AQShga Meksika orqali noqonuniy kirgan o‘zbekistonliklar hibsda saqlanadi

O‘zbekiston 15:02 / 20.11.2023 27885

AQShga Meksika orqali noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari endilikda mamlakatga qo‘yib yuborilmaydi va immigratsiya ishi hal bo‘lgunicha hibsda saqlanadi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

«AQSh Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatdan chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda.

AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatdir. Kontrabandachilarning yolg‘on va’dalariga uchmang. Amerika Qo‘shma Shtatlariga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalaning.

AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan shaxslar bu mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonning 13,6 ming nafar fuqarosi AQShga Meksika orqali noqonuniy kirishga uringan. Bu boradagi ro‘yxatda 30,8 ming kishi bilan Turkiya va 15,5 ming kishi bilan Mavritaniya yetakchi, Misr va Pokistonni ortda qoldirgan O‘zbekiston uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

O‘zbekistonlik noqonuniy mehnat muhojirlari asosan «O‘zbekiston – Turkiya (Ispaniya) – Boliviya – Kolumbiya – Meksika – AQSh» yo‘nalishi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlariga kirishga harakat qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: