“Falastinda yagona davlat va tribunal kerak” - BMT mulozimi iste’foga chiqib, ochiq xat yozdi

Jahon 22:24 / 02.11.2023 48938

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining Nyu-Yorkdagi bo‘limi rahbari Kreyg Moxiber Isroilning Falastinga uyushtirayotgan qonli hujumlari to‘xtatilmayotgani sababli iste’foga chiqishini e’lon qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspert, metodolog va huquqshunos Kreyg Moxiber 1992 yildan buyon BMT tuzilmalarida faoliyat yuritib kelgan.

Amerikalik mutaxassis 28 oktyabr kuni lavozimidan ketishini bildirib, o‘z rahbari – oliy komissar Volker Turkka ochiq xat yozdi.

“Hurmatli Oliy komissar,

Bu – Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarning Nyu-York bo‘limi direktori sifatida sizga so‘nggi rasmiy murojaatim bo‘ladi.

Men buni butun dunyo, jumladan, ko‘plab hamkasblarimiz uchun juda og‘ir bir paytda yozyapman. Yana bir bor ko‘z o‘ngimizda genotsid sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz va biz xizmat qilayotgan tashkilotimiz buni to‘xtatishga ojiz ko‘rinadi. 1980 yillardan beri Falastinda inson huquqlariga rioya etilishini taftish qilib kelganman. 1990 yillarda BMTning inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi sifatida G‘azoda yashaganman. Ungacha va undan keyin ham inson huquqlari bo‘yicha bir nechta missiyalarni amalga oshirgan shaxs sifatida, bu men uchun juda shaxsiy masaladir.

Tutsilar, bosniyalik musulmonlar, yazidiylar va rohinjalarning genotsidlari davrida ham shu tashkilotda ishladim. Bu genotsidlarning hech birida himoyasiz tinch aholiga qarshi sodir etilgan dahshatlarni va ommaviy vahshiyliklarning oldini ololmadik. Zaif qatlamlarni himoya qilolmadik. O‘z vazifalarimizni bajara olmaganimiz ayanchli tarzda ayon bo‘ldi. Aynan shu tarzda falastinliklarga qarshi yillar davomida sodir etilgan ta’qiblar va qotilliklarning ham oldini ololmadik.

Oliy komissar, bizning harakatlarimiz yana muvaffaqiyatsizlikka olib kelyapti.

30 yildan ortiq inson huquqlari tajribasiga ega advokat sifatida genotsid tushunchasi siyosatda ko‘p suiiste’mol qilinishini juda yaxshi bilaman. Lekin Falastinda hozir ommaviy qatliom bo‘layotgani haqida shubha yoki munozaraga o‘rin qolmadi. Bu qirg‘inning asosi etno-millatchilik va mustamlakachilik mafkurasi bilan bog‘liq. Ularni arab bo‘lganliklari uchungina uzoq yillar davomida muntazam ravishda ta’qib va qirg‘in qilib kelishmoqda. Isroil hukumati va harbiy rahbarlari o‘z niyatlarini ochiq aytishdi. G‘azoda turar joylar, maktablar, cherkovlar, masjidlar va tibbiyot markazlariga qasddan hujumlar bo‘lyapti, minglab tinch aholi qirg‘in qilinyapti. G‘arbiy Sohilda va Quddusda esa, uy-joylar tortib olinib, faqat millatiga qarab boshqalarga berilyapti. Isroil armiyasi himoyasida noqonuniy ko‘chmanchilarning zo‘ravonliklari davom etmoqda. Butun Falastinda aparteid hukm surmoqda.

Bu holat aynan kitobda yozilgan genotsid ta’rifiga mos keladi. Yevropadan kelgan, etno-millatchi, bosqinchi mustamlakachilik loyihasining yakuniy bosqichi boshlandi: mahalliy falastinliklarning Falastindagi hayotidan so‘nggi qoldiqlarini tubdan yo‘q qilish. Buning ustiga, AQSh, Britaniya va Yevropaning ko‘p davlatlari bu dahshatli hujumga to‘liq sherikdirlar. Bu davlatlar nafaqat Jyeneva konvensiyalarining “hurmat qilinishini kafolatlash” bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan bosh tortmoqdalar, balki ular bu hujumni faol ravishda qurollantirmoqdalar va Isroilning vahshiyliklarini iqtisodiy, siyosiy va diplomatik himoya bilan ta’minlamoqdalar”, – deya yozgan Kreyg Moxiber jami 4 sahifadan iborat maktubining birinchi sahifasida.

U o‘z maktubida nizo borasidagi 10 ta asosiy nuqtayi nazarini bayon qilgan. Bu o‘nta masala quyidagicha (juz’iy qisqartirishlar bilan berilmoqda):

1. Huquqiy harakatlar. Avvalo, biz BMTda muvaffaqiyatsizlikka uchragan (va aslida yolg‘ondakam) Oslo kelishuvlaridan, uning illyuziyaga asoslangan ikkita davlat degan yechimidan voz kechishimiz kerak. Bizning pozitsiyamiz mutlaqo inson huquqlari va xalqaro huquqqa asoslanishi kerak.

2. Munosabatning aniqligi. “Bu shunchaki yer talashib yoki din sababli bo‘layotgan mojaro” degan qarashni to‘xtatishimiz va reallikni tan olishimiz kerak: nomutanosib kuchga ega davlat tub aholini ularning millatidan kelib chiqib mustamlaka qilyapti, ta’qib etyapti va mulkini tortib olyapti.

3. Inson huquqlariga asoslangan bitta davlat. Biz butun tarixiy Falastin yerlarida nasroniylar, musulmonlar va yahudiylar uchun teng huquqli yagona, demokratik, dunyoviy davlat barpo etilishini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bu yerlarda chuqur irqchi ko‘chmanchi-mustamlakachilik loyihasini yo‘q qilish va aparteidga chek qo‘yish zarur.

4. Aparteidga qarshi kurashish. Biz BMTning barcha sa’y-harakatlari va resurslarini aparteidga qarshi kurashga yo‘naltirishimiz kerak, xuddi 1970, 80- va 90-yillarning boshlarida Janubiy Afrika uchun qilganimizdek.

5. Vatanga qaytarish va kompensatsiya. Biz hozirda bosib olingan hududlarda, Livan, Iordaniya, Suriya va butun dunyodagi diasporalarda istiqomat qilayotgan barcha falastinliklar va ularning oilalari uchun vatanga qaytish va to‘liq tovon olish huquqini yana bir bor tasdiqlashimiz va talab qilishimiz kerak.

6. Haqiqat va adolat. Biz BMTning o‘nlab yillar davomida to‘plangan tergov hujjatlari, so‘rovlari va hisobotlaridan to‘liq foydalangan holda, haqiqatlarni hujjatlashtirish va barcha aybdorlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash, barcha qurbonlar uchun kompensatsiya to‘lash va hujjatlashtirilgan adolatsizliklar bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida o‘tish davri sud jarayonini tashkil etishga chaqirishimiz kerak.

7. Himoya. Biz daryodan dengizgacha tinch aholini himoya qilish uchun barqaror mandatga va yaxshi resurslarga ega BMT mudofaa kuchlarini joylashtirishni talab qilishimiz kerak.

8. Qurolsizlanish. Biz Isroilning yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarining katta zaxiralarini olib qo‘yish va yo‘q qilish tarafdori bo‘lishimiz kerak. Ehtimoliy to‘qnashuv mintaqa va, ehtimol, undan tashqarida yalpi vayrongarchilikka olib keladi.

9. Vositachilik. Biz tan olishimiz kerakki, AQSh va boshqa g‘arb davlatlari aslida ishonchli vositachilar emas, balki Falastin huquqlarini buzishda Isroil bilan sherik bo‘lgan mojaroning faktik tomonlari va biz ularga jarayonda ana shunday maqomda qarashimiz kerak.

10. Birdamlik. Falastin xalqi va ularning inson huquqlari bilan birdamlikda turgan falastinlik, isroillik, yahudiy, musulmon va nasroniy huquq himoyachilari legionlari uchun eshiklarimizni keng ochishimiz kerak. Isroillik lobbichilarning BMT rahbarlari idoralariga cheksiz oqimini to‘xtatishimiz zarur, ular urush davom etishi, ta’qiblar, aparteid va jazosiz qolish tarafdori bo‘lib, qat’iy ravishda Falastin huquqlarini himoya qiluvchi bizning huquq himoyachilarimizni qoralaydi.

Kreyg Moxiber xatining so‘ngida 30 yildan ortiqroq davom etgan faoliyatiga bir necha kun ichida yakun yasab, ish joyini tark etishini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: