLI» (25 noyabr, 22:00)

Kutilganidek, «Napoli» nihoyat bosh murabbiyni almashtirdi. O‘n yillik tanaffusdan so‘ng Valter Madzarri yana jamoani qabul qilib oldi. Albatta, o‘tgan mavsumdagi natijalarni takrorlash juda qiyin, ammo hech bo‘lmasa, chempionlik poygasiga qo‘shilib, xalqaro maydondagi e’tiborni saqlab qolish shart. Eng qizig‘i, yangi murabbiy aynan mana shu masalalar uchun eng hal qiluvchi pallada keldi va keyingi ikki hafta katta sinov davri bo‘ladi.

«Napoli» A seriyada keyingi uch turni «Atalanta», «Inter» va «Yuventus»ga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinlarda g‘alaba qozonib, peshqadamlar bilan oradagi 8-10 ochkolik farqni imkon qadar qisqartirish kerak. Mana shu orada Chempionlar Ligasida ham muhim uchrashuvlar kutib turibdi: Madridda «Real» bilan va Neapolda «Braga» bilan. Ayniqsa, Berlin jamoasi bilan kutilmagan durang vaziyatni sal qiyinlashtirib qo‘ydi va buning oqibatida «Braga» bilan o‘yin hal qiluvchi maqomda bo‘lishi ham mumkin.

«Atalanta» esa, albatta, ikki-uch yil oldingidek barqaror emas, lekin Gasperini har qanday sharoitda katta uchrashuvlarga shogirdlarini tayyorlashni biladi. Jamoa «Yuventus» bilan durang o‘ynadi, «Inter»ga qarshi o‘yin minimal hisobda milanliklar foydasiga hal bo‘ldi. «Napoli» bilan o‘zaro uchrashuvlarda ham oxirgi 10 yilda mutlaq tenglik – har ikki tomonda ham 12 tadan g‘alaba.

Tarkiblarga kelsak, mehmonlarning yo‘qotishlari jiddiyroq. Osimhen hali to‘liq tiklanib ulgurmadi, Zelinskida virus paydo bo‘lgani haqida xabarlar chiqdi. Shuningdek, Mariu Ruy va Lindstrem kelasi oy o‘rtalaridagina maydonga tushishi mumkin. Bergamoliklar jamoasida esa, Martin de Ronning o‘rni hammadan ko‘proq bilinsa kerak. U sariq kartochkalari ko‘payib ketgani tufayli diskvalifikatsiyaga uchragan. Shuningdek, De Katelare va Rudjyerida jarohat bor.

«ReAL SOSIYeDAD» – «SeVILYa» (26 noyabr, 20:15)

Mavsum boshidan «Bayyer», «Tottenhem» va «Jirona» kabi jamoalar ko‘rsatayotgan o‘yinlar haqida ko‘p aytildi, ammo bilasizmi, biroz soyada qolayotgan yana bir jamoa bor – «Real Sosiyedad». Basklarning la liga turnir jadvalida biroz pastroqda borayotgani biroz chalg‘itar, ammo agar Chempionlar ligasini ham kuzatayotgan bo‘lsangiz, sosiyedadliklarning aynan hujumkorlik borasida raqiblaridan ustunlik qilayotganini ko‘rasiz.

Aslida Ispaniyada ham ishlar u qadar yomon emas. Jamoa faqat uch marta

mag‘lubiyatga uchradi. «Atletiko», «Real» va «Barselona»dan. Va bu o‘yinlarning barchasida «Sosiyedad» kamida ochko olishga haqli o‘yin namoyish qila olgandi. «Atletiko» g‘alaba golini faqat so‘nggi daqiqada penaltidan urdi. «Real» o‘z an’anasiga ko‘ra irodali g‘alabaga erishdi. «Barselona» bilan uchrashuvda esa, butun o‘yin davomida «Sosiyedad» ustunlik qilgan, faqat so‘nggi daqiqalardagi gol kataloniyaliklarga uch ochko olib kelgandi. «Sosiyedad» YeChL pley-off masalasini muddatidan oldin hal qildi, Ispaniyada ham to‘rtlikka eng munosib nomzod bo‘lib turibdi.

Shuncha gap, tabiiyki, jadvalning ikkinchi yarmida yurgan mehmonlarda hech qanday imkoniyat qoldirmaslik uchun yozilmadi. «Sevilya»ni ham yaxshi taniymiz. Qaysi murabbiy qo‘l ostida, qanday vaziyatda bo‘lishidan qat’i nazar, alohida uchrashuvda juda kuchli bo‘la olishini o‘tgan mavsumdagi Yevropa Ligasi ham isbotlab bergandi. Yaqindagina jamoa «Real» bilan durang o‘ynagani ham yaqqol misol. Umuman, «Sevilya» la ligadagi oxirgi besh uchrashuvini durang bilan yakunladi. Ba’zi o‘yinlarda vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olmagani, tabiiyki, jamoa ikki frontda kurash olib borayotgani bilan bog‘liq. Tarkibda Rakitich, Navas, Ramos, An-Nosiriy, Okampos, Lamela, Suso, Akunya kabi futbolchilari bor jamoani biror raqibga qarshi yaqqol autsayder deb atashga til ham bormaydi.

Har ikki jamoada ham juda muhim ikki nom maydonga tusha olmaydi. Mikel Oyarsabalsiz «Sosiyedad»ni tasavvur qilish ham qiyin, ammo ushbu uchrashuvda buning guvohi bo‘lamiz. Mehmonlar safida esa Nemanya Gudelni haqiqiy motor deyish mumkin. Serbiyalik futbolchi diskvalifikatsiya tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

«YuVeNTUS» – «INTeR» (27 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Dam olish kunlarini yana bir supermatch yakunlab beradi. «Yuventus» yana o‘ziga qaytgandek va biz Italiya futbolidagi azaliy to‘qnashuvni yangi ijrochilar bilan qaytadan yashaymiz. Bu o‘yin ham xuddi Angliyadagi markaziy uchrashuv singari, turni peshqadam sifatida yakunlaydigan jamoani aniqlab beradi. Aslida so‘nggi haftalar qiziq tendensiya kuzatilayotgandi – o‘z o‘yinini ertaroq o‘tkazayotgan turinliklar peshqadam bo‘lib olar, keyin «Inter» o‘z o‘yiini yutib, o‘rniga qaytib olayotgandi. «Yuventus» uzoq tanaffusdan so‘ng nihoyat A seriya turnir jadvalida haqiqiy 1-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin. Buning uchun mezbonlar g‘alaba qozonishi shart.

Har ikki jamoa ham ajoyib formada. «Inter» ham, «Yuventus» ham chempionatdagi so‘nggi besh uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. «Inter» bu o‘yinlarda atigi 2 marta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, «Yuventus» Sassuolodagi 2:4 hisobidan keyingi 7 o‘yinda atigi bir marta gol o‘tkazgan. «Inter» A seriyada eng ko‘p gol urgan bo‘lsa (29-6), «Yuventus» eng ko‘p – 8 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olgan (19-7).

Manuel Lokatellining jarohati mezbonlarga ancha qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin. Lokatelli «Yuventus» safida ushbu mavsumda shubhasiz, eng yaxshilardan bo‘lib turibdi, ayniqsa, uning pressing va himoyalanishdagi harakatlari aynan «Inter» kabi raqiblarga qarshi juda qo‘l kelishi mumkin edi. Shuningdek, Daniloning mashg‘ulotlarga qaytgani aytilayotgan bo‘lsa-da, ushbu o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lolmasa kerak. «Inter» himoyachilar – Bastoni va Pavarning yordamidan foydalana olmaydi. Bundan tashqari, Xuan Kuardado ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi so‘roq ostida.

BOShQA O‘YINLAR

25 noyabr. «BORUSSIYa» D – «Borussiya» M (19:30), «Verder» – «BAYYeR» (19:30), «Brentford» – «ARSeNAL» (22:30), «MILAN» – «Fiorentina» (26 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), «ATLeTIKO» – «Malliorka» (26 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

26 noyabr. «TOTTeNHEM» – «Aston Villa» (19:00), «Everton» – «MYu» (21:30), «Kadis» – «ReAL» (22:30), «ROMA» – «Udineze» (22:00)

Ko‘proq yangiliklar: