«Bu o‘yinda g‘alaba qozonish biz uchun muhim». Shomurodov Turkmaniston va Eronga qarshi bahs va «Kalyari»dagi faoliyati haqida

Sport 21:04 / 13.11.2023 24437

- Eldor, muhim o‘yinlar oldidan jamoaning kayfiyati, tayyorgarlik haqida to‘xtalsangiz...

- Kayfiyat yaxshi. Buyog‘iga rasmiy o‘yinlar boshlanmoqda, bu haqiqiy kuchimizni sinab ko‘rishga yordam beradi. O‘yinlarga barchamiz tayyor.

- Oldinda Turkmaniston va Eronga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Bu raqiblar haqida nima deya olasiz?

- Ikkala raqibga qarshi ham jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Turkmanistondagi o‘yin haqida «Paxtakor» o‘yinchilari bilan gaplashdik, u yerdagi sun’iy maydon bo‘yicha savollar bor. Ammo ikki jamoa ham o‘sha stadionda to‘p suradi. Bu bahs guruhdagi birinchi o‘yin va unda g‘alaba qozonish biz uchun juda muhim. 

- «Kalyari»dagi faoliyatingiz haqida ham to‘xtalsangiz. Klaudio Raniyeri qo‘l ostida to‘p suryapsiz, bu qanday kechmoqda?

- Yaxshi. Hammasi joyida. Sekin formaga kirib boryapman, murabbiylar va jamoadagilar bilan munosabatim yaxshi. 

- Meksikaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini sun’iy qoplamali maydonda o‘tgani uchun shifokorlar sizga maydonga tushmaslikni tavsiya qilgandi. Turkmanistondagi o‘yin ham sun’iy qoplamada o‘tishini inobatga olsak, bahs JCh-2026 saralashidagi rasmiy o‘yin bo‘lgani uchun maydonga tushasizmi?

- Albatta, bu rasmiy o‘yin. Meksika bilan uchrashuv esa o‘rtoqlik maqomida edi. Shu bois o‘shanda tavakkal qilmaslikni so‘rashgandi. Oldimizdagi bahs esa rasmiy uchrashuv ekanligi sababli jarohat olish xavfi haqida o‘ylab ham o‘tirganim yo‘q, - deya Eldor Shomurodovning so‘zlarini keltirgan Tribuna.uz muxbiri.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 16 noyabr kuni Ashxobodda Turkmanistonga qarshi maydonga tushsa, 21 noyabr kuni Toshkentda Eronni qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: