Yulduzlar kashf etilgan turnir. O‘zbekiston Indoneziyada Meksikadagi natijani yangilay oladimi?

Sport 13:43 / 10.11.2023 19232

O‘zbekiston U17 jamoasi JCh-2023ga qanday yo‘l oldi?

Jaloliddin Rahmatullayev murabbiyligidagi o‘smirlarimiz yozda Tailandda o‘tgan Osiyo kubogi U17 bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, JCh-2023ga yo‘llanma olgandi. O‘zbekiston D guruhida Yaponiya bilan 7 ochkodan jamg‘arib, chorakfinalda Saudiya Arabistonini mag‘lub (2:0) etgan holda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Vakillarimiz yarimfinalda koreyslarga yutqazgan (0:1) bo‘lsa, Yaponiya finalda Janubiy Koreyani mag‘lub (3:0) etib, turnirga Osiyo chempioni sifatida yo‘l oldi.

Guruhdagi raqiblar

Shveytsariyaning Tsyurix shahrida o‘tkazilgan qur’a tashlash marosimida Jamoliddin Rahmatullayev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Ispaniya, Mali va Kanada bilan «B» guruhidan joy oldi. Ispaniya Yevropaning 3-jamoasi, Mali Afrikaning 4-jamoasi, Kanada esa Shimoliy Amerikaning 4-jamoasi sifatida turnirga yo‘llanma olgan.

Qayd etish joiz, mart oyida Indoneziya Isroil yoshlar jamoasining mamlakatga kiritilishga qarshi bo‘lgach, FIFA yoshlar o‘rtasidagi (U20) JCh-2023ni bu mamlakatdan tortib olib, Argentinaga topshirgandi. Ko‘p o‘tmay, FIFA o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini Indoneziyaga topshirishga qaror qildi. Turnir 10 noyabrdan 2 dekabrgacha davom etadi. Guruh bosqichida 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, 3-o‘rinni egallagan eng yaxshi 4 jamoa 1/8 finalga chiqadi.

O‘zbekiston U17 jamoasining guruh bosqich o‘yinlari taqvimi bilan tanishing:

Yevstafeyev va Nuraliyev jamoasining natijasi yangilanadimi?

Indoneziyadagi mundial O‘zbekiston uchun o‘smirlar o‘rtasidagi 3-jahon chempionatidir. Vakillarimiz ilk marta – 2011 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan. O‘shanda Aleksey Yevstafeyev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Meksikadagi turnirda futbolimiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishgandi. Abbosbek Maxstaliyev va Temur Hakimov yetakchiligidagi o‘smirlarimiz porlagan musobaqada Yevstafeyev shogirdlari chorakfinalgacha yetib borgandi.

Oradan ikki yil o‘tib, Dilshod Nuraliyev murabbiyligidagi o‘smirlar jamoasi Osiyo chempioni sifatida BAAdagi JCh-2013ga yo‘llanma olgandi. Otabek Shukurov, Dostonbek Hamdamov, Rustam Ashurmatov, Jamshid Boltaboyev, Javohir Siddiqov singari o‘yinchilar kashf etilgan turnirning guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan Nuraliyev shogirdlari, nimchorakfinalda kutilmaganda Hondurasga mag‘lubiyatga (0:1) uchrab, turnir bilan xayrlashgandi.

Orada o‘smirlar o‘rtasidagi so‘nggi 3ta jahon chempionatiga (JCh-2021 o‘tkazilmagan) yo‘llanma ololmagan vakillarimiz, 10 yil o‘tib Jaloliddin Rahmatullayev boshqaruvida mundialga chiqishdi. Uchinchi urinishda Rahmatullayev shogirdlari Yevstafeyev va Nuraliyev shogirdlari qayd etgan eng yaxshi natijamizni yaxshilashga urinib ko‘radi.

Yulduzlar kashf etilgan turnir

O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati 1985 yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda. Musobaqaning eng ko‘p karra g‘oliblari Nigeriya (5 marta) va Braziliya (4) sanaladi. So‘nggi JCh-2019da Braziliya o‘smirlar jamoasi tengsiz bo‘lgan.

O‘tgan yillar davomida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida Ronaldo, Ronaldino, Luish Figu, Alessandro Del Pero, Inesta, Xavi, Toni Kroos, Kazemiro, Neymar, Sterling, Xames, Gyotse singari yulduzlar kashf etilgan.

O‘zbekiston Maliga qarshi o‘yin bilan boshlaydi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi JCh-2023 bahslarini bugun, 10 noyabr kuni Maliga qarshi bahs bilan boshlaydi. Bu turnirning dastlabki o‘yiniga aylanadi. Uchrashuv «Manahan» stadionida Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi. O‘yin FIFAning rasmiy portali – plus.fifa.com orqali translatsiya qilinadi.

Jaloliddin Rahmatullayev Maliga qarshi maydonga tushadigan O‘zbekiston U17 jamoasi tarkibni e’lon qildi:

Ko‘proq yangiliklar: