La Ligada El-klasiko, APLda Manchester derbisi, A Seriyada azaliy raqiblar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 12:29 / 28.10.2023 22083

Bu safargi dam olish kunlari nafaqat futbol muxlislari, balkim har qanday insonni ham televizor qarshisiga olib kelishga qodir bo‘lgan uchrashuv bizni kutib turibdi. El-klasiko haftasi deb ishlatishimiz mumkin bo‘lgan bu kunlarda tabiiyki, boshqa katta uchrashuvlar ham bor. Angliyada asrimizning dastlabki va keyingi dekadasidagi eng sovrindor klublar Manchesterning rangi qanaqa ekaniga yana javob qidirishsa, Italiyada so‘nggi ikki mavsum chempionlari o‘zaro to‘qnash keladi.

BARSeLONA – ReAL MADRID (28 oktyabr, 19:15)

Albatta, bu uchrashuvni alohida anons qilish shart emasdek, zero futbol muxlislari Ispaniya chempionati taqvimi chiqqan paytdayoq El-klasiko o‘yini qachon bo‘lishini axtarishga tushishadi, bu o‘yinga qarab kunni, haftani rejalashtirishadi, hatto futbolni faqat jahon chempionatlarida tomosha qiladiganlar ham «Real» va «Barselona» to‘qnashuviga befarq bo‘lmaydilar. To‘g‘ri, avval Ronaldu, keyin Messi La Ligani tark etgach, go‘yoki, ushbu o‘yinlar maqomi pasaygandek, futbol markazi Angliyaga ko‘chgandek tuyuldi, ammo biz bilamizki, bu uchrashuvning tarixiy ahamiyat har qanday futbol yulduzidan ustun turadi va vaqt o‘tgach, o‘zining butunlay yangicha chizgilari, boshqa qahramonlari bilan bo‘y ko‘rsataveradi.

Masalan, Jud Bellinhem Madridda kutilganidan ham ancha yuqori darajada debyut qildi. Uning ko‘rsatkichlarini asosan raqiblarning saviyasi bilan bog‘layotganlar Bellinhemni endi El-klasiko fonida baholash imkoniga ega bo‘ladilar. Yamal, Fermin Lopes kabi «Barselona»ning yangi yulduzlari uchun ham bu ilk haqiqiy klasiko bo‘ladi.

Foto: Getty Images 

Umuman olganda, El-klasikoning aynan shu kunlarda bo‘layotgani qaysidir ma’noda «Real» foydasiga ishlashini taxmin qilish mumkin. Chunki kataloniyaliklarda jarohatlar juda ko‘p va aksariyat nomlar asosiy tarkib futbolchilaridir. Kunde, De Yong, Rafinya, Levandovski, Pedri, Serjio Roberto shular jumlasidan, buning ustiga, «Shaxtyor»ga qarshi YeChL o‘yinida Felish ham jarohat tufayli maydonni tark etgach, «Barselona» muxlislarining xavotiri yanayam oshgan bo‘lsa kerak. Ammo uning jarohati yengil bo‘lib chiqdi. Shuningdek, ba’zi xabarlarga ko‘ra, Levandovski va Rafinya ham El-Klasikoda qatnashish uchun bor imkoniyatni ishga solishmoqda ekan. Polshalik hujumchi hatto ilk daqiqalardan tarkibdan joy olish ehtimoli ham yo‘q emas. Nima bo‘lgandayam, Xavi ichki imkoniyatlardan samarali foydalanyapti, akademiya vakillari kerakli paytda jamoa joniga oro kirishmoqda. «Barselona» barcha musobaqalarda hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan yagona ispan jamoasi bo‘lib turibdi.

Shuningdek, «Barselona» yana ikki ko‘rsatkich bo‘yicha Ispaniyada tengsiz – jamoa eng ko‘p (30) xavfli vaziyat yaratgan, hamda quruq o‘yinlar soni (5) bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan. «Real» esa safar o‘yinlari borasida La Ligada eng yaxshi bo‘lib turibdi.

So‘nggi yillarda bu jamoalar juda ko‘p to‘qnash kelishmoqda, masalan, o‘tgan mavsumning o‘zida 5 marotaba turli musobaqalarda raqiblar orani ochiq qilishdi. Chempionatning har ikki o‘yinida mezbonlar ustun kelgan bo‘lsa, Superkubok uchun o‘yinda kataloniyaliklar g‘alaba qozonishdi. Ispaniya kubogi yarimfinalida esa ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Real»ning qo‘li baland kelgandi. Shuningdek, yozda ham jamolar o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishdi va uchrashuv 3:0 hisobida Xavi shogirdlarining g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi.

Yana bir qiziq fakt, «Real» barcha musobaqalarda so‘nggi 16, «Barselona» esa 13 o‘yindan beri maydonni golsiz tark etmayapti. Bu katta ehtimol bilan biz ushbu uchrashuvda ham gollar ko‘rishimiz mumkinligiga ishora bermoqda.

MANCheSTeR YuNAYTeD – MANCheSTeR SITI (29 oktyabr, 20:30)

Oxirgi besh yilda «Manchester Siti» 4 marta, «MYu»ning oxirgi chempionligidan keyin 6 marta mamlakat chempioni bo‘ldi, Fergyuson ketganidan so‘ng, hali biror marta «Yunayted» qo‘shnisidan yuqori o‘rinni ololmadi. Lekin mana shunday yaqqol ustunlik yillarida ham o‘yinlarda mutlaqo tenglik kuzatilayotgani alohida e’tiborga molik va bu navbatdagi derbidan ham har narsa kutish mumkinligiga yaqqol dalildir. Aynan APL doirasidagi uchrashuvlarni olsak ham, oxirgi 17 uchrashuvda har ikki tomon 7 tadan g‘alaba qozonib, 3 uchrashuv durang bo‘lgani va qizig‘i, ko‘pincha jamoalar safarda ham yutishning uddasidan chiqqani Manchester derbisiga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. O‘zi avvalroq ham, ya’ni «Yunayted» shaharda yaqqol ustun bo‘lgan yillarida ham derbi natijalari mantiqdan tashqarida, doim teng va qizg‘in kurashlar ostida kechgan, ko‘p marta «shaharliklar» ham g‘alaba qozongan.

Foto: Getty Images 

«MYu» oxirgi uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa ham, muammolar hech qayerga ketgani yo‘q. Bu g‘alabalarning har biri katta qiyinchilik bilan, so‘nggi daqiqalardagi qahramonliklar evaziga kiritildi, buning ustiga, raqiblar ham u qadar yuqori saviyali emasdi. Shunday bo‘lsa-da, aynan emotsional g‘alabalar balkim bugungi «MYu»ga ko‘proq foyda keltirishi mumkin, zero o‘yin borasida tabiiyki, Pep Gvardiola shogirdlaridan ancha uzoqdalar.

«Manchester Siti» esa ayniqsa, oxirgi o‘yinlarda muammodan holi emasligini, ularni ham yutish mumkinligini ko‘rsatib berdi. Premer-ligada qatorasiga ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchraldi – «Old Trafford» esa navbatdagi safar o‘yini. Oldinroq «Nyukasl» maydonida ham «Siti» 0:1 hisobida yutqazgan va Liga kubogi bahslaridan chiqib ketgandi. Ayniqsa, «Vulverhempton» bilan o‘yin shuni ko‘rsatdiki, agar bor imkoniyat ishga solinsa va ba’zi sharoitlar mos kelsa, «Siti»ni biroz pastroq saviyali ijrochilar bilan ham yutish mumkin ekan. Ammo tan olish ham kerak, Pep Gvardiola o‘z shogirdlarini derbiga boshqacharoq tayyorlaydi va hammasi jiddiyroq bo‘lishi tabiiy.

Tarkiblarga kelsak, «MYu» tarkibida asosiy himoyachilar – Shou va Martines jarohatdan tiklanishmagan va kamida bir oy ular mashg‘ulotga qayta olishmaydi. Aaron van Bissaka jamoa bilan shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsa-da, hali to‘liq tayyor emas. Shuningdek, Kazemiro ham derbida asosiy tarkibda tushishi so‘roq ostida – u Braziliya milliy jamoasi safida kichik jarohat olib kelgandi va shundan so‘ng hali bir daqiqa ham o‘ynagani yo‘q. Mehmonlar safida esa Manuel Akanji «Brayton» bilan o‘yin oxirlarida qizil kartochka olgandi. Diskvalifikatsiya tufayli u ham sheriklariga yordam bera olmaydi.

Mezbonlarga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan yana bir qo‘shimcha ustunlik shundaki, «MYu» Chempionlar Ligasi o‘yinini raqibidan bir kun oldin va o‘z maydonida o‘tkazdi. «Manchester Siti» chorshanba oqshomida Shveytsariyada o‘ynab qaytdi.

INTeR – ROMA (29 oktyabr, 22:00)

«Roma» 28 sentabr kuni «Jyenoa»dan 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, Joze Mourino iste’fo yoqasiga kelib qolgani aytilgandi va bu haqida jiddiy mulohazalar ko‘payib ketgandi. Shundan so‘ng rimliklar qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozonishdi. A Seriyada 7-o‘ringa ko‘tarilishdi, Yevropa Ligasida guruh masalasi deyarli hal bo‘ldi. Ammo bu bilan Mourinoning o‘rni mustahkamlandimi? Hali yo‘q, chunki «Frozinone», «Servett», «Kalyari», «Monsa», «Slaviya» kabi jamoalarni, buning ustiga, besh o‘yindan to‘rttasini Rimda o‘tkazib g‘alaba qozonish hech narsani isbotlamaydi. Aynan «Inter» bilan uchrashuv «Roma» uchun haqiqiy sinov bo‘ladi. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat yana o‘sha iste’fo mavzusini qolgan joyidan davom ettirishi, g‘alaba esa mutlaqo yangi davrning boshlanishi o‘laroq yordam berishi mumkin.

«Inter» turnir jadvalini boshqarib turibdi, ammo taqvim ularga ham oson kelgani, haqiqiy sinovlar keyingi bir oyda bo‘lishini ham inobatga olish lozim. «Roma» bilan o‘yindan so‘ng, jamoa kelasi hafta «Atalanta» bilan safarda o‘ynaydi. Noyabr oyi oxirida esa bir hafta ichida «Yuventus», «Benfika» va «Napoli» kabi jamoalar bilan mehmonda o‘ynaydi. Mana shunday og‘ir davrdan kamroq yo‘qotishlar bilan chiqish uchun albatta, «Roma» bilan o‘yin imkon qadar muvaffaqiyatli kechishi shart.

Foto: Getty Images 

Mezbonlar safida Marko Arnautovich va Xuan Kuardado maydonga tusha olishmaydi. Mehmonlar safida yo‘qotishlar ko‘proq – Renato Sanches, Paulo Dibala, Pellegrini, Spinatssola, Ozmun, Abraham va Kumbula. Dibala mashg‘ulotlarni boshlagani aytilayotgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Shuningdek, Joze Mourino «Monsa» bilan o‘yinda hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgandi. Jamoang deyarli butun uchrashuvda bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilsa-yu, faqat eng oxirgi daqiqalarda gol ursa, o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi sening darvozaboning bo‘lib chiqsa, tabiiyki, har qanday murabbiy o‘z tuyg‘ularini jilovlashi qiyin kechadi.

O‘zaro o‘yinlarda so‘nggi yillarda yaqqol tenglikni ko‘rishimiz mumkin. Oxirgi 32 uchrashuvning 11 tasida «Inter», 10 tasida «Roma»ning qo‘li baland kelgan. O‘tgan mavsumda esa har ikki o‘yinda mehmon jamoa g‘alaba qozongan edi.

Darvoqe, «Roma» tarkibida hujum chizig‘ining yetakchisiga aylanib borayotgan, mavsumdagi o‘zi maydonga tushgan 9 o‘yinning 7 tasida gol urishga muvaffaq bo‘lgan Romelu Lukakuning sobiq jamoasiga qarshi harakatlari ham yana bir intriga. O‘z navbatida «Inter» tarkibida ham «Roma»ning sobiq futbolchisi bor – Genrix Mxitaryan.

NAPOLI – MILAN (30 oktyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

«Milan» qatorasiga ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va bu uchrashuvlarda birorta ham gol ura olmadi. Inqiroz bo‘lishi mumkinmi? Aytish qiyin. Zero «Yuventus» bilan o‘yinning 40-daqiqasidayoq milanliklar bir futbolchi kam bo‘lib qolishdi. Shunday bo‘lsa-da, jamoa raqib bilan teng kurashganini e’tirof etish kerak. Parijda esa hisob yirik bo‘lishiga qaramasdan, ayniqsa, birinchi taymni jamoa ancha yaxshi o‘tkazgan va bir nechta yaxshi imkoniyatlarga ham ega bo‘lgandi. «Milan» pressingda juda yaxshi harakat qilganini «PSJ» ustozi Luis Enrike ham alohida ta’kidlab o‘tdi.

Demak «Milan»da o‘yin borasida muammo yo‘q, shunchaki, birinchidan, taqvim bo‘yicha kuchli raqiblar ro‘baru keldi, ikkinchidan, ijrochilar borasida yetishmovchilik mavjud. Murabbiy kerak bo‘lganda taktikani o‘zgartirish, almashtirishlar orqali o‘yinni kuchaytirish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda. Bennaser, Sportello, Loftus-Chik, Chukveze kabi futbolchilar doim ham asosiy tarkib a’zolari sanalishmasa-da, aynan zaxiradan tushib o‘yinni o‘zgartirish uchun munosib ijrochilar edilar. Bundan tashqari, «Napoli»ga qarshi o‘yinda Luka Yovichning ham maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Malik Tiav esa, yuqorida tilgan olingan «Yuventus»ga qarshi uchrashuvda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi.

Aslida «Napoli»da jarohatlar kam bo‘lsa-da, solishtirganda, ayniqsa, o‘tgan mavsumda jamoa o‘yiniga qo‘shgan xissasi borasida gap ketsa, nomlar jiddiyroq: Xuan Xesus – eng asosiy himoyachilardan biri, Kimning tark etganini e’tiborga olsak, eng muhim figura. Viktor Osimhenga ortiqcha ta’rif shart emas, u ham bir oydan ortiq muddatga safdan chiqqan. Andre Zambo-Angissa esa, maydon markazida juda katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish bilan ko‘p mutaxassislar nazarida hatto Xvicha va Osimhendan ham muhimroq futbolchi sifatida e’tirof etilgandi. Bu shartlarda, yana yangi murabbiy bilan jamoaning ham Italiya chempionatida, ham Chempionlar Ligasida o‘zini o‘nglab olgani maqtovga sazovor holat. Bu o‘yindagi g‘alaba «Napoli»ni peshqadamlarga ancha yaqinlashtiradi va rasman chempionlar poygasiga qo‘shadi.

Yana bir fakt, neapolliklar qatorasiga besh o‘yindan beri «Milan» ustidan o‘z maydonidagi uchrashuvlarda g‘alaba qozona olmayapti. A Seriya doirasida o‘tgan oxirgi uch uy uchrashuvida boy bergan, qizig‘i, Milanda o‘tgan oxirgi uch o‘yinda esa g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Mezbonlar uchun yanayam alamli jihat shuki, bahorda, Chempionlar ligasi chorakfinalida aynan milanliklar «Napoli»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘shanda «Napoli» ancha kuchli futbol namoyish etayotgan va ko‘p mutaxassislar tomonidan finalgacha borishi taxmin qilingandi. Qisqa qilib aytganda, «Napoli» jamoasi uchun aynan o‘z muxlislari oldida «Milan»ni yutish bo‘yicha kattagina qarzi bor. Uza olisharmikin?

BOShQA O‘YINLAR

28 oktyabr. CheLSI – Brentford (16:30), BAVARIYa – Darmshtadt (18:30), ARSeNAL – Sheffild Yunayted (19:00), Vulverhempton – NYuKASL (21:30), YuVeNTUS – Verona (23:45)

29 oktyabr. Brest – PSJ (17:00), BRAYTON – Fulhem (19:00), LIVeRPUL – Nottingem Forest (19:00), Ayntraxt – BORUSSYa D (19:30), ATLeTIKO – Alaves (30 oktyabrga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: