«O‘ylamasdan gapirgan gapimning oqibati yomon bo‘ldi» – qaynukasining o‘limiga sababchi bo‘lgan ayolning nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 12:53 / 07.11.2023 41959

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktubni ayol kishi yuborgan va unda bir paytlar boshidan o‘tkazgan voqealarni hikoya qilgan ekan.

Hikoyada yozilishicha, ayol ancha yillar avval o‘ylamasdan gapirib qayinukasining dilini yomon og‘ritgan va oqibatda u o‘z joniga qasd qilgan ekan.

«Vaqti soati kelganda yaxshi bir oilaga kelin bo‘ldim. Bu oilada barcha farzandlar o‘g‘il bo‘lib, erim oilaning to‘ng‘ich farzandi edi. Qaynotam va qaynonam, qaynilarim hammalari men bilan yaxshi muomalada bo‘lishdi.

Men kelguncha qaynonamga ro‘zg‘or ishlarida asosan erim va qaynilarim yordam berishgan ekan. Shu sababli ular ovqat pishirish, kiyimlarni yuvish, hatto mollarni sog‘ishga bo‘lgan barcha ishni qila olishardi.

Kelin bo‘lib tushganimdan so‘ng bir necha kun o‘tib, qaynotam hammani yig‘di va erim hamda qaynilarimga barcha ishlarni menga tashlab qo‘ymaslikni, ro‘zg‘or ishlarida avvalgiday yordam berishlarini tayinladi.

Shundan so‘ng qaynilarim avval qilib yurgan ishlarini joyidan davom ettirishdi. Shu sababli uncha qiynalmadim.

Ayniqsa birinchi qaynim, u erimdan ikki yosh kichik edi, juda ko‘p yordam berardi. Sigir sog‘ardi, kiyimlarni men yuvsam ovqatni u pishirardi. Qisqasi, juda yaxshi yigit edi.

Biroq keyinchalik barchasi yomon tomonga o‘zgardi va bunga men sababchi bo‘ldim. To‘g‘rirog‘i xarakterimdagi biroz ko‘zi ochlik sabab bo‘ldi.

Oradan 3 yil o‘tdi va o‘sha qaynimni uylantirdik. Hovli katta, xonalar yetarli edi. Shu sababli qaynonam hozircha ikkita kelin birga yashab turaverishimizni, uchinchi o‘g‘ilni uylantirishdan avval birimizni alohida qilib chiqarishini aytdi.

Ovsinim yaxshi ayol edi. U bilan biron marta talashmadik. Bunga uning bosiq ekani sabab bo‘ldi. Ko‘zim ochlik qilib yoki xarakterimdagi qusur tufayli nimadir desam u darrov uzr so‘rar, shu bilan men ham ham bosilardim.

Kelin bo‘lib tushganimga besh yil bo‘lganda ikkita farzandim bor edi. O‘sha yili to‘satdan qaynotam vafot etdi. Men faqat shu odamning haybatidan jim yurarkanman shekilli, qaynotam o‘tgandan so‘ng injiqliklarim ko‘paydi. Xarakterim yomon tomonga o‘zgara boshladi.

Qaynonam ancha cho‘kib qoldi va ro‘zg‘or ishlariga aralashmay qo‘ydi. O‘zimni oilani katta bekasiday tuta boshladim. Biroq shunda ham ovsinim indamas, nima ish buyursam, xo‘p, deb bajarib ketaverar edi.

Ovsinim tarbiya ko‘rgan ayol edi. Uni faqat bir holat xafa qilar, kelin bo‘lib tushganiga 3-4 yil bo‘lsa-da, hanuzgacha farzand ko‘rmasdi.

Qaynim bilan ikkalasi bir necha marta tekshiruvlardan o‘tishgan, doktorlar muammo qaynimda ekanini aytishgan. Ovsinim buni bilsa ham sabr bilan yashashda davom etardi.

Esimda, o‘sha paytlarda ovsinim va qaynimga kim duch kelsa farzand ko‘rishdan gap ochar, bunday paytlarda ular nima deb javob berishni bilmay juda siqilishar, ruhan azob chekishardi.

Bu holatni ko‘rib ularga rahmim kelardi. Biroq keyinchalik kayfiyatim buzilganda o‘zim ham farzand ko‘ra olmayotganini ovsinimning betiga soladigan bo‘ldim. Bechora indamasdi va barchasiga chidardi.

Lekin zinhor qaynimning oldida farzand haqida gap ochmasdim. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng u ancha asabiy bo‘lib qolgan va farzand haqida gap ochilsa qaynimning kayfiyati yomon buzilardi.

Barchasini bila turib, bir kun qaynimga ham farzand mavzusida befarosatlarcha gapirdim. Oxir-oqibat shu ishim bilan uning umriga zomin bo‘ldim.

To‘ng‘ich farzandimiz o‘g‘il edi. U besh yoshga kirganda sunnat to‘yini qilish harakatiga tushdik. Shunda yana bir qaynimni uylantirib, ikkita to‘yni birga o‘tkazmoqchi bo‘ldik.

Oila bekasi sifatida barcha tashkiliy ishlar tepasida men turdim. To‘y qachonga belgilanadi, nimalar olinadi, qudalar bilan oldi-berdilar, qancha ayol mehmon chaqiriladi, barchasi men aytganimdek bo‘ldi.

To‘yga tayyorgarlik ko‘rib yurgan paytimiz edi, bir kuni farzandi yo‘q qaynim «Yanga sizga gapim bor» deb qoldi. Nima derkin desam yerga qarab gap boshladi:

«Yanga, mening sinfdoshlarim, oshna-og‘aynilarim nahor oshga kelib ketaveradi. Xotinim bazmga dugonalarini, qarindoshlarini aytmoqchi ekan, shunga o‘n beshtacha taklifnoma bering. Agar oshiqchasi yo‘q desangiz o‘zim chiqartirib kelib beraman».

Shu paytda xarakterimdagi ko‘zi ochlik qo‘zib qoldi. Qaynimga «To‘y bizniki. Sizning farzandingiz to‘y bo‘lmayapti-ku, xotiningiz nima qiladi mehmon chaqirib?» deb yubordim.

Qaynim indamay ortga burilib ketdi. Shu paytda uning ko‘zidan oqqan yosh yerga tushganini aniq ko‘rdim. Biroq o‘sha paytda «Qaynimga shu gapni bekor gapirdim» deb o‘ylaganim ham yo‘q.

To‘y boshlandi. Ovsinim hech narsa bo‘lmaganday yelib-yugurib xizmat qilaverdi. Qaynimga esa e’tibor bermadim. Keyin aytishlaricha nahor oshida ham xuddi begonalarday bir chekkada turgan.

Bazmga esa umuman kelmagan ekan, men mehmonlarim bilan ovora bo‘lib e’tibor ham bermabman.

To‘y o‘tgan kunning ertasi edi, tongda hovlida dod-voy bo‘lib qoldi. Chiqsam qaynimni ko‘tarib kelishyapti. Uning yuzlari qorayib ketgan, joni uzilib bo‘lgandi.

Qaynim to‘yning ertasi kuni sahar payti turib og‘ilda o‘zini osgan ekan. Xotini ertalab mollarga qarash uchun kirganda uni osig‘liq holda ko‘rib qolibdi. Darrov yordamga qaynilarimni chaqirgan. Uni arqondan bo‘shatishganda joni chiqib bo‘lgan ekan.

Qaynimning jasadini ko‘rib to‘ydan avval uning oldimdan ko‘zda yosh bilan ketgani esimga tushdi. O‘shanda nega yo‘q dedim? Axir to‘y uchun xarajatga pulni erim yoki men ishlab topmagandim. Shu qaynilarim yoz bo‘yi daladan kelmay ishlashgandi. Joy yoki oziq-ovqat yetmaydi deydigan bo‘lsam, hammasi ortib qoldi-ku. Nega o‘shanda ko‘zi ochlik qildim? Bu savollarni o‘zimga berardim, biroq javob yo‘q edi.

Ikkinchi tomondan xudbinligim tutib, qaynim nega o‘zini osgani sababi haqida gap baribir oshkor bo‘ladi, shunda erimga nima deb javob beraman, deb o‘ylardim.

Janoza va uch kundan so‘ng «Xudoyi» o‘tdi. Shu vaqt oralig‘ida erim menga juda yomon nazar bilan qarab yurdi. Bir kun u meni chetga tortdida, «Ukam bilan nima sodir bo‘lganini bilaman, sen bilan hali keyinroq gaplashamiz. Ungacha ovozing chiqamasin. Sen bu uyda hech kim emassan», dedi.

O‘shada erim javobimni berib yuboradi deb bir necha kun halovatim bo‘lmadi.

Qaynimning ma’rakalari tugagandan so‘ng ovsinim ko‘zida yosh bilan xonadonimizdan chiqib ketdi. U ketishdan avval men bilan xayrlashmadi. Yonimdan xuddi ko‘rmaganday o‘tib ketdi. O‘zi qaynim vafot etgan kundan buyon men bilan gaplashmay qo‘ygandi.

Keyinroq ovsinim xotini vafot etgan bir erkakka turmushga chiqdi, farzandlar ko‘rdi. Har-har zamonda uni bolalari bilan uzoqdan ko‘rib qolaman. Biroq oldiga borib so‘rashishga xijolat bo‘laman. Aniqrog‘i ko‘ziga qarashga qo‘rqaman.

O‘shanda erim meni javobimni berib yuboradi deb juda qo‘rqqandim, xayriyat bunday bo‘lmadi. Biroq uydagi mavqemni boy berib qo‘ydim. Oilaga rahbarlikni erim qo‘lga oldi.

«Qilgan ishing uchun seni bu uydan quritishim (ha aynan shu so‘zni ishlatdi) kerak edi. Biroq bolalarimga rahmim keldi va ularni tirik yetim qilishni xohlamadim. Bundan keyin umuman ovozing chiqmaydi. O‘zingga tegishli ishlarni xohlaganingday qil, lekin ro‘zg‘orga tegishli ishlarni o‘zim hal qilaman. Chunki bu ro‘zg‘orda onamning, ukalarimning ham haqqi bor. Mabodo yana eski qilig‘ingni davom ettirsang, bolalarni ham o‘ylab o‘tirmayman va javobingni beraman. Shu esingdan chiqmasin», dedi u.

Shundan so‘ng uning jahlini chiqarmaslikka harakat qildim. Keyinroq yana bir qaynimni uylantirdik va biz alohida bo‘lib chiqib ketdik.

Oradan ko‘p suvlar oqib ketdi. Qaynilarimning hammasi uylandi va alohida bo‘lib chiqib ketishdi. Hovlida kenja qaynim qoldi. Qaynonam ham vafot etdi. Bolalarim ulg‘aydi, o‘g‘limni uylantirdik, qizimni uzatdik.

Hanuzgacha qaynim esimga tushsa «o‘shanda nega ko‘z ochlik qildim?» deb ich etimni yeyman. Unga gapirganimga afsuslaman. Biroq barchasini ortga qaytarishning iloji yo‘q. Qo‘limdan kelgani, o‘shandan keyin hech kimga dilni og‘ritadigan yomon gap aytmadim».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: