O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlarni ochish imkoniyati – IHT doirasidagi biznes-forumdan reportaj

Iqtisodiyot 17:17 / 08.11.2023 18497

Biznes forumda IHT doirasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning holati, shuningdek, uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston va IHTga a’zo davlatlarning yuzdan ortiq tadbirkorlari ishtirok etdi. Tadbir yakunida turli sohalar bo‘yicha yirik shartnomalar imzolanishi kutilyapti.

8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tadi. Xususan, sammit doirasida «IHT davlatlarida kichik va o‘rta biznes – iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyotning asosiy drayveri» mavzusida 5-biznes forumi ham o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston va IHTga a’zo davlatlarning yuzdan ortiq tadbirkorlari ishtirok etdi.

Tadbirkor Saodat Ahmedovaning ta’kidlashicha, bu kabi forumlar tadbirkorlarga o‘zaro muloqot uchun maydon hisoblanadi va bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatlar taqdim qiladi.

Mazkur anjuman savdo siyosatini liberallashtirish va uyg‘unlashtirish, biznes yuritish uchun xarajatni kamaytirish, savdo tartib-tamoyilini soddalashtirishga xizmat qiladigan yirik tashabbuslar maydoniga aylanishi kutilyapti.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil O‘zbekistonning tuzilma tarkibidagi mamlakatlar bilan tovar aylanmasi 35,1 foiz o‘sib, 11,2 milliard dollarga yetgan. 2022 yil o‘sish tendensiyasi davom etgan va tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 10,4 foiz o‘sib, 12,4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Umuman olganda, IHT mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Jumladan, 2023 yilning 9 oyida o‘zaro tovar aylanmasi 9,2 milliard dollarni tashkil etib, a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 20,5 foizga yetgan. Bunda eksport miqdori 4,2 milliard dollar, import esa 5 milliard dollarga teng.

Ma’lumot uchun, iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga o‘nta davlat — Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo.

Ko‘proq yangiliklar: