Yaqin Sharqdagi «sovuq urush». Eron va Saudiya munosabatlaridagi ziddiyatli jihatlar 

Jahon 16:48 / 20.11.2023 27391
Foto: Kun.uz

Eron va Saudiya Arabistoni qariyb yarim asrdan buyon mintaqadagi yetakchilikni o‘z qo‘liga olish uchun raqobat qilib keladi. 2016 yil yanvarida Eron rasmiylari Saudiyada shia ruhoniysi Nimr an-Nimraning qatl etilishini tanqid qilgani va Tehrondagi qirollik elchixonasi yoqib yuborilganidan keyin rasmiy Ar-Riyod Eron bilan diplomatik aloqalarini uzgandi. Joriy yil mart oyida Xitoy vositachiligida ikki davlat o‘rtasida yarashuv jarayoni boshlandi. Mamlakatlar diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib olishdi. Shunday bo‘lsa-da, Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalarni istalgan paytda keskinlashtirib yuborishi mumkin bo‘lgan bir qator omillar mavjud.

Diniy tafovut. Hududida islom dini dunyoga kelgan Saudiya Arabistoni tarixan o‘zini islom olami yetakchisi deb hisoblab keladi. Eron esa asosan shialardan tarkib topgan mamlakat. Ikki tomonlama qarama-qarshilik boshlanishi 1979 yilga to‘g‘ri keladi. Eronda g‘arbparast Shoh Muhammad Pahlaviy taxtdan ag‘dariladi va islom respublikasi tashkil etiladi. Siyosiy hokimiyat oyatulloh boshchiligidagi dindorlar qo‘liga o‘tadi.

Shundan so‘ng Tehron xorijdagi shia guruhlari va partiyalarini qo‘llab-quvvatlay boshlaydi. Islom inqilobini boshqa musulmon mamlakatlarga eksport qilish keng miqyosda targ‘ib qilina boshlanadi. Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Kuvaytda mahalliy rejimlarga qarshi shialar harakati kuchayadi.

Ar-Riyod doimo Eron Yaqin Sharqdagi o‘rnini yanada mustahkamlab, yetakchiga aylanishidan xavfsirab keladi, shialar davlati ta’siri kengayishini istamaydi. Chunki, Tehronning «Shia yarim oyi» (Shia crescent) konsepsiyasini Saudiya Arabistoni o‘z hududiy yaxlitligiga tahdid deb biladi. Saudiya aholisining 10-15 foizini shialar tashkil etadi va ular mamlakatning neftga eng boy bo‘lgan sharqiy viloyatlarida yashaydi. 

Mintaqadagi yetakchilik uchun kurash. Forslar Erondan tortib to O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan hududda nazoratni qo‘lga kiritish uchun mintaqadagi yetakchi kuchga aylanishga intilib keladi. Ayniqsa, Iroqda Saddam Husayn rejimi ag‘darilishidan keyin rasmiy Tehronning ta’sir doirasi sezilarli darajada kengaydi. Bu esa bir qancha nuqtalarda Saudiya va Eron manfaatlari to‘qnashishiga sabab bo‘lmoqda.

Eron va Saudiya Arabistoni shu paytga qadar bir-biri bilan bevosita urush olib bormagan. Asosan ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlar mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashib keladi.

Masalan, Yamanda 2014 yil avgustdan beri fuqarolar urushi davom etib kelmoqda. Ushbu ixtilofda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Eron esa mamlakatdagi shialar jamoasi hisoblanuvchi isyonchi husiychilarga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni Suriyada Bashar Asadni ag‘darish uchun kurash olib borayotgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bashar Asad esa Eronning asosiy ittifoqchisidir. Tehron Asadni shialarning alaviylar tarmog‘iga mansubligi uchun ham qo‘llaydi. Suriya Eron uchun Livandagi «Hizbulloh» harakatini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashdagi yo‘lak sifatida ham xizmat qiladi.

Shuningdek, Eron Saudiya Arabistonini Livandagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilishda ayblaydi, bu yerda hukumat asosan shialardan iborat «Hizbulloh» tomonidan shakllantiriladi.

Bu borada Saudiya Arabistonining ittifoqchilari qatorida sunniy davlatlar – BAA, Kuvayt, Bahrayn, shuningdek, Misr va Iordaniyani ko‘rsatish mumkin.

Suriya hukumati, Livan va asosan shialardan iborat Iroq hukumati ham Eronning yaqin ittifoqchilari hisoblanadi.

Geostrategik sheriklar turlichaligi. Saudiya Arabistoni AQShning islom dunyosidagi asosiy arab ittifoqchisi hisoblanadi. Eron Yaqin Sharq mintaqasi uzoq vaqt davomida AQSh va boshqa G‘arb davlatlari tomonidan ekspluatatsiya qilingan va Saudiya Arabistoni bunda katta rol o‘ynagan deb biladi hamda AQShni o‘zining asosiy dushmani deb hisoblaydi.

Saudiya Arabistonida AQSh harbiy bazalari mavjudligi Qo‘shma Shtatlarni birinchi raqamli dushman deb hisoblagan Tehron rejimi uchun xavotirli omil hisoblanadi. O‘z navbatida,Ar-Riyod Eronning yadro quroliga ega bo‘lish tomon intilishlarini kekin qoralaydi va o‘ziga nisbatan tahdid sifatida baholaydi. Amerika harbiy bazalarining mamlakat ichida mavjudligini ham shu omil bilan izohlaydi.

Oxirgi yillarda G‘arb davlatlarining Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashi, Rossiyaning esa Eronga yordam ko‘rsatayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Chunki Rossiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar to‘laqonli mudofaa sohasidagi hamkorlikka aylanib ketdi. Eron Rossiya texnologiyasi va mutaxassislari yordamida o‘z yadroviy dasturini rivojlantirayotgani haqidagi ma’lumotlar mavjud.

Neft omili. Saudiya Arabistoni ham Eron ham yirik neft ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi davlatlardir. Bozorlar va neft narxlarini nazorat qilish uchun raqobat ham ularning munosabatlariga ta’sir qiladi. Shu sababdan ham oxirgi paytlarda Xitoy ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar normallashuvida katta rol o‘ynamoqda. Chunki Pekin energiya resurslarining global miqyosdagi eng katta iste’molchilaridan biri hisoblanadi va barqaror energiya ta’minotidan eng ko‘p manfaatdor mamlakat.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ayni paytda ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar qayta tiklangan bo‘lsa-da, strukturali ziddiyatlar yo‘qolgani yo‘q.

Doston Ahrorov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: