«Chelsi» va «Siti» afsonaviy o‘yin o‘tkazdi. Bu - APL tarixiga kiradi

Sport 02:26 / 13.11.2023 39899

«Chelsi» – «Manchester Siti» 4:4 (2:2, 2:2)
Gollar:
0:1 – 25, penalti Holand, 1:1 – 29 Tiago Silva, 2:1 – 37 Sterling, 2:2 – 45 Akanji, 2:3 – 47 Holand, 3:3 – 67 Jyekson, 3:4 – 86 Rodri, 4:4 – 90, penalti Palmer.
«Chelsi» – Sanches, Jyeyms (Gyusto, 64), Tiago Silva, Disasi, Kukurelya, Gallaher, Fernandes (Mudrik, 64), Palmer, Kaysedo (Broya, 90), Sterling, Jyekson (Ugochukvu, 90).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Gvardiol, Akanji, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Doku (Grilish, 59), Holand, Alvares (Kovachich, 79).
Ogohlantirishlar: Kukurelya (22), Palmer (23), Doku (56), Kaysedo (60), Rodri (72), Jyekson (90), Grilish (90), Sterling (90), Pochettino (90).

Pochettino jumbog‘i

O‘tgan mavsumdagi «Chelsi» halokat yoqasidagi jamoa edi. Bugungi «Chelsi»ni — jumboq jamoa deb atash mumkin. Hozircha Londonning ko‘k qismining haqiqiy qiyofasi aslida qanday ekani umuman tushunarsiz qolmoqda. Natijalar barqaror emas, ko‘rsatilayotgan o‘yinlar turlicha va tarkibni ham oldindan aytib bo‘lmaydi: joriy mavsumda maydondagi futbolchilardan faqat Tiagu Silva va Gallaher doimo boshlang‘ich tarkibda tushgan.

Mavsumning uchdan bir qismi yakunlanayotgan mahalda «Chelsi» muxlislarini uyda «Nottinghem» yoki «Brentford»ga yutqazishga ham, safarda «Tottenhem»ni yirik hisobda mag‘lub etishga ham qodirligiga o‘rgatib qo‘ydi. Ko‘klar hatto bir o‘yinning o‘zida ham barqarorlikni saqlab qola olmasligi mumkin. «Shporlar»ga qarshi kechgan o‘sha aql bovar qilmas derbini olaylik, «Chelsi» o‘yinni juda yomon boshlagan, keyin esa o‘yinini kuchaytira olgan, yakunda hatto to‘qqiz kishi bo‘lib qolgan raqibga qarshi ham muammolarga duch kelgandi. Hisob ham paradoksal: 4:1, ammo o‘yin — yirik hisobdagi g‘alabaga yaqin emasdi.

Gvardiolaning yangi g‘oyalari

Shu tufayli «Chelsi»ning «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinini ham oldindan taxmin qilish imkonsiz edi. Barchasi londonliklarning kayfiyatiga bog‘liq edi: ular jarima maydoni atrofida avtobus o‘rnatishi ham, chempionga qarshi ochiq futbol uchun parokanda bo‘lib ketishi ham mumkin edi. Amalda esa unisi ham, bunisi ham bo‘lmadi.

Mezbonlar bir hafta «Tottenhem» bilan bo‘lgan o‘yindan ko‘ra ancha tetikroq boshlashdi: ular darhol to‘pga egalik qilishdi, Gvardiola jamoasiga qarshi o‘yinda esa buni mini-yutuq desa bo‘ladi. To‘g‘ri, ancha vaqtgacha muayyan harakatlar bo‘lmadi, 19-daqiqaga kelibgina Gallaherning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbasi xavfli chiqdi.

«Siti», albatta, qiyin safarga tayyorgarlik ko‘rgandi. Gvardiolaning rotatsiyalari anchadan buyon hech kimni hayron qoldirmay qo‘ygan, ammo bu o‘yinda Akanji tayanch zonasiga o‘tkazilgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi (odatda  bu rolni Stouns bajarardi, ammo u jarohatlangan). Bundan tashqari, birinchi bo‘limda Alvares to‘psiz holatda boshqa bir jahon chempioni Fernandesni personal ta’qib qildi. Ha, buning teskarisi emas: Gvardiola, katta ehtimol bilan, shu tariqa «Chelsi»ning mudofaadan chiqishini qiyinlashtirishni ko‘zlagandi. O‘z navbatida, Enso ham doimo Xulianga to‘sqinlik qildi va ushbu argentinaliklar duelini tomosha qilish maroqli bo‘ldi.

Holandning bahsli goli va mezbonlarning o‘yinda burilish yasashi

Kukurelya va Holand duelida esa birinchi bo‘lim o‘rtalarida penalti yuzaga keldi.

Lekin bu ancha bahsli holat edi: ularning ikkisi ham bir-birining futbolkasidan tortdi, odatda bunday yakkakurashlar uchun penalti qo‘yilmaydi, qolaversa, ikki futbolchi ham to‘pga yeta olmasdi – har qanday holatda ham Tiago Silva birinchi bo‘lardi.

Ammo norvegiyalik hujumchi yiqildi, Entoni Teylor esa 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Shu o‘rinda ushbu taniqli angliyalik arbitr oldingi o‘yinlardagi xatolari uchun o‘tgan haftada chempionshipga surgun qilingani va u yerda ham bahsli qaror qabul qilganini eslab o‘tish mumkin. Holand esa penaltini aniq ijro etdi — u anchadan buyon nuqtada adashmayapti. Bu forvard uchun 12-o‘yindagi 12-gol bo‘ldi.

Shu pallada ayrimlar uchun o‘yin masalasi hal bo‘lgandek ko‘ringan bo‘lishi mumkin — favorit va amaldagi chempion yana g‘alaba qozonadi. Ammo 12 daqiqa o‘tib mezbonlar 2:1 hisobida oldinga chiqib olishdi. «Chelsi» standartlar orqali o‘yinda burilish yasadi: avvaliga Jyeymsning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasini Ederson qiyinchilik bilan qaytardi, keyin 39 yoshli Tiago Silva burchakdan to‘p uzatilganda bosh bilan aniq zarba yo‘llab, APL tarixidagi eng keksa gol mualliflaridan biriga aylandi. Bu epizodda yozda «Siti» London jamoasiga sotib yuborgan Koul Palmer muhim rol o‘ynadi, u Holandning yo‘lini to‘sdi va shu tufayli norvegiyalik futbolchi Silvaga xalal bera olmadi.

Sakkiz daqiqa o‘tib ushbu yosh havbek yana o‘zini ko‘rsatdi: aynan Palmer Jyeymsni oldinga tashladi va shu bilan bir vaqtda murakkab uzatmasi bilan Yoshko Gvardiolni yo‘q joyda xato qilishga majbur etdi. To‘pga ega chiqqan Ris qanotdan uzatma berdi, Sterling bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, «Chelsi»ni hisobda oldinga olib chiqdi va golini nishonlamadi. Bu golni Jyeyms va «Manchester Siti»ning ikki sobiq futbolchisi amalga oshirishdi.

Holandning g‘alati goli

«Shaharliklar», tabiiyki, doim himoyada o‘tirmadi. Hisob hali 1:1 ekanida Foden mezbonlar darvozasini ishg‘ol etishi mumkin edi, ammo uning o‘z uslubidagi zarbasidan keyin to‘p ustundan bir necha santimetr chetdan o‘tib ketdi.

«Siti» hisobda ortda borishi — noyob hodisa. Bu safar ham bu holat uzoq saqlanib qolmadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar boshlanganida burchak zarbasi o‘ynalganida Bernardu Silva oshirib bergan to‘pni bo‘sh qoldirilgan Akanji osonlik bilan darvoza to‘riga yo‘lladi. Ushbu himoyachi kutilmaganda gol mashinasiga aylandi – u «Siti»ning so‘nggi uch o‘yinida uch gol urgan.

Bu 45 daqiqalik — «Chelsi»ning joriy mavsumini yaqqol ifodalaydi. Tebranuvchi, chayqaluvchi, mantiqdan tashqari. Jamoa hatto ma’lum daqiqalar oralig‘ida ham barqarorlik ko‘rsata olmadi, shunday ekan, ularning bu mavsumini qanday qilib aniq baholash mumkin?

Ikkinchi bo‘limni kuchli boshlaganiga qaramay «Chelsi» yana gol o‘tkazib yubordi. Holand mavsumdagi 13-golini juda g‘alati ko‘rinishda urdi va Alvaresning uzatmasini «beshinchi nuqtasi» bilan urdi. Skandinaviyalik forvard tanasining turli nuqtalari bilan gollar urgandi, ammo bunaqasi — birinchi bor.

Holandning 2023 yil boshidan buyon urgan gollari soni 47 taga yetdi – u «Bavariya»da bundesligadagi raqiblarni yakson etayotgan Harri Keyn bilan bir xil sur’atda davom etmoqda. Uning top-5 ligalardagi debyutidan buyon (2020 yil yanvari) birorta futbolchi u kabi ko‘p dubl qayd etmagan. Erling allaqachon 36 marta ikkitadan (yoki ko‘proq) gol urdi. Eng yaqin ta’qibchida oltita kamroq.

Ayovsiz yakun

Albatta, shundan keyin ham «Chelsi» to‘liq kuch bilan o‘ynashda davom etdi. 60-daqiqada Palmer sobiq jamoadoshlarini birin-ketin ortda qoldirib, jarima maydoniga yorib kirdi, ammo so‘nggi harakat uchun unda kuch tugab qoldi va u tepgan to‘pni Ederson oson egallab oldi, javob hujumida esa Foden golga yaqin edi. Ammo ko‘klar baribir o‘z golini urishga erishdi va bu ishni mavsum boshidan buyon tanqidlar yomg‘iri ostida qolayotgan Jyekson amalga oshirdi. Senegallik futbolchini «Liverpul»da ilk mavsumida juda ko‘p vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan Nunes bilan solishtirishmoqda, ammo u chempionatda allaqachon oltita gol urdi, jumladan Yevropaning eng yaxshi jamoasi darvozasiga ham.

O‘yin ko‘plab oraliqlarga bo‘lingancha davom etdi, tashabbus u jamoadan bunisiga o‘tib turdi. Tashabbus o‘zida bo‘lganida maksimum natija chiqara oladigan jamoa g‘alabani ilib ketishi kerak edi. Bunday holatda futbolchilarning sifat darajasi birinchi planga chiqdi.

75-daqiqada hal qiluvchi vaziyat sodir bo‘ldi, negadir raqib jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirilgan Gyusto negadir o‘zining ishchi oyog‘i hisoblanmagan chap oyoqda uzoq burchakni nishonga olishga urindi.

Bunday vaziyatda jamoadagi istalgan boshqa futbolchi gol urishi mumkin edi, «Siti» esa bunday xatoni kechirmaydi. Rodri o‘z odatiga ko‘ra kerakli pallada katta sahnaga chiqdi. 86-daqiqa, jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan yo‘llangan to‘p Silvaning oyog‘iga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi — 3:4!

Palmerning temir asablari

Bu gol endi g‘alaba goli ekaniga deyarli hech kimda shubha qilmayotgandi, ammo bunday aql bovar qilmas o‘yinda hali hammasi hal bo‘lmagandi.

Hozirgi «Siti»ga «hisobni ushlash» iborasi begona, jamoa o‘yin sur’atini tushirib, himoyaga yotib olishni shunchaki uddalay olmaydi, «Chelsi» esa, shunday jinnicha mavsumida ham «xarakter» atamasini o‘rganishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Qo‘shimcha daqiqalarda maydonga tushgan Broya Diashning qo‘polligidan keyin penalti ishladi, «Siti» futbolchilari Teylor va raqiblar bilan uzoq vaqt bahslashishdi, bu vaqtda esa 21 yoshli Palmer bir chetda turib o‘z faoliyatining bu bosqichidagi eng muhim zarbani amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rdi. Bu zarbaga o‘yin natijasidan boshqa narsalar ham bog‘liq edi, chunki «Siti» tarbiyalanuvchisini Angliya milliy jamoasi kelajagi sifatida ko‘rishmoqda. Koul asablarida muammo yo‘qligini namoyish etdi — 11 metrlik nuqtadan «to‘qqizlik»ka aniq zarba va anomal 4:4.

Shundan keyin boshqa gol bo‘lmadi, «Manchester Siti» so‘nggi bir yilda ilk bor kamida uchta gol o‘tkazdi – oxirgi bor bu 2022 yil 2 oktyabrida ro‘y bergandi, o‘shanda «Manchester Yunayted» 6:3 hisobida mag‘lub etilgandi. Pep Gvardiola murabbiylik faoliyatida ilk bor o‘z jamoasi to‘rt gol urgan o‘yinda to‘rt gol o‘tkazishiga guvoh bo‘ldi. 

«Chelsi» hamon barqaror emas, ammo bu mavsumda top-jamoalarga qarshi juda yaxshi o‘ynamoqda. Klassik top-6 vakillariga qarshi o‘yinlarda hali yutqazmadi: «Liverpul» (1:1), «Arsenal» (2:2) va «Siti» (4:4)ga qarshi o‘yinlarda durang, «Tottenhem» ustidan yirik g‘alaba (4:1). Lekin jamoa hali o‘ninchi o‘rinda.

«Siti»ning esa natijadan u qadar ko‘ngli to‘lmagan bo‘lsa ham, ammo bir ochko baribir birinchi o‘ringa ko‘tarilish uchun yetarli bo‘ldi. Ammo «Liverpul» va «Arsenal» bilan oradagi farq — atigi bir ochko. Keyingi turda, milliy jamoalar o‘yinlari bilan bog‘liq tanaffus tugaganidan keyin, 25 noyabr kuni «Siti» aynan Yurgen Klopp jamoasini mehmon qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: