«Joyi kelsa bir oyda 14 mln so‘m topamiz» - andijonlik suvoqchi ayollar

Jamiyat 16:14 / 31.10.2023 22685

Andijonning Marhamat tumanida suvoq ishlari bilan shug‘ullanuvchi ayollar guruhi bir talay. Ular guruh-guruh bo‘lib joylarda binolarni suvoq qiladi. Abjir ayollar orasida hatto oliy ma’lumotlilari ham bor. Mavsumda bir oyda 14 million so‘mgacha topamiz, deydi suvoqchi ayollardan biri.

Oynagul Risqulova yillar davomida suvoqchilik qilib, ko‘plab shogirdlar chiqardi. 46 yoshli suvoqchi pul ishlab, ro‘zg‘or kamchiliklarini butlashda turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashadi.

Oynagul Risqulova

“Suvoq ishlarni opamdan o‘rgandim. Ayol kishi uchun to‘g‘ri kelmaydi, deyishgan, o‘zimga ham og‘ir tuyulgan boshida, tashlasammi, degan fikr ham bo‘lgan. Yo‘q, keyin yaxshi ishlab ketdik, o‘rgandik. Suvoqchilik ortidan ko‘p shaharlarni, viloyatlarni ko‘rdik.

Qurilish tashkilotlaridan tashqari odamlar ham uy ta’mirlashga chaqiradi. Har joydagi muhitni, odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, nimadir o‘rganamiz, xulosalar qilamiz.

Boshliqlarimiz bayramlarda tabriklab sovg‘alar beradi, tadbirlar o‘tkazadi. Ayollarga mos sovg‘alar qilishganda xursand bo‘lamiz, ko‘proq ishlashga harakat qilamiz.

Kollej, maktab, hatto prezident maktablari, bog‘chalarni foydalanishga topshirganmiz. Ishimizni ko‘rib, rahmat aytishgandagi holat juda bir boshqacha bo‘ladi.

Guruhimizda 14 nafar ayol ishlaydi. Ikki mashinada ishga qatnaymiz. Ikki yigit ham bor, ular og‘ir ishlarda bizga yordamlashadi. Oramizda turmushga chiqmagan qizlar ham bor, ular bizga havas qilib qo‘shilgan. Ko‘pchiligimiz bir bir-birimizga qarindosh, tanish-bilish, shuning uchun ham uydagilarimiz ishonib ruxsat beradi.

6-7 yil oldin o‘zimizning Marhamat tumanidagi Madaniyat saroyida ishladik. Bir tadbirga chaqirib qolishdi yaqinda. Bordik, kirib borganimizda o‘zimizning ishimizdan ko‘zimiz quvondi. Mehmonga borgan binoni biz suvoq qilgan edik. Xodimlar binoni juda chiroyli saqlabdi. Mehnatimiz qadridan quvondim, boshqa ayollarga maqtandim ham.

To‘g‘ri, ishimiz ayol kishi uchun qiyin. Ammo astoydil, ishga mehr bilan yondashilsa, qiyinchiliklar ham bilinmaydi. O‘zing qilgan ishlarni ko‘rganingda xursand bo‘lasan.

Boshida turmush o‘rtog‘im qarshi bo‘lgan, lekin qaynona-qaynotam o‘rtaga tushib, ruxsat bergan. Sizlarni ta’minlash mening gardanimda, o‘zim qilaman hammasini, degan kunlari ham bo‘lgan. Bunday paytda ishdan bir muddat uzoqlashib turganman. Topganimiz to‘y-hasham, bolalar xarajati, boshqa mayda narsalardan ortmaydi.

Ikki o‘g‘lim, kelinlarim, 5 nabiram bor. Yoshim 46 da hozir. Ish doim bo‘ladi, faqat yanvar-fevral oylarida sovuq tushganda dam olamiz. Shunda ham issiq sharoit qilib ishga chaqirgan firmalar ham topiladi.

Ayol kishi shu ishlarni qilib yurganidan hayron bo‘ladiganlar ko‘p. Ba’zilar uyimda ayollar borligi sabab ayol ustalar ishlataman, deb bizga murojaat qiladi», – deydi Oynagul Risqulova.

Zarifa Madumarova oliy ma’lumotli, 20 yildan beri suvoqchilik qiladi

Zarifa Madumarova

«2003 yildan beri qurilish sohasida ishlayman. Yaratganga shukr, topishimiz yaxshi. Har 10 kunda ish haqimizni olamiz. Mavsum payti oyiga 12-14 mln so‘mgacha pul topamiz.

Oliy ma’lumotliman, lekin qurilishni tanladim. Turmush o‘rtog‘im ham tushunib, ruxsat berdi. Ko‘p firmalar bilan ishlaymiz. Sifatli, mas’uliyat bilan ishlaydi, materiallarni tejab ishlatadi deb bizni chaqirishadi. Ishboshimiz 20 ayolni doimiy ish bilan ta’minlab turadi.

Ishboshimizning o‘zi mashinasida uyimizga olib borib qo‘yadi. Kuchim yetsa, ishlayveraman, nafaqaga shu yerdan chiqaman degan niyat ham bor. Turmush o‘rtog‘im tushunadi, chunki bizda bunday ayollar ko‘p. Er-xotin ishlaydiganlar ham bor, ish beruvchilar ba’zi qizlarimizni havas qilib kelin ham qilishgan. Tushungan, bilgan odam yomon o‘ylamaydi, qurilish sohasi yaxshi.

Ishdan bezib qolgan paytlar ham bo‘ladi. Bunday vaziyatda bir necha kun chiqmay turaman, lekin birdan ishni sog‘inib qolaman.

20 yil ichida ancha shogird chiqardim. Ikki qizim bor, ular o‘qib, vatanga xizmat qilsin, deyman», – deydi u.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: