Elektr energiyasi ulgurji iste’molchilarining 28 foizi ASKUEga ulanmagani ma’lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 19:16 / 31.10.2023 16667
Shavkat Mirziyoyev “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazida. 2021 yil / Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda elektr ulgurji iste’molchilarining 28 foizi avtomatlashgan tizimga (ASKUE) ulanmagan. Yoki aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgani bilan, 170 mingdan ziyod abonentlarning avtomatlashgan tizim bilan aloqasi yo‘q.

Bu haqda energetika sohasi bo‘yicha prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari soha mutasaddilariga barcha ulgurji iste’molchilarni ASKUE tizimiga ulashni topshirdi.

O‘g‘irliklar eng yuqori bo‘lgan hududlarda noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda qozonxonalarni kapital va joriy ta’mirlash, issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash holati ham ko‘rib chiqildi. 

Respublika bo‘yicha reja 98 foizga bajarilgan bo‘lsa-da, Andijon, Namangan va Surxondaryoda orqada qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki hafta muddatda barcha kuch va vositalarni safarbar qilib, qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlashga topshiriq berildi. 

Ijtimoiy soha muassasalarida ham eski va energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonlarni yangilashni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga aholi va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun yetarli hajmda ko‘mir yetkazib berish muhimligi ta’kidlanib, 10 noyabrga qadar ijtimoiy soha obektlariga qo‘shimcha 60 ming tonna ko‘mir yetkazib berish topshirildi.

Ayrim hududlarda aholiga ko‘mir tarqatish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, oqibatda yetkazib berilgan ko‘mirni yuqori narxlarda noqonuniy sotib yuborish va talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh prokuraturaga tarqatilayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishini nazorat qilish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Ko‘proq yangiliklar: