Shamollash mavsumi boshlanyapti – unga bolalarni qanday tayyorlash va himoya qilish kerak?

Jamiyat 12:22 / 15.11.2023 43114

Qishda nega yuqumli kasalliklar avj oladi?

Viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish faslida atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit.

Qolaversa, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi. Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Viruslar esa yopiq bino-inshootlar, aholi gavjum joylarda tezroq tarqaladi.

Sovuq harorat yuqori nafas yo‘llaridagi tug‘ma immunitet hujayralari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, quruq havo infeksiyalar uchun to‘siq bo‘lgan shilliq qavatlar xususiyatlarini o‘zgartiradi.

Bundan tashqari, kamharakatlilik ham organizmning kasalliklarga kurashish qobiliyatini susaytiradi. Oqibatda shamollash va grippga chalinish ehtimoli oshadi. Qish mavsumida ko‘pchilik asosiy vaqtini yopiq muhitda o‘tkazishi tufayli jismoniy faollikdan cheklanadi.

Bolalarni yuqumli kasalliklardan qanday himoya qilish kerak?

Yuqumli kasalliklar, asosan, havo tomchilari orqali yuqadi. Shifokor Ra’no Musajonovaning aytishicha, yuqumli kasalliklarga ko‘proq 3-15 yoshli bolalar ko‘proq chalinadi. Kasallik og‘ir yoki yengil kechishi bolalarning immun tizimiga bog‘liq.

Bolalarni gripp yuqtirib qiynab qo‘ymaslik uchun ularni ehtiyotlash zarur. Qanday qilib?

Gigiyena qoidalariga amal qilish lozim

Buning uchun bolalarga eng kerakli paytlarda qo‘llarini tozalab yuvishni o‘rgatish lozim. Qo‘llarni:

  • o‘yin o‘ynab bo‘lgach;
  • ovqatlanishdan oldin;
  • hojatxonadan chiqqach;
  • qo‘l mikrob bo‘ladigan istalgan boshqa paytda yuvishga o‘rgatish kerak.

Tozalikka doimiy amal qilish kasallik tarqalishi va bolalar kasal bo‘lib qolishining oldini oladi. Shuningdek, bolalarga yo‘talgan va aksirganda og‘iz va burunlarini qo‘l yoki tirsak bilan to‘sish zarurligini ham o‘rgatish lozim.

Immunitetni oshirish

Ko‘pchilik ota-onalar immunitetni yaxshilash deganda turli qo‘shimcha vositalarni afzal ko‘radi. Lekin ularning samarasi to‘la isbotlanmagan. Haqiqiy immunitet kuchaytirgichlar qo‘shimcha pul talab qilmaydi.

Immun tizimi yaxshi ishlashi uchun, avvalo, yaxshi va me’yorda uxlash, meva sabzavotlarga boy ovqatlanish ratsionini tashkil qilish, doimiy jismoniy faollik, stresslardan uzoq bo‘lish (bunisi ota-onalarga tegishli) kerak.

Bizning immun tizimimiz o‘ziga xos, u genimiz, atrof-muhit, iste’mol qilayotgan oziq-ovqatlar va biz duch keladigan mikroblar ta’sirida yaraladi.

Bundan tashqari, toza havoda yetarlicha bo‘lishni unutmaslik lozim. Organizm yaxshi ishlashi uchun vitamin D zarur, qishda esa tanamiz quyoshdan oladigan vitamin D qisqarishi mumkin. Jismoniy mashqlar va vitamin D tanamizni sog‘lom saqlashga yordam beradi.

Vaksina olish

Vaksinalar ham grippdan himoya qiluvchi samarali vosita hisoblanadi. Lekin uni olishdan oldin bolani shifokor ko‘rigidan o‘tkazish lozim.

Kasal yuqtirganda uyda qolish

Agar bola gripp bo‘lib qolsa, uning uyda bo‘lishi eng to‘g‘ri tanlov. Sababi agar maktabga yoki bog‘chaga borsa, o‘yingohda boshqa bolalar bilan o‘ynasa, ularga ham virus yuqishi ehtimoli oshadi.

Qolaversa, uyda shamollaganlar bo‘lganda ham bolalarni alohidalash, tibbiy niqobdan foydalanish kerak.

Agar bola shamollagan bo‘lsa, nimalarni bilish kerak?

Shifokor Abdumannon Abduqayumov bergan ma’lumotga ko‘ra, Bolalarni bundan himoya qilishning yo‘li – ularni mavsumga qarab kiyintirish kerak. Ularning ovqatlanishiga, ayniqsa nonushtasiga juda e’tiborli bo‘lish kerak. Vitaminga boy mahsulotlarni iste’mol qilish, gigiyenaga rioya qilish va albatta sport bilan muntazam ravishda shug‘ullantirib, chiniqtirish lozim.

Shamollash mavsumida bolada shamollash alomatlari kuzatilsa, uni 3 kungacha jamoat joylariga jo‘natmay turish tavsiya etiladi. Chunki boshqalarga ham yuqtirish ehtimoli katta bo‘ladi.

Agar bolada shamollash alomatlari kuzatilayotgan bo‘lsa, e’tiborli bo‘lish lozim. Odam organizmida 3 kungacha isitma chiqishi normal holat hisoblanadi. 3-5 kun orasida tana harorati 38,5 daraja bo‘lishi organizmning kasallik bilan kurashayotganini bildiradi. Bu vaqtda bemorni hech qanday antibiotik yoki boshqa vositalar bilan davolash tavsiya etilmaydi. Agar bemor salomatligi shu vaqt ichida yaxshi tomonga o‘zgarmasa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Bemorni alohidalash, xona havosini vaqti-vaqti bilan tozalab turish zarur.

Qachon “Tez yordam” chaqirish kerak?

Bolaga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik ichirish tavsiya etiladi. Oddiy qaynagan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo‘tal va og‘riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta’minlaydi. Burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish ham juda zarur muolaja usulidir.

Bola tana harorati 38,5 darajadan oshsa, ovqat yemay qo‘ysa, kuchli hansirash kuzatilsa, nafas qisishi alomatlari paydo bo‘lsa, tinmay yoki ko‘p uxlasa, darhol “Tez yordam”ga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Bemor bolaning qisqa muddatda sog‘ayishi uchun ularni sog‘lom ovqatlantirish kerak. Masalan, olti oygacha bo‘lgan chaqaloqlar parvarishida ona suti juda muhim. Shu sababli bunday bolalarni istisnosiz tez-tez va ko‘proq emizish zarur. Olti oydan oshgan go‘daklarni ko‘krak suti bilan birga, odatdagidek, qo‘shimcha ovqatlar ham bersa bo‘ladi.

Kichkintoylarga yoshiga mos, avval ham yeb o‘rgangan hamda o‘zi sevib iste’mol qiladigan, yumshoq pishirilgan, ishtaha ochuvchi taomlar berilishi maqsadga muvofiq.

Bolani kasal paytida tez-tez, kam-kam taomlantirish kerak. Sog‘aygach esa unga odatdagidan ham ko‘proq ovqat berishni taklif etamiz. Bu farzandlarimizning quvvatini tiklashi uchun muhim.

Antibiotiklar umuman mumkin emas

Shamollaganda ko‘pincha uy sharoitida davolanishga o‘rganganmiz. Lekin bilib-bilmasdan turib bolaga turli antibiotiklar berish yoki inʼeksiyalar qilish umuman noto‘g‘ri. Ba’zi shifokorlar ham shunday vaziyatda antibiotik qabul qilishni buyurishadi. Bu davolash chorasi noto‘g‘ri. Har bir ota-ona o‘z farzandi salomatligi uchun mas’ul va kasal bo‘lganda bola qabul qiladigan har qanday dori yoki ukolga jiddiy qarashi kerak. Shamollash 99 foiz holatlarda viruslar orqali kelib chiqadi. Gripp yoki mavsumiy virusli kasalliklarda antibiotiklar umuman mumkin emas, tavsiya etilmaydi.

Eslatma: 3 yoshgacha go‘daklar yiliga 4 martadan ko‘p, 3 yoshdan yuqori bolalar esa yiliga 6 martadan ortiq respirator kasalliklar, ya’ni O‘RVI, gripp, bronxit bilan xastalansa, ular tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kiradi.

Bunday kichkintoylar doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lishi va mutaxassis tavsiyasi asosida kerakli muolajalarni olishi zarur.

Ko‘proq yangiliklar: