Bu yil O‘zbekistonda qanday qish kutilmoqda? – iqlimshunos bilan intervyu

O‘zbekiston 13:30 / 19.11.2023 180101

2023 yil qishi O‘zbekistonda juda sovuq keldi. Yanvar, fevral oylarida kuzatilgan anomal sovuq mamlakat uchun qanday muammolarni keltirib chiqarganini o‘zbekistonliklar hali unutgani yo‘q. Xo‘sh, bu safargi qish-chi, u qanday bo‘lishi kutilmoqda? Kun.uz muxbiri shu savol bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatovga yuzlandi.

— Erkin aka, 2023 yil yakuni va 2024 yil boshi bilan O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilmoqda. Uzoq muddatli prognozlar bu haqda nimalarni ko‘rsatmoqda?

— So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida havo harorati ko‘tarilishi barcha mintaqalarda kuzatilyapti, bizning mintaqada esa ko‘proq.

Prognozlar tuzishda oldingi davrdagi kuzatuvlar natijalariga tayanamiz. Bu yilgi qish iliqroq bo‘lishi kutilyapti. Joriy yil yanvar oyida harorat ko‘tarilishi Tinch okeanida suv sathi ko‘tarilishi davri bilan bog‘liq bo‘ladi.

Bu yil shimoliy yarimshardagi barcha hududlarda iliqroq qish bo‘lishi prognoz qilinyapti. Aprel oyining o‘rtalarida Tinch okeanida suv sathi ko‘tarilishining iqlimga ta’siri saqlanib turishi aytilyapti. 2016 yildagi suv sathi ko‘tarilishida ham mana shunday issiq havo bo‘lgan edi.

Erkin Abdulahatov

Dekabr oyi so‘nggi 30 yildagi ko‘rsatkichlardan 1-1,5 daraja issiqroq bo‘lishi kutilyapti. Umuman, o‘tgan mavsumdagi kabi sovuq ob-havo kutilmayapti. Bu yil noyabr oyi ham issiq bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin, o‘tgan yillarda eng sovuq oylardan bo‘lardi. Skandinaviyadagi sovuq oqim bizga sezilishi kerak edi, lekin issiq havo oqimlari ko‘pligi uchun bu oqim bizga yetib kelmayapti. Dekabr oyi ham shunga ko‘ra, nisbatan iliqroq bo‘lishi mumkin. Yanvar va fevral oylari haqida aniq tahlillar berib bo‘lmaydi. Hali qutbdagi sovuq havo oqimi kirib kelish ehtimoli bor. Agar sovuq havo kirib kelsa, shimoliy hududlarimizda -17…-20 daraja, boshqa hududlarimizda -7…-10 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.

— Havoning iliqroq bo‘lishini istaymiz-u, lekin juda quruq iqlimga ega, suv muammolari bor mintaqa uchun yog‘ingarchilik ham juda muhim. Xo‘sh, yog‘ingarchiliklar-chi, qanday bo‘ladi?

— Oldingi suv sathi ko‘tarilishi davrlarida qish-bahor oylarida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan. Daryo oqimlarida ham bu sezilgan. Asosan tog‘li hududlarda bo‘lsa ham, boshqa hududlargayam ta’siri bo‘ladi. Lekin yoz oylari yanada issiq bo‘lgan bunday paytda. Kuz oylarida yog‘ingarchilik bo‘lmadi, lekin tog‘larda shakllanyapti. Bizga hozir yog‘ingarchilik juda kerak, ayniqsa lalmi yerlar uchun. Dekabr oyida yuqori yog‘ingarchilik kutilayotgani yo‘q.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: