Zelenskiydan yordam so‘ragan ukrainalik o‘smir Rossiyani tark etdi

Jahon 16:13 / 20.11.2023 6619

Mariupoldan Rossiyaga majburan olib ketilgan va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan yordam so‘ragan ukrainalik o‘smir Bogdan Yermoxin Rossiyani tark etdi. U Belarusga uchib borgan va u yerda singlisi bilan ko‘rishgan, deb yozadi 19 noyabr, yakshanba kuni «Verstka» nashri Yermoxin va uning advokati Yekaterina Bobrovskayaga tayanib. 

Rossiya rasmiylari o‘smirni voyaga yetguniga qadar (19 noyabrgacha) singlisi bilan uchrashish uchun «uchinchi davlatga» qo‘yib yuborishga va’da bergan, 13 noyabr kuni esa u Instagram’da safar haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan. 

Bundan tashqari, «Verstka» Dispo taxallusi bilan rep yozadigan Yermoxinning Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ukrainada uyushtiriladigan xayriya konserti plakatida paydo bo‘lishiga e’tibor qaratdi, 14 noyabr kuni tashkilotchilar o‘smir Kropivnitskiy, Odessa va Brovarida chiqish qilishi rejalashtirilganini tasdiqladi. 17 noyabr kuni Yermoxin Instagram’da «ba’zi holatlar tufayli» konsertda chiqa olmasligini ma’lum qildi. 

Rossiya rasmiylari ukrainalik o‘smirga harbiy komissarlikka kelish majburiyatini yuklagan

Bogdan Yermoxin bilan bog‘liq vaziyat haqida noyabr oyi boshida, uning advokati Facebook’da 17 yoshli bolaning Zelenskiyga murojaatini e’lon qilganida ma’lum bo‘ldi. «Men, Yermoxin Bogdan, Rossiya hududidaman va sizdan, Volodimir Aleksandrovich, uyga qaytishimga yordam berishingizni so‘rayman», dedi u videoda. Bobrovskaya Ukraina prezidentini Bogdanning Ukrainaga qaytishini shaxsan nazoratga olishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkova va Rossiyadagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga xat yozib, o‘smirni Ukrainada bo‘lgan qonuniy vasiysi - amakivachchasi Valeriyaga qaytarishni talab qilgan. Advokat so‘zlariga ko‘ra, singlisi bilan suhbatda Bogdan uni qo‘rqitishayotganini va vataniga qaytish istagiga qaramay, Rossiyada qolishni talab qilishayotganini aytgan. 

Noyabr oyida, shuningdek, o‘smirga joriy yilning dekabr oyida, 18 yoshga to‘lganida, Moskva yaqinidagi harbiy komissarlikka kelish haqida topshiriq berilgani ma’lum bo‘ldi. Yermoxinning Rossiyadagi rasmiy vasiysi Irina Rudnitskaya BBC media-kompaniyasi rus xizmati bilan suhbatda, gap chaqiruv qog‘ozini topshirish haqida ketmayotganini, harbiy komissarlik faqat Bogdanning ma’lumotlarini tekshirishi, chunki uning armiyada xizmat qilishni kechiktirish imtiyozi borligini ma’lum qildi.

Bogdan Yermoxin 8 yoshida ota-onasidan ayrilgan. Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanishidan oldin u Mariupoldagi metallurgiya kollejida o‘qigan va uning qonuniy vasiysi o‘quv muassasasi direktori bo‘lgan. Mariupol ishg‘ol qilinganidan so‘ng o‘smir Rossiya hududiga olib ketilgan va Mariya Lvova-Belovaning uzoq yillik ittifoqchisi, taniqli faol Irina Rudnitskaya vasiyligi ostiga olingan. 2023 yil mart oyida o‘sha paytga qadar Rossiya pasportini olgan Yermoxin Rossiyadan Ukrainaga qochishga uringan, biroq Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan Belarus-Ukraina chegarasi yaqinida qo‘lga olingan. Lvova-Belovaning ta’kidlashicha, Yermoxinni «hiyla va tahdidlar orqali Ukraina hududiga jalb chaqirib olishga harakat qilishgan». 

Ko‘proq yangiliklar: