Bayden va Si uchrashuvi. Nima o‘zgaradi? 

Jahon 21:04 / 17.11.2023 14590

AQSh-Xitoy aloqalari nima uchun muhim?

16 noyabr kuni AQShning San-Fransisko shahrida Jo Bayden XXR raisi Si Jinping o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvni butun dunyo ekspertlari va siyosiy doiralar katta qiziqish bilan kuzatib turdi. Bu ikki davlat aloqalari, nimasi bilan muhim? Ikki davlat rahbarining uchrashuvidagi asosiy intriga nimada edi? 

AQSh va XXR – dunyoning birinchi va ikkinchi qudratli davlatlari hisoblanadi. Ularning iqtisodiy, harbiy, siyosiy va diplomatik resurslari dunyoda yetakchi o‘rinlarda. Ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik esa dunyodagi eng yirik munosabatlar hisoblanadi. 2022 yilda AQSh va XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aylanma hajmi 700 milliard dollardan oshgan. 

Bayden va Jinpingning ushbu uchrashuviga e’tibor har doimgidan yuqori bo‘ldi. Birinchidan, bu – ushbu ikki davlat rahbarlarining 2017 yildan beri birinchi bor AQShda ko‘rishishidir. 2022 yil noyabrida ikki davlat rahbarlari Indoneziyaning Bali orolida, «Katta yigirmatalik» sammiti doirasida ko‘rishgandi. 

Shundan buyon dunyodagi geosiyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida Xitoy-Rossiya tandemi shakllangandek tasavvurlar paydo bo‘ldi. Xitoy hech bo‘lmaganda ma’naviy jihatdan Rossiyani qo‘llab turibdi. 

Oktyabr oyida esa Hamasning Isroilga hujumi ortidan Isroil-Falastin urushi yangilandi hamda arab-musulmon dunyosining Isroil-AQSh ittifoqiga qarshi tirashuvi mutlaq yangi darajaga chiqdi. Mana shu fonda ham Xitoyning Eronga, arab davlatlariga, Yaqin Sharqqa ta’sir qilish imkoniyatlari yanada muhim geosiyosiy o‘lchamga ega bo‘lmoqda. 

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ikki qavati bor. Fundamental darajada bu ikki davlat – strategik raqiblar. 21 asrda qaysi bir davlat dunyoda yetakchi bo‘lishi – joriy raqobat natijasida ma’lum bo‘ladi. 

AQShda chiqariladigan strategik hisobotlarga va hukumat ekspertlari xulosalariga ko‘ra, XXR – AQSh uchun strategik tahdid hisoblanadi. Xitoy uchun ham AQSh – do‘stona davlat sifatida ko‘rilmaydi. AQShning boj to‘lovlari siyosati «dushmanona qadam» sifatida baholanadi. Qolaversa, Pekinga AQShning Tayvan borasidagi siyosati umuman ma’qul emas. Bu ikki davlat bir-birini eng katta raqib, muxolif sifatida ko‘radi. Shuning uchun ham ular o‘z harbiy salohiyatini parvarishlab bormoqda. 

Ayni damda bu ikki davlatning o‘zaro munosabatlarini normallashtirish, narigi tomonning qo‘llovini qo‘lga kiritish – shu kunlardagi zarurat hisoblanadi. AQSh uchun Xitoy – Ukraina, Rossiya, Yaqin Sharq va Eron masalalarida yordam berishi mumkin bo‘lgan qudratdir. Lekin Xitoy buni istaydimi? Evaziga nima so‘raydi? 

Pekin uchun esa asosiy muammo – iqtisodiy inqiroz: keyingi davrda Xitoydagi iqtisodiy vaziyat ancha og‘ir, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqori. Shuning uchun AQSh tomonidan joriy qilingan va saqlanib qolayotgan savdo-iqtisodiy urush elementlarini olib tashlash – eng katta vazifa. 

Si Jinping bilan uchrashuvlardan so‘ng Jo Bayden matbuot anjumani o‘tkazdi. Jurnalistlar «hali ham Jinpingni diktator deb hisoblaysizmi?» degan savoliga Bayden bergan javobni ba’zi nashrlar «konfrontatsion ruhiyatdagi javob» deb talqin qilishdi. 

Aslida Bayden vaziyatni yumshatishga urindi va ancha oldin bildirgan qarashini yumshoq talqin etishga harakat qildi. Bayden «Xitoydagi siyosiy tizim, kompartiya boshqaruvi, markazlashgan boshqaruv nazarda tutilsa, ha, bu diktatorlik boshqaruvi» degan ma’noda javob berdi. Bu bilan Bayden xitoylik mehmonni tahqirlashga emas, oldingi bergan bayonotini yumshatishga harakat qildi. Xitoy tomoni esa bu javobni baribir sovuq qabul qildi. 

Ikki taraf ham bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutmayotgandi. Tayvan masalasida bu ikki davlat kelisha olmasligi aniq. Chunki bu masalaga ikki davlat ham o‘zining eng oliy qadr-qimmatini, global g‘ururini bog‘lagan. Xitoy uchun Tayvan – davlatning hududiy birlik masalasi. AQSh uchun esa, o‘tgan yillarda shakllangan siyosiy mas’uliyat va majburiyatlar masalasidir. 

Ayni paytda, ikki davlat ham bir-biriga do‘st emasligi, o‘zaro tirashuv faqat kuchayib borishini yaxshi tasavvur qilishadi. Lekin, hozirgi kunda, Xitoy uchun – ichki iqtisodiy muammolarga yechim izlash – eng asosiy vazifa. AQSh uchun esa, Ukraina va Isroil atrofidagi geosiyosiy inqirozni yechib olish va buning uchun imkon boricha Xitoyning qo‘llovini qo‘lga kiritish, hech bo‘lmasa, Pekinning resurslarini o‘ziga qarshi qaratmaslik – eng asosiy vazifadir. 

Tomonlar o‘z oldiga qo‘ygan mini-vazifalarga erishdimi-yo‘qmi, yaqin oylarda ko‘rinadi. Lekin ular o‘rtasidagi strategik raqobat – hech qayerga yo‘qolmaydi. Aksincha, kuchayib boradi... 

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Ko‘proq yangiliklar: