Toshkent Kimyo xalqaro universitetida xalqaro mutaxassislar ishtirokida treninglar boshlandi

Jamiyat 17:00 / 31.10.2023 16689

Toshkent Kimyo xalqaro universitetining rivojlangan davlatlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengayib bormoqda. O‘tgan haftada universitetga Avstraliya va AQShdan bir guruh mutaxassislar tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan maqsad shuki, universitetning akademik muhitini o‘rganish, talabalarni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlarni baholash va universitet qoshida tashkil etilgan «Kimyo University Hospital» bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.

Yurak jarrohligi bo‘yicha amerikalik mutaxassis Doktor Ott talabalarga tibbiyot yo‘nalishida dars beradi. U universitetda yaratilgan sharoitlar yuqori standartlar darajasida ekanligini aytdi:

“Amerikadagi shifoxonamda ham xuddi Kimyo universitetida mavjud bo‘lgan jihozlardan foydalaniladi. Bunday jihozlar O‘zbekiston bo‘yicha faqat shu oliygohda bor. Bu yer bemorlarni qabul qilishga a’lo darajada tayyor va tibbiy uskunalar juda sifatli. Bundan ham muhimi shuki, shifokorlar juda tajribali va ular uskuna hamda jihozlar bilan qanday ishlashni bilishadi, shu bilan birga, bemorlarga juda yaxshi g‘amxo‘rlik qilishadi. Bu ishlar yanada yaxshilanishidan umidvorman.

Rektorga Kimyo universitetining asosiy bo‘limida dars berish taklifini berdim va dars jarayonida shunga amin bo‘ldimki, ingliz guruhlari tilni juda yaxshi tushunar ekanlar. Hech qanday tarjimonlarsiz xuddi Amerikadagi talabalarga dars o‘tgan singari so‘zladim, ular esa meni muammosiz tushundilar. Biz birgalikda vaqtni juda maroqli o‘tkazdik. Talabalar qiziqarli savollar berishdi va debat ko‘rinishida suhbatlar qildik, bularning barchasi juda qiziq bo‘ldi. O‘ylaymanki, Kimyo universiteti talabalari eng yaxshi natijalarni ko‘rsatishmoqda”, – dedi shifokor.

Tadbir davomida mehmonlar kardiojarrohlik yo‘nalishidagi zamonaviy va ilg‘or tajribalar yuzasidan o‘z ma’ruzalarini taqdim qilishdi. Universitetning davolash ishi yo‘nalishi rahbari Jobir Ahmedovning ta’kidlashicha, kelgusida universitet klinikasida kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

“Universitet qoshidagi klinikamizda kelajakda jarrohlik amaliyotlarini bajarish bo‘yicha kelishuvlarga erishish reja qilingan. Mehmonlar klinikamiz bilan tanishib, operatsiya uchun kerakli jihozlar, yaratilgan sharoitlar yuzasidan o‘z takliflarini berishdi. Ularga bu ma’qul bo‘ldi va kelgusida yana birga faoliyat yuritishlarini aytishdi.

Bugungi mehmonimiz Amerikada eng yetakchi va talabgir bo‘lgan jarrohlardan biri hisoblanadi. Boshqa davlatlardan ham mutaxassislarni reja asosida jalb qilamiz, ular tibbiyot sohasidagi oxirgi yangiliklar bilan talabalarimizni tanishtirishadi. Talabalar butun dunyo amaliyotidan xabardor bo‘lishadi”, – deya ta’kidladi u.

Tajriba orttirish va bilimlarini mustahkamlash maqsadida bo‘lgan Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalari tashkil etilgan mahorat darslari haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining ochilganiga 5 yil to‘lishi munosabati bilan o‘zining «Kimyo University Hospital» klinikasini ishga tushirgan edi. «Kimyo University Hospital» klinikasi kattalar va bolalar uchun tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha diagnostika, ambulator va statsionar yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu yerda universitet talabalari o‘z tajribalarini oshirishlari ko‘zda tutilgan.

Universitetning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:

Web-page: www.kiut.uz 

Telegram: t.me/kiut_official

Facebook: facebook.com/kiut.uz

Instagram: instagram.com/kiut.uz_rasmiy_kanal

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: