AQShda shatdaunning oldini olishga qaratilgan qonun imzolandi

Jahon 12:19 / 18.11.2023 4545

AQSh prezidenti Jo Bayden Kongress ikkala palatasi tomonidan ilgari ma’qullangan federal hukumat faoliyatini vaqtinchalik moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi. Bu haqda 17 noyabr, juma kuni Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi

Avvalroq CNN xabar berganidek, hujjatda Energetika vazirligi hamda harbiy qurilish, faxriylar ishlari, transport, uy-joy va boshqa masalalarga mas’ul idoralarni moliyalashtirishni 2024 yil 19 yanvarga qadar, davlat boshqaruvining boshqa sohalariga tegishli muassasalarni esa 2024 yil 2 fevralgacha uzaytirish taklif etilgan. 

Bayden tomonidan imzolangan qonun Ukraina va Isroilga yordamni o‘z ichiga olmaydi 

Shu bilan birga, qonunda Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukraina va HAMAS tashkilotiga qarshi urush olib borayotgan Isroilga yordamni moliyalashtirish bo‘yicha hech qanday band yo‘q. 

Turli federal idoralarning 2024 yil uchun budjetlari 11 noyabrgacha tasdiqlanishi kerak edi. Ammo so‘nggi sessiyada demokratlar nazoratidagi Senat va respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Vakillar palatasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik bunga to‘sqinlik qildi. 
 
AQShda ehtimoliy shatdaunning oqibatlari 

Hukumat ishi to‘xtab qolishi 1,5 millionga yaqin AQSh hukumati xodimlarini uylariga maoshsiz yuborish bilan tahdid soladi. Shatdaun, shuningdek, federal mulkka tegishli bo‘lgan aksariyat obektlar, jumladan, milliy bog‘lar yopilishini va havo harakatini boshqarish cheklanishini anglatadi, bu amerikaliklarning sayohat rejalariga ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: