“Yashil makon” loyihasi: Natijani ko‘rish uchun odamlarga hisob beradigan yagona platforma kerak

Nuqtayi nazar 17:06 / 17.11.2023 130759

O‘zbekiston ekologiyasi tobora qonab borayotgan jarohatga o‘xshaydi. Qonni to‘xtatish uchun birinchi yordam faqat va faqat daraxtlarni ko‘paytirish bo‘ladi. Shuning uchun ham “Yashil makon” loyihasi O‘zbekistonga kerak. 2 yil oldin boshlangan bu tashabbus doirasida yiliga 200 million ko‘chat ekish reja qilingandi. Chindan ham o‘tgan 2 yilda 400 million ko‘chat ekilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda sezilarli yashillik boshlangan bo‘lar edi. Biroq bunday bo‘lmaganini ortiqcha statistikalarsiz ham aytish qiyin emas. Qolaversa, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov respublika bo‘yicha 2 million ko‘chat yolg‘ondan hisobotga yozilgani va 7 milliondan ko‘pi sug‘orilmaydigan joyga ekilganini aytgandi. Real raqamlar esa bundan ham kattaroq bo‘lishi mumkin.

Tegishli hujjatga ko‘ra, 2023 yilning mayidan boshlab “Yashil makon” loyihasi nazorati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘yniga yuklangan. Boshlangan yaxshi tashabbuslar quyi organlarda cho‘lga tushgan tomchidek singib ketish an’anasini buzish uchun vazirlik nima qilishi kerak?

Mas’ullar bu loyiha chinakamiga yurib ketishini, O‘zbekiston haqiqatan ham yashil makonga aylanishini xohlashsa, bu yo‘nalishda yaxshiroq nazorat mexanizmlarini ishlab chiqishi kerak. Masalan, bitta umumiy platforma yaratib, unda “Yashil makon” loyihasining quyidagicha real hisoboti kiritib borilishi lozim.

– ekilayotgan daraxtlarning moliyaviy manbasi, hududlar bo‘yicha ko‘chatlarga sarflangan pul;

– qaysi hududlarda qanday daraxt ekildi (tuproq, suv xususiyatidan kelib chiqib ekilgani bo‘yicha ma’lumotlari bilan);

– shahar, tuman, mahallalar miqyosida nechtadan ko‘chat ekildi (xaritada ko‘rsatilgan holda);

– ko‘chatlarga qancha suv berilyapti, qanday parvarishlandi;

– ekilgan daraxtlarning 2-3 oy, 1 yildan keyingi taqdiri nima bo‘ldi (foto, video hisobot joylashtirilishi);

Yuqoridagi ma’lumotlar juda mayda tuyulishi mumkin, lekin toza havodan nafas olish, issiqqa bardosh berishning yagona yo‘li shu bo‘lsa, har qancha maydalashsa ham arziydi.

Oldinroq iqtisodchi Otabek Bakirov «Yashil makon» loyihasi uchun mo‘ljallangan mablag‘larni Open Budjet portali orqali tashabbusli budjyetlashtirishga qo‘shib berish taklifini ilgari surgandi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: