«Barsa»da yana kambek, Italiyada maydon markazidan gol. Kun o‘yinlari

Sport 15:31 / 13.11.2023 25422

Angliya: Saloh hal qildi

«Liverpul» – «Brentford» 3:0
Gollar:
1:0 – 39 Saloh, 2:0 – 62 Saloh, 3:0 – 74 Diogu Jota.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Kuansa, 90), Matip, van Deyk, Tsimikas, Endo, Soboslai (Makkonnell, 90), Saloh, Diogu Jota (Dias, 83), Gakpo (Elliott, 83), Nunes.
«Brentford» – Flekken, Ayyer, Mi, Pinnok, Kollinz, Roerslev (Goddos, 72), Nergor, Yyensen (Yarmolyuk, 72), Yanelt (Oniyeka, 46), Vissa (Mope, 72), Mbemo.
Ogohlantirishlar: Nergor (30), Ayyer (30), Matip (37).

«Liverpul» so‘nggi ikki turda yutqazgan «Tottenhem»ni to‘rtinchi o‘ringa tushirib yuborish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga (to‘plar nisbati) «Arsenal»ni ham quvib o‘tdi. Avvaliga qizillarning omadi kelavermadi, Nunesning ikki goli, jumladan qaychi uslubida yo‘llangan zarbasi bilan urgan goli ofsayd holatlari tufayli bekor qilindi. Urugvaylik hujumchi baribir hisobni ochuvchi golda Salohga assistentlik qildi. Bu Nunesning APLdagi yettinchi golli uzatmasi bo‘lib, ularning barchasi misrlik sherigiga oshirib berilgan.

Yakshanba kuni ham Mo ikki bor gol urdi, lekin u ikki holatda ham golini nishonlashga shoshilmadi. U ikki safar ham golsiz qolgan Nunesning achchiq tajribasidan saboq olgandi va kutishga qaror qildi. Saloh faqatgina VAR xulosasidan keyin tabassum qildi, videohakamlar Tsimikas to‘p uzatgan vaziyatda to‘p maydon chizig‘ini to‘liq kesib o‘tmagan deb topishdi. Endi u golli harakatlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda (10+4) va Holandni (13+3) ta’qib etmoqda.

Nihoyat Diogu Jotaning golidan keyin «Brentford» qarshilik ko‘rsatishda davom etishidan ma’no qolmadi. Statistikaga ko‘ra ham ushbu portugaliyalik futbolchisi gol urgan o‘yinlarda «Liverpul» hech qachon yutqazmagan.

Yurgen Klopp jamoasini «Manchester Siti»dan atigi bir ochko ajratib turibdi. Ikki haftadan keyin esa mersisaydliklar aynan «Etihad»ga safar qiladi. Angliyadagi va butun dunyodagi muxlislar milliy jamoalar o‘yinlari munosabati bilan bo‘ladigan tanaffus tugashini hozirdan kutishni boshlagan. Yetakchilik uchun jang shiddatli bo‘lishi kafolatlangan.

Ispaniya: «Barselona» yana tezkor gol o‘tkazdi, Grizmann «Atletiko»ni qutqardi

«Barselona» – «Alaves» 2:1
Gollar:
0:1 – 1 Omorodion, 1:1 – 53 Levandovski, 2:1 – 78, penalti Levandovski.
«Barselona» – ter Stegen, Arauxo, Martines, Kunde (Balde, 70), Joau Kanselu, Gundo‘g‘an, Pedri (Romeu, 81), Lopes (Rafinya, 63), Joau Feliks (Ferran Torres, 70), Yamal, Levandovski.
«Alaves» – Sivera, Gorosabel, Abkar, Marin, Duarte, Tenalya, Xavi Lopes, Guridi (Haji, 79), Antonio Blanko (Mendes, 85), Gevara, Rioxa (Rebbash, 63), Omorodion (Kike Garsiya, 79).
Ogohlantirishlar: Levandovski (62), Duarte (73), Gundo‘g‘an (90).

Katta klublar bir xatoni qayta takrorlamasligi aytadi, ammo «Barselona» buni uddaladi. Bir oy muqaddam ko‘k-anorranglilar «Granada» maydonida 17-soniyadayoq gol o‘tkazib yuborgandi. Bu safar esa «Alaves» hakamning o‘yin boshlangani haqidagi hushtagi chalinishidan 18 soniya o‘tganida amaldagi chempionni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. 

Xavi diskvalifikatsiya tufayli Gavidan foydalana olmasdi. Serxi Roberto va Frenki de Yong ham hali jarohatdan forig‘ bo‘lgani yo‘q. Ularning yo‘qligi ham «Barselona» tezkor gol o‘tkazishiga sabab bo‘lgani aniq, ammo asosiy sabab murabbiyning tajribasi bo‘ldi: Jyul Kunde mudofaa markaziga, Ronald Arauxo — o‘ng qanotga qo‘yildi.

To‘p o‘yinga kiritilganida Ilkay Gundo‘g‘an uni Guridiga sovg‘a qildi, u oldinga yugurdi va chap qanotda ochilgan Xavi Lopesga uzatdi, uning darvozabon maydoniga yetkazib bergan to‘pini esa Samu Omorodion darvoza to‘riga joyladi. «Alaves» hujumchisi Inigo Martinesni qiyinchiliksiz ortda qoldirdi va hisobni ochdi. Bu vaqtda Kunde shunchaki tomoshabin bo‘lib turdi.

Yozda o‘z darvozasiga gol urganidan keyin uni «Granada»dan sotib olgan «Atletiko» futbolchini bejiz ijaraga berib yubormagani ma’lum bo‘ldi. Omorodion birinchi bo‘limning o‘zida uch marta yaqqol vaziyatni yo‘qqa chiqardi. 35-daqiqada Xavining sabr kosasi to‘ldi va Arauxo va Kundeni o‘z joylariga qaytardi. Bu ish berdi — «Alaves» birinchi bo‘limda boshqa vaziyatlar yarata olmadi. Kataloniyaliklarda ham golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi - kutilgan gollar bo‘yicha (xG) 1,57 ga qarshi 0,54 ko‘rsatkichi ko‘p narsadan darak beradi. Tanaffusgacha kataloniyaliklar 15 marta qanotlardan uzatma berdi, faqat bittasi manzilga to‘g‘ri bordi.

Ammo ikkinchi bo‘limda aynan krosslar natija keltirdi, 53-daqiqada Kunde o‘zi eng yaxshi foyda keltiradigan pozitsiyadan Levandovskini golli pas bilan ta’minladi, polshalik futbolchi olti o‘yindan iborat golsiz seriyasiga chek qo‘yib, 23 sentabrdan buyon ilk bor gol urdi. Torres jarima maydoni ichida yiqitilganidan keyin esa polshalik to‘purar dublni rasmiylashtitrdi va la ligada muhim gollar bo‘yicha yetakchi bo‘lib oldi. Levining gollari jamoasiga 10 ochko keltirgan. Mavsum qahramoni bo‘layotgan Bellinghemnikidan ham bittaga ko‘proq. Endi ikkinchi o‘rindagi madridliklar bilan oradagi farq 2, kutilmaganda peshqadamlikni davom ettirayotgan «Jirona» bilan esa 4 ochkoni tashkil etmoqda.

«Atletiko» – «Vilyarreal» 3:1
Gollar:
0:1 – 20 Jyerar Moreno, 1:1 – 45 Vitsel, 2:1 – 80 Grizmann, 3:1 – 85 Lino.
«Atletiko» – Oblak, Molina (Barrios, 70), Ximenes, Ermoso, Vitsel, Rikelme (Lino, 65), Koke, Saul (Liorente, 46), De Paul (Korrea, 65), Grizmann, Morata (Suyunchi, 88).
«Vilyarreal» – Yorgensen, Altimira, Albiol, Kuenka, Alberto Moreno (Brereton, 83), Pino (Ahomash, 46), Aleks Baena (Romero, 74), Kapu, Parexo, Jyerar Moreno, Serlot (Terrats, 36).
Ogohlantirishlar: Kapu (45), Ahomash (77).

«Atletiko»da bu mavsumda yirik hisobdagi g‘alabalardan keyin muammo tug‘ilmoqda. Avgustda «Rayo Valekano» yirik hisobda taslim etilganidan keyin (7:0) madridlik Valensiyada 0:3 hisobida yutqazgandi. «Matraschilar»ning Seltik» bilan o‘yinda YeChLdagi eng yirik hisobdagi g‘alabasi (6:0) qayd etilganidan keyingi o‘yinda «Vilyarreal»ga qarshi qiynaldi. Holbuki «sariq submarinalar» bu mavsumni juda kuchsiz o‘tkazmoqda. To‘rtinchi turdan keyin Kike Seten iste’foga chiqarilgandi, uning o‘rniga kelgan Pacheta ham bu lavozimda uzoq qolmadi va tur arafasida ishdan bo‘shadi.

Navbatdagi o‘zgarishdan keyin mehmonlardan nima kutish mumkinligi tushunarsiz edi. Amalda esa jamoa dadil o‘yin namoyish etdi va Oblak Serlotning zarbasini qaytarganida Jyerar Moreno to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib hisobni ochdi. Ammo mehmonlarning muvaffaqiyati o‘yin kartinasini deyarli o‘zgartirmadi va «sariq submarinalar» jamoasi darvozasi tinimsiz bosim ostida bo‘ldi. Bo‘lim oxirida Grizmann Vitselga qizil-oqlar futbolkasidagi ilk golini urishda yordam berdi. Ikkinchi bo‘limda esa Grizmanning o‘zi g‘alaba golini urdi, endilikda zaxirasida bitta o‘yini bor «Atletiko» uchinchi o‘rindagi «Barselona»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda.

Italiya: Neapol uchun shok

«Napoli» — «Empoli» 0:1
Gol:
0:1 – 90+1 Kovalenko.
«Napoli» – Gollini, Di Lorenso, Rraxmani, Estigor, Olivera (Mariu Ruy, 84), Lobotka, Zambo-Angissa (Kayuste, 72), Elmaz (Kvaratsxeliya, 54), Politano (Lindstrem, 72), Raspadori, Simeone (Zelinski, 54).
«Empoli» – Berisha, Bereshinski (Ebuexi, 63), Luperto, Ismayli, Kakache, Male, Ranokkiya (Grassi, 80), Fatssini (Kovalenko, 71), Kambiyagi (Jasi, 63), Kancheleri (Maldini, 80), Kaputo.
Ogohlantirishlar: Kancheleri (78), Kayuste (90).

Apennin yarimorolidagi kun o‘yinlari sensatsiya bilan boshlandi — amaldagi chempion xavfli hududdagi autsayderga yutqazib qo‘ydi. Holbuki «Napoli» hakamning o‘yinni yakunlovchi hushtagidan ancha oldinroq masalani hal qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo «Empoli» darvozaboni Berisha o‘yin qahramoniga aylandi — u Kvaratsxeliyaning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini ham qaytardi. Qo‘shib berilgan daqiqalarning birinchisida esa uzoq masofadan aniq zarba yo‘llagan Kovalenko chempionlarni nokautga uchratdi.

«Latsio» – «Roma» 0:0
«Latsio» – Provedel, Gabarron, Romanioli, Marushich (Hyusay, 82), Luis Alberto, Kataldi (Vesino, 65; Rovella, 75), Genduzi, Ladzari, Felipe Anderson (Kamada, 82), Pedro (Isaksen, 65), Immobile.
«Roma» – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Chelik, 86), Lorente, Manchini, Ndika, Spinatssola (Kristensen, 90), Paredes, Kristante, Bove (Sanshesh, 82), Dibala (Ozmun, 82), Lukaku.
Ogohlantirishlar: Manchini (18), Ndika (31), Lukaku (37), Immobile (38), Luis Alberto (67), Gabarron (74), Ozmun (87)

Rim derbisi kutilganidek voqealarga boy bo‘ldi, ammo teleuzatuvchilar maydondagi xavfli vaziyatlar videosini tayyorlashda kadr topa olmay qiynalishi mumkin. Agar «Roma»ning goli ofsayd tufayli bekor qilinmaganida barchasi boshqacha ketishi ham mumkin edi. Hisob ochilishi ikkinchi tomonni ham hujumga chorlashi va qarshi hujumlar uyushtirilishiga olib kelgan bo‘lardi. Natijada besh yildan ortiq vaqt davomida ilk bor ushbu jamoalar o‘yinida golsiz durang qayd etildi. Shu bilan birga, «Latsio» 1996 yildan buyon ilk bor azaliy raqibiga qarshi qatorasiga uch o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqladi. O‘tgan mavsumda «burgutlar» ikki o‘yinda ham 1:0 hisoblarida g‘alaba qozongandi. Buni sarribol desa bo‘ladi.

«Inter» – «Frozinone» 2:0
Gollar:
1:0 – 43 Dimarko, 2:0 – 48, penalti Chalxono‘g‘li.
Inter – Zommer, Dumfris (de Vrey, 61), Darmian, Acherbi, Bastoni, Dimarko (Karlos Augusto, 81), Mxitaryan (Frattezi, 69), Chalxono‘g‘li (Sensi, 81), Barella, Tyuram (Arnautovich, 70), Martines.
«Frozinone» – Turati, Lirola (Ibrahimovich, 55), Markitssa, Okoli, Monterizi, Oyono, Matssitelli (Breshianini, 35), Reyniyer (Kayo Jorjye, 82), Barrenechea (Kazo, 82), Soule, Chuni (Sheddira, 55).
Ogohlantirish: Breshianini (71).

Shubhasiz favorit bo‘lsa-da, «Inter» «Frozinone» bilan o‘yinda butun birinchi bo‘lim davomida qiynalib o‘ynadi. Lekin bo‘lim yakunida hayratomuz voqea sodir bo‘ldi. Hatto neradzurrilar darvozaboni ham Zommer Dimarko narigi darvozadagi hamkasbini qanday dog‘da qoldirganini boshini ushlagancha kuzatdi. Bu chindan aql bovar qilmas darajadagi gol edi.

Bunday fonda boshqa narsalar ahamiyatsizdek ko‘rinadi. Qolaversa, ikkinchi bo‘lim boshida Tyuramni jarima maydoni ichida yiqitishdi va Hoqon Chalxono‘g‘li penaltini odatdagidek osonlik bilan ijro etdi. Ha, keyinroq «Inter»ni darvoza ustuni goldan qutqardi, ammo bu hech narsani o‘zgartirmadi. Simone Indzagi jamoasi yana birinchi o‘rinda, xalqaro o‘yinlar tanaffusidan keyin esa «Yuventus» maydoniga safar qilinadi.

Germaniya: Leverkuzenda chempioncha grafik

«Bayyer» – «Union» 4:0
Gollar:
1:0 – 23 Grimaldo, 2:0 – 57 Kossunu, 3:0 – 73 Ta, 4:0 – 83 Tella.
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 81), Ta, Kossunu, Inkapie, Grimaldo, Chaka, Hofmann (Adli, 81), Palasios (Andrix, 86), Virts (Mbamba, 87), Bonifase (Glojyek, 87).
«Union» – Rennov, Yuranovich (Trimmel, 46), Bonuchchi (Knoxe, 24), Yyekkel, Diogu Leyte, Russiyon (Gozens, 79), Haberer, Kral, Laiduni, Bekker (Aaronson, 64), Fofana (Berens, 78).
Ogohlantirish: Rennov (74).

12 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini YeChLda to‘xtata olgan bechora «Union» Leverkuzenda Habi Alonso boshqaruvidagi mashina g‘ildiraklari ostida qolib ketdi. Berlinliklarning tor-mor etilishini bu mavsumda to‘rtinchi bor uzoq masofadan gol urgan Grimaldo boshlab berdi, bu borada unga top-5 ligalarda ham teng keladigan futbolchi yo‘q. Ispaniyalik futbolchi Virs bilan devor uslubida o‘ynadi va qulay vaziyatda zarba yo‘lladi. «Bayyer» yana ikki golni burchakdan to‘p uzatib berilganda urdi. Ayni vaqtda «aspirinchilar» chempionlarga xos grafikda davom etmoqda va bunda hech qanday mubolag‘a yo‘q. 11 turda 31 ochko jamg‘arishni so‘nggi bor 2015/16 yillar mavsumida «Bavariya» uddalagandi.

«RB Leypsig» – «Frayburg» 3:1
Gollar:
1:0 – 6 Simons, 1:1 – 45 Rel, 2:1 – 79, penalti Openda, 3:1 – 80 Baumgartner.
«RB Leypsig» – Blasvih, Simakan (Xenrixs, 63), Klostermann, Lukeba, Raum, Forsberg (Baumgartner, 63), Simons (Lens, 86), Shlager, Aydara (Kampl, 68), Openda, Sheshko (Poulsen, 63).
«Frayburg» – Atubolu, Sildiyya, Gulde (Shmidt, 88), Ginter, Linhart, Vayshaupt, Hefler, Grifo (Gregorich, 79), Eggeshtayn, Rel (Doan, 79), Heler (Adamu, 88).
Ogohlantirishlar: Aydara (62), Openda (63).

Dortmundning «Borussiya» klubini YeChL to‘rtligidan chiqarib yuborish imkoniyatiga ega bo‘lgan «Leypsig» uchun barchasi oson va oddiy boshlandi. Chavi Simons startdayoq to‘pni olis burchakka joyladi, «Frayburg» ushbu jamoa uchun — juda qulay raqib bo‘lishda davom etdi. Faqat birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Rel an’anani buzishga qaror qildi. U maydon markazida to‘pni egallab, raqib jarima maydoniga yetib bordi, jarima maydoni ichida to‘pni Klostermanning oyoqlari ostidan o‘tkazdi va uning zarbasidan keyin Blasvih joyidan jila olmadi. Ammo mehmonlar durang hisobni saqlab qola olishmadi va o‘yin oxirida taslim bo‘lishdi — Openda penaltini aniq ijro etib, jamoasini oldinga olib chiqdi, bir daqiqa o‘tib Baumgartner nokaut qiluvchi zarbani yo‘lladi. Marko Roze jamoasi ikki haftalik tanaffusga to‘rtinchi o‘rinda yo‘l oldi.

Kun statistikasi

  • «Fulhem» himoyachisi Robinson bu mavsumda 2 bor o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.
  • Diyego Alonso «Sevilya» bosh murabbiyligida la ligadagi dastlabki to‘rt o‘yinida durang qayd etib, bu borada liga tarixidagi 2-murabbiy bo‘ldi.
  • «Malmyo» so‘nggi uch mavsumdan ikkitasida to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga Shvetsiya chempionligini nishonladi.
  • «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh APLda qatorasiga 15 ta uy uchrashuvida golli harakat sodir etib, bu borada Alan Shirer va Tiyerri Anridan keyingi 3-futbolchiga aylandi.
  • «Manchester Siti» himoyachisi Akanji qatorasiga uch o‘yinda gol urdi. U bungacha «shaharliklar» safidagi 60 o‘yinda atigi bitta gol urgandi.
  • «Sheffild Yunayted»ning bu mavsumdagi 10 ta golidan uchtasi avtogol sifatida raqib jamoalar futbolchilari nomiga yozilgan.
  • «Chelsi» himoyachisi Tiagu Silva 39 yoshida APLda gol urgan 4-futbolchi bo‘ldi, u Uindass, Sherringem va Giggz qatoriga qo‘shildi.
  • «Marsel» 2002 yildan buyon ilk bor qatorasiga 4 safar uchrashuvida mag‘lub bo‘ldi.
  • «Lion» safar o‘yinlaridagi g‘alabasiz seriya bo‘yicha tarixidagi eng yomon natijani qayd etmoqda (=4-7).
  • PSV Niderlandiya chempionatida 11 o‘yindirki kamida uchta gol urmoqda va bu turnirning yangi rekordi sanaladi.
  • «Aston Villa» 1983 yildan buyon ilk bor qatorasiga 13 ta uy uchrashuvida g‘alaba qozondi.
  • Avstriya chempionatida «Zalsburg» qatorasiga 23 ta safar o‘yinida yutqazmadi va afsonaviy Ernst Happel boshchiligida «Vakker» klubi tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorladi.
  • «Fiorentina» yarimhimoyachisi Bonaventura A sariyada 100 (61+39) samarali ball jamg‘ardi.
Ko‘proq yangiliklar: