Rossiya jins o‘zgartirish ruxsat etilgan davlatlar uchun bolalarni asrab olishni taqiqlamoqchi

Jahon 00:01 / 21.11.2023 11113

Rossiya parlamentining quyi palatasi — Davlat dumasi deputatlari transgender jins o‘zgartirish ruxsat etilgan davlatlarning fuqarolariga Rossiyada tug‘ilgan bolalarni asrab olishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishgan. Bu haqda deputat Vasiliy Piskaryov o‘z Telegram kanalida yozgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar «jinsni tegishli hujjatlar asosida yoki tibbiy usulda yo boshqa turdagi aralashuv bilan o‘zgartirish ruxsat etilgan davlatlar» uchun tegishli bo‘ladi.

«Ayrim davlatlar fuqarolarining bola asrab olishiga mazkur taqiqni joriy etish bilan biz mohiyatan NATO davlatlariga taqiq joriy etmoqdamiz», — degan deputat.

Rossiyalik yetim bolalarni xorijlik fuqarolar tomonidan asrab olish statistikasi yildan yilga pasayib bormoqda. 2022 yilda yangi oilada tarbiyalanish uchun xorijga bor-yo‘g‘i 57 nafar bola olib chiqilgan (2019 yilda ularning soni 240 nafar bo‘lgan), ularning katta qismi — 43 nafarini italiyaliklar asrab olishgan.

2012 yilda AQSh fuqarolari tomonidan rossiyalik yetim bolalarni asrab olishga cheklov joriy etuvchi «Dima Yakovlev qonuni» qabul qilingach Italiya bu borada vasiy davlatlar reytingida yetakchi bo‘lib olgan. 2022 yilning avgustida deputatlar «nodo‘stona davlatlar» uchun xuddi shunday taqiq joriy etishgan, biroq bu tashabbusni o‘shanda prezident kengashi qo‘llab-quvvatlamagan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: