“5 soat qoidasi” – ish va shaxsiy hayotdan ortib, o‘qish va o‘rganishga vaqt topish mumkinmi?

Jamiyat 10:10 / 25.11.2023 23379

Agar kun bo‘yi ishlab, qattiq mehnat qilib o‘zingiz kutgandek muvaffaqiyatga erishmayotganingizni sezayotgan bo‘lsangiz, siz yolg‘iz emassiz. Bu ko‘pchilik sezadigan yoqimsiz his. Vaqtingizdan shaxsiy rivojlanish uchun chegirib qolishga “5 soat qoidasi” yordam bera olishi mumkin.

Kunimizni qanday sarflaymiz?

Dunyo bo‘yicha insonlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,4 yoshni tashkil qiladi. Bu degani bir odamda o‘rtacha 26 ming 808,7 kun borligini anglatadi.

Insonlar umrining uchdan bir qismini uxlab o‘tkazadi. Lekin bu me’yor ham davlatlarga ko‘ra farqlanadi. Masalan, yaponlar tunda 6,5 soat uxlasa, niderlandlar 8 soatdan ko‘p tungi vaqtni uyquga bag‘ishlaydi. AQShda ham 35 foiz odam 7 soatdan kamroq uxlashi aniqlangan.

Xo‘sh, agar biz sutkasiga 7 soat vaqtimizni uxlab o‘tkazsak, qolgan 16 soat vaqtni nimalarga sarflaymiz?

Ko‘pchilikning asosiy vaqti asosan, ishda o‘tadi, albatta. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, AQSh, Germaniya va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarda odamlar yiliga 1,7 ming soat vaqtini haq to‘lanadigan ishlarga sarflaydi. Bu yiliga o‘rtacha 70 kun (365 kundan) deganidir.

Qolgan vaqtni uy-ro‘zg‘or ishlari, o‘zimizni parvarish qilish (yuvinish, ovqatlanish) va televizor ko‘rish, sport mashg‘ulotlariga qatnashish yoki sport o‘yinlarini tomosha qilish kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga sarflaymiz.

Albatta, hamma o‘z vaqtini shaxsiy manfaatlari va qiziqishlariga qarab taqsimlaydi. Bunda ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi balansni his qilgan holda vaqtni rejalashtirish ham muhim. Lekin hamma ishning orasida shaxsiy rivojlanishni ham unutib qo‘ymaslik kerak. Xo‘sh, shaxsiy rivojlanish uchun vaqtni qayerdan topamiz?

Ishdan keyin yana boshqa ish qilib tinib-tinchimay ham yangi narsa o‘rgana olmayotgan, shaxsiy rivojlanmayapman deb hisoblayotgan odam uchun “5 soat qoidasi” mos keladi.

Bu qoidaga ko‘ra, kuniga bir soatni, haftasiga esa kamida 5 soatni nimadir yangi narsa o‘rganib, rivojlanishga sarflashi lozim. Bir kun uchun bir soat kam ko‘rinishi mumkin, lekin har hafta 5 soatni doimiy o‘qish va o‘rganishga sarflash orqali individual tarzda ko‘p narsani o‘zlashtirib olish mumkin.

Vaqtni qanday taqsimlash kerak?

Garchi bir sutkaga soat qo‘shib olishning iloji bo‘lmasa ham, vaqtni to‘g‘ri sarflash orqali undan o‘z haqqingizni olib qolishingiz mumkin. Tadbirkor va yozuvchi Maykl Simmons tomonidan ommalashtirilgan “5 soat qoidasi” bunda yordam bera olishi mumkin. U 3 ta bosqichni o‘z ichiga oladi.

1-bosqich – o‘qish

Topib aytilganidek, "Biz nimani o‘qisak — o‘shamiz". Statistik ma’lumotga ko‘ra, muvaffaqiyatli biznes egalarining 60 foizi haftasiga bitta kitob o‘qiydi. 20 foizi esa haftada bittadan ham ko‘p kitob mutolaa qiladi. Mutolaani kundalik odatga aylantirish miyani kerakli bilim bilan to‘ldirishdagi eng birinchi qadamdir. Demak, siz kuniga bir soatni o‘qish va o‘rganishga ajratasiz.

Odatiy qog‘oz kitoblarni, hatto elektron variantdagi kitoblarni o‘qishni yoqtirmaydigan odamlar ham ko‘p. Ular uchun audiokitoblar, onlayn kurslar yaxshi variant bo‘la olishi mumkin.

2-bosqich – "hazm qilish"

Ma’lumotlar ko‘p va ularni o‘qigach, shunchaki birdaniga keyingisiga o‘tib ketishdan oldin fikr yuritib, biroz tanaffus qilib hazm qilib olish zarur. O‘rganilgan narsalar va qilgan harakatlarni tahlil qilish odamni keyingi harakatlarida kamroq xato qilishiga yordam berishi mumkin.

2014 yilda Texas universitetida o‘tkazilgan tadqiqot ham ruhiy, dam olish va mulohaza yuritish o‘zlashtirishni yaxshilashini aniqlagan. Masalan, kuniga 5-10 daqiqani o‘ylab olishga ajratish mumkin.

3-bosqich – amalda qo‘llab qo‘rish

O‘rganilgan narsani amaliyotda ishlatib ko‘rish, u o‘z sohangizda sizga foyda ko‘rishga qanday yordam berishini real hayotda eksperiment qilib ko‘rish – “5 soat qoidasi”ning oxirgi bosqichi hisoblanadi.

O‘qigan va o‘rgangan narsangizdan motivatsiya olib xayolingizga kelgan yangi g‘oyalarni ishlatib ko‘ring. Bu faqatgina aniq foyda keltirishini his qilish shartmas. Ko‘proq fikr yuritib, amalda qo‘llashga harakat qilish muammolarga yangicha yechim topish va boshqa nuqayi nazardan qarashni o‘rganishga ham yordam berishi mumkin.

5 soat qoidasi”ga amal qiluvchi dunyoning mashhur insonlari

Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts yiliga 50 ta kitob o‘qiydi. Alibaba Group asoschisi Jyek Ma ham doimiy o‘qish qoidasiga amal qiladi.

Ehtimol, kimdir hali ham “O‘qish va ish o‘rtasida mutolaaga vaqt topib bo‘ladimi?” deb o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Barak Obama hatto AQSh prezidenti lavozimida bo‘lganda ham Oq Uyda o‘tirib kitob o‘qishga vaqt topganda siz nimani bahona qilasiz?

- Suratda AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Oq Uyda bolalar uchun kitob o‘qib berayotgan jarayon. 2014 yil.  
Ko‘proq yangiliklar: