«Real»ning fantastik kambeki va Keynning maydon markazidan goli. Yevropada kun o‘yinlari 

Sport 21:21 / 28.10.2023 44520

Ispaniya: Bellinghem «Real» uchun klasikoni yutib berdi

«Barselona» – «Real» 1:2 (1:0, 0:2)
Gollar:
1:0 – 6 Gundo‘g‘an, 1:1 – 68 Bellinghem, 1:2 – 90 Bellinghem.
«Barselona» – ter Stegen, Joau Kanselu (Yamal, 77), Martines, Kristensen, Arauxo, Balde, Gundo‘g‘an, Gavi, Lopes (Romeu, 72), Joau Feliks (Rafinya, 77), Ferran Torres (Levandovski, 61).
«Real» – Arrisabalaga, Karvahal, Alaba, Ryudiger, Mendi (Kamavinga, 52), Kroos (Modrich, 63), Valverde, Tchuameni, Bellinghem, Vinisius Junior (Vaskes, 90), Rodrigo (Hoselu, 63).
Ogohlantirishlar: Lopes (17), Ferran Torres (45), Karvahal (61).

Klasiko — hamisha alohida voqea. Nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo uchun, shuning uchun Xavi bunday o‘yinlar ikki tomonda ham hayrat uyg‘otuvchi o‘yinlar bo‘lishi haqida juda to‘g‘ri so‘zlarni aytdi. Shu bilan birga, bu safar «Monjuik» stadionidagi o‘yinda kataloniyaliklar safida ham, madridliklar safida ham Kurtua, Eder Militao, Pedri va Frenki de Yong kabi yetakchi futbolchilar maydonga tusha olmasdi.

Levandovski va Kunde jarohatdan tuzalgan bo‘lsa-da, mezbonlar jamoasi bosh murabbiyi ularni bu maqomdagi o‘yinga tushirishga shoshilmadi. Tarkiblardagi tanlov imkoniyatlari cheklangani tufayli syurprizlar ham kutish o‘rinsiz edi. Mendi o‘tgan turda ham chap qanotda o‘ynagan, Arauxoning o‘ng qanotga ko‘chirilishi — uni Vinisius Juniorga biriktirish uchunoldingi klasikolarda ham qo‘llangan tajriba. O‘ng qanot himoyachisi Kanselu esa oldinroqqa chiqarilib, toza vinger sifatida tushirildi.

Qanotlarga bu qadar jiddiy e’tibor qaratilgani tufayli ilk golli hujum markazdan yuzaga keldi. Lekin bunda mezbonlarga omad ham kulib boqdi, Tshuameni Gundo‘g‘anga qayta uzatilayotgan pasni to‘xtatishga urindi, ammo undan kelgan to‘pni Alaba yana germaniyalik yarimhimoyachiga topshirdi va ko‘k-anorranglilar uydagi klasikoda 1999 yildan buyon eng tezkor golni urdi.

16 daqiqada Kroos Gavining bosimi ostida to‘p yo‘qotgach, Fermin Lopes jarima maydoniga kirib zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga tegdi. 30-daqiqada Joau Feliks to‘pni Ryudigerdan olib o‘tib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida esa Karvahal uning jarima maydoniga kirib borishiga yo‘l qo‘ymadi.

«Real» shundan keyin ham o‘yinini kuchaytirishga harakat qilmadi. Madridliklar dastlabki 45 daqiqalikda  golli vaziyatlarni deyarli yaratishmadi. Ryudiger uzoq masofadan zarba yo‘llab ko‘rdi, Karvahalning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Bellinghem Gavi tomonidan yaxshi qo‘riqlandi, Vinisiusning aldab o‘tishga harakatlari ko‘p holda to‘p yo‘qotilishi va uning hakamga e’tirozlari bilan yakunlandi. Madridliklar 2010 yil aprelidan buyon ilk bor birinchi bo‘limda barselonaliklar darvozasi sohasiga aniq borgan birorta zarba bera olishmadi. Gavi va Fermin maydon markazi uchun kurashda Bellinghem va Kroosdan yaqqol ustun kelishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Inigo Martinesning bosh bilan yo‘llagan zarbasi ustunga tegdi, qaytgan to‘pga Arauxo yo‘llagan zarbani Kepa bartaraf etdi.

Anchelotti o‘yinni barqarorlashtirish uchun Kamavinga va Modrichni maydonga tashladi. Mezbonlar qator vaziyatlardan foydalana olmaganidan keyin, qoidaga ko‘ra tashabbus «Real»ga o‘ta boshladi. «Barselona» hujum chizig‘ini to‘liq yangiladi – Levandovski, Rafinya va Yamal maydonga tushdi. Ammo golni madridliklar urishdi, 68-daqiqada raqib jarima maydoni yaqinida bo‘sh qoldirilgan Bellinghemning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasiga ter Shtegen qarshilik ko‘rsata olmadi.

Durang hisob o‘yin uchun mantiqiy yakundek ko‘rinayotgandi, ammo Bellinghem yana o‘zini ko‘rsatdi. Modrich Karvahalning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini o‘ziga bo‘ysundira olmadi, lekin uning teginishidan keyin to‘p Judga borib tushdi. Angliyalik futbolchi esa yaqin masofadan turib to‘pni ter Shtegenning oyoqlari orasidan o‘tkazdi – va bu o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ro‘y berdi. Bellinghem yana kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘la oldi. Bu dubl orqali u turli klasikolardagi turli vaziyatlar bilan birga tarixga kirdi.

Madridliklarning katta o‘yinda qahramonlik ko‘rsatishi kutilgan boshqa bir futbolchisi Vinisius esa maydonda faqat tortishuvlar bilan yodda qoldi.

U hisob 2:1 ko‘rinishini olganidan keyin almashtirildi, ammo maydonni tark etishda u tilini chiqarib, «Barsa» fanatlarini mazax qildi. Shu vaqt Rafinya yugurib kelib, uni turtib maydondan chiqarishni boshladi. Mojaro yuzaga kelmasligi uchun Anchelotti ham vaziyatga aralashdi va tom ma’noda shogirdining qo‘lidan sudrab olib ketdi. Xuddi bezori o‘g‘lini olib ketgandek otadek.

Yakunda «Real»ning «Barselona» bilan farqi to‘rt ochkoga yetdi, Xavi jamoasi «Jirona»dan ham shuncha farq bilan ortda qolmoqda.

Angliya: «asalarilar» — «Stemford Brij»ning dahshatli tushi

«Chelsi» – «Brentford» 0:2
Gollar:
0:1 – 58 Pinnok, 0:2 – 90+6 Mbemo.
«Chelsi» – Sanches, Disasi (Jyeyms, 67), Tiago Silva, Koluill, Kukurelya (Vashington, 81), Gallaher, Palmer, Kaysedo (Ugochukvu, 81), Sterling, Madueke (Matsen, 67), Jyekson.
«Brentford» – Flekken, Roerslev, Ayyer, Pinnok, Kollinz, Xiki (Goddos, 84), Nergor, Yyensen (Oneka, 64), Yanelt (Yarmolyuk, 76), Vissa (Mope, 76), Mbemo.
Ogohlantirishlar: Mope (56), Kaysedo (78), Oniyeka (85), Goddos (90), Nergor (90).

Sentyabr oyi oxiridan buyon mag‘lubiyatga uchramagan «Chelsi» kunning ilk o‘yinini juda kuchli boshladi, ammo ko‘klarning g‘ayrati faqat birinchi bo‘lim o‘rtalariga qadar yetdi. Yoki «Brentford» bir necha vaziyatdan foydalana olmagan mezbonlarning (Maduekening zarbasi esa to‘singa tegdi) sur’atiga moslashdi.

Ikkinchi bo‘limda esa «asalarilar» raqibni qiynashga kirishdi. Sanches bir marta qutqardi, ammo keyinroq raqib jarima maydoniga yetib kelgan himoyachi Pinnok burchakdan kelgan uzatmani darvozaning olis burchagiga joyladi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda «Chelsi» o‘yinni qutqarib qolish uchun to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi, burchak zarbasi ijro etilganida darvozabon ham jarima maydoniga yetib kelgandi, ammo to‘p yo‘qotilgach mehmonlar tezkor qarshi hujum uyushtirdi va Mbemo bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

Bu jamoalar qarama-qarshiligida unikallik bor — Angliya chempionatida mezbon jamoaning so‘nggi g‘alabasi 1946 yilga to‘g‘ri keladi. «Brentford» — APLda «Stemford Brij»dagi dastlabki uch o‘yinida g‘alaba qozongan ilk jamoaga aylandi.

«Arsenal» – «Sheffild Yunayted» 5:0
Gollar:
1:0 – 28 Nketia, 2:0 – 50 Nketia, 3:0 – 58 Nketia, 4:0 – 88, penalti Fabiu Viyeyra, 5:0 – 90+6 Tomiyasu.
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Tomiyasu, 66), Kiver, Saliba, Zinchenko, Rays, Haverts, Smit-Rou (Fabiu Viyeyra, 73), Martinelli (Trossar, 66), Saka (Nelson, 73), Nketia.
«Sheffild Yunayted» – Foderinghem, Bogl (Boldok, 71), Robinson, Trasti, Tomas, Makati (Flek, 71), Sliman (Osborn, 59), Norvud, Vinisius, Hamer (One, 83), Bryuster (Archer, 59).
Ogohlantirishlar: Osborn (60), Bogl (70), Norvud (87).

«Chelsi»ning mag‘lubiyati — yangi qurilayotgan jamoa uchun xos bo‘lgan beqarorlik belgisi bo‘ldi. «Arsenal»da ham shunday davr bo‘lgandi, ammo hozir «kanonirlar» — oyoqqa turib olgan jamoa va bir kun oldingi o‘yinda g‘alaba evaziga birinchi o‘rinni mustahkamlab olgan «Tottenhem»ni oldinga qo‘yib yubormadi. Hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida «Sevilya»ga qarshi o‘yin qahramoni bo‘lgan Gabriel Jyezus jarohat olgandi. Lekin uning o‘rniga tushgan Nketia APLdagi ilk het-trigini nishonladi.

«Arsenal» safida angliyalik futbolchilar bir o‘yinda uch gol urishi sakkiz yildan buyon kuzatilmagandi — shu yil yozda faoliyatini yakunlagan Teo Uolkott oxirgisi bo‘lib turgandi. Nketianing uchinchi goli eng chiroylisi bo‘ldi, u jarima maydoni tashqarisidan zarba yo‘llab, to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi. Unda to‘rtinchi gol bo‘lishi ham mumkin edi, ammo penalti tepish huquqini uni ishlagan Fabiuning o‘ziga topshirdi - portugaliyalik futbolchi esa golini bo‘lajak farzandiga bag‘ishladi. O‘tkazib yuborilgan gollari soni 29 taga yetgan «Sheffild Yunayted» esa bir ochko bilan oxirgi o‘rinda qolmoqda — APL tarixidagi eng yomon start.

«Vulverhempton» – «Nyukasl» 2:2
Gollar: 0:1 – 22 Uilson, 1:1 – 36 Lemina, 1:2 – 45, penalti Uilson, 2:2 – 71 Hvang Hi Chhang.
«Vulverhempton» – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Gomesh, Ait-Nuri, Lemina (Gomes, 86), Traore (Doyl, 54), Netu (Kalayjich, 77), Hvang Hi Chhang, Mateus Kunya.
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff, Almiron (Uillok, 72), Joelinton, Gordon, Uilson.
Ogohlantirishlar: Bern (66), Lassels (69), Trippiyer (82), Ait-Nuri (83), Longstaff (90).

Mavsum startida qatorasiga uch o‘yinda yutqazgan «Nyukasl» sentabr oyi boshida ikki frontda jang olib bora olmaydigan ko‘rinayotgandi. To‘g‘ri, o‘shanda «qarg‘alar»da o‘ta noqulay taqvim yuzaga kelgandi - bu oraliqda «Manchester Siti», «Liverpul» va «Brayton» klublariga qarshi o‘yinlar o‘tkazildi. Endi esa o‘sha qora polosani hech kim eslamayapti, chunki Eddi Hau jamoasi Chempionlar ligasida raqobatbardosh jamoa bo‘la olishini ko‘rsatmoqda va APLda ham vaziyat yaxshilangan.

Shanba kuni «Nyukasl»ning ichki birinchilikdagi mag‘lubiyatsiz seriyasi olti o‘yinga yetdi (+4=2), Uilson esa Isakning safdan chiqishi jamoaga juda ham jiddiy zarba bo‘la olmasligini ko‘rsatdi. Kallumning shanba kungi birinchi goli ko‘p jihatdan o‘ziga xos bo‘lib chiqdi. Birinchidan, bu qaychi uslubidagi zarba bilan urildi. Ikkinchidan, «Vulverhempton» Uilson premiyer-ligada darvozasini ishg‘ol etgan 23-jamoaga aylandi. Unga qarshi kamida to‘rt o‘yinda raqib bo‘lgan va undan gol o‘tkazmagan yagona jamoa esa... «Nyukasl».

Qolaversa, ushbu hujumchi 45 gol bilan «qarg‘alar»ning APLdagi eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida uchinchi o‘ringa chiqib oldi. 148 golga mualliflik qilgan Alan Shirerni quvib yetish amalda imkonsiz, ammo ikkinchi o‘rindagi Piter Berdsliga yetishga atigi uch gol qoldi. Ammo uning ikki goli ham g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi, «Vulverhempton»ni so‘nggi vaqtlarda qadrdon «Molinya» stadionida yengishning imkoni bo‘lmayapti. «Bo‘rilar» o‘z uyida «Man Siti»ni yengdi (2:1), mavsumni kuchli o‘tkazayotgan «Aston Villa»ni ham ochkolardan mahrum etdi (1:1), endi esa «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Lekin shu kuni mezbon jamoa muxlislari kayfiyatini buzadigan bir holat ham kuzatildi — Pedru Netu maydonni zambilda tark etdi. U bungacha Leminaga golli uzatma berib, APLdagi eng yaxshi assistent (7) maqomini mustahkamlashga ulgurgandi.

Italiya: omadsizlik bilan kurash - «Yuve» uch gol urdi, ammo faqat bittasi hisoblandi

Yuventus – Verona 1:0
Gol: Kambyazo 90+6.
Yuventus – Shchensni, Rugani (Yildiz, 87), Bremer, Gatti, Vea (Miretti, 46), Kostich (Kambyazo, 62), Rabo, Lokatelli, Makkenni, Kin (Keza, 62), Vlaxovich (Milik, 82).
Verona – Montipo, Faraoni (Tshatshua, 73), Davidovich, Manyani, Terrachchano (Koppola, 90), Doyg (Lazovich, 73), Duda, Ongla (Suslov, 73), Folorunsho, Jurich, Bonatssoli (Serdar, 84).
Chetlatish: M.Allegri, 90+6.

«Yuventus»ning xavfli hudud yaqinida qolayotgan «Verona»ga qarshi o‘yini turinliklar forvardi Moyze Kinning omadsizlik bilan marafoniga aylanib ketdi. O‘z vaqtida sariq-ko‘klar jamoasi safida o‘ynagan forvard vaziyat ketidan vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, bir amallab to‘pni darvoza to‘riga kiritganida esa — ishga yangi texnologiyalar aralashdi. Birinchi bo‘limda ofsaydni belgilashning yarimavtomatik tizimi ko‘rsatdiki, Kinning tovonining kichik qismi «o‘yindan tashqari» holatda qolib ketgan. Ikkinchi bo‘limda esa VAR bosh bilan gol urgan ushbu forvard hujumning boshlang‘ich bosqichida raqibdan qochish vaqtida uning yuziga zarba berib yuborganini qayd etdi.

Qaysidir pallada Massimiliano Allegrining sabri tugadi va Kinni almashtirdi, hujumchi esa noroziligini ochiq namoyish etganicha darhol kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. Faqat bu almashtirish vaziyatni o‘nglay olmadi. Qulay vaziyatlardan foydalana olmaslik, bir necha metr masofadan turib darvoza chizig‘ida paydo bo‘lgan himoyachiga qarata zarba berish, penalti ishlash uchun behuda urinishlar... Ammo yakunda Kin zaxira o‘rindig‘iga qaytdi va qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada to‘p ustunga tegib qaytishi hamda Montiponing ajoyib seyvidan keyin Kambiyaso baribir to‘pni darvozaga joylashiga guvoh bo‘ldi.

O‘yinning so‘nggi daqiqalari shu qadar hissiyotli kechdiki, arbitr Allegrinini zaxira o‘rindig‘idan chetlatdi. Lekin yakunda turinliklar g‘alabaga erishib, A Seriya peshqadamiga aylanib oldi. Jamoa bu pog‘onani saqlab qolishi «Inter»ning yakshanba kuni «Roma»ga kechadigan o‘yini natijasiga bog‘liq.

Germaniya: bir bo‘limda sakkiz gol

Bavariya – Darmshtadt 8:0 (0:0, 8:0)
Gollar:
1:0 – 51 Keyn, 2:0 – 56 Sane, 3:0 – 60 Musiala, 4:0 – 64 Sane, 5:0 – 69 Keyn, 6:0 – 71 Myuller, 7:0 – 76 Musiala, 8:0 – 88 Keyn.
Bavariya – Noyyer, Mazraviy, de Ligt (Pavlovich, 77), Kim Min Je, Devis (Kretsig, 66), Kimmix, Laymer (Tel, 77), Koman (Myuller, 65), Sane, Musiala (Shupo-Moting, 77), Keyn.
Darmshtadt – Shuen, Bader, Klarer (Ishervud, 72), Maglitsa, Gyasula, Nyurnberger, Kempe (Karich, 62), Shnellxardt (Honzak, 46), Melem (Franich, 62), Skarke, Pfayffer (Tsimmermann, 45).
Ogohlantirishlar: de Ligt (38), Bader (49), Nyurnberger (69).
Chetlatishlar: Kimmih (4), Gyasula (21), Maglitsa (41).

350 kunlik tanaffusdan keyin Manuel Noyyer «Bavariya» darvozasiga qaytdi va ikkinchi bundesligadan chiqib kelgan jamoaga qarshi o‘yinda sheriklari unga tom ma’noda muammo yaratishdi. 4-daqiqadayoq Kimmih o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni yo‘qotgach yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan raqibni gazonga qulatib, qizil kartochka oldi. Bu ajablanarli, ammo shu yilacha bavariyaliklarning ushbu yetakchisi hech qachon maydondan chetlatilmagandi, fevraldan buyon esa unga ikki bor qizil kartochka ko‘rsatildi.

Ko‘p o‘tmay Tomas Tuxel ham ogohlantirildi, u jahlini tiya olmasdan maydonga chopib chiqdi va hakam uni futbolchisi ortidan kiyim almashtirish xonasiga yuborishi ham mumkin edi. Ammo, umuman olganda, hakam o‘yinni yomon boshqarmadi. Ha, arbitr VAR tavsiyasidan keyin vaziyatni ko‘rib chiqib Laymer tomonidan ishlangan penaltini bekor qildi, avstriyalik futbolchini jarima maydoniga kirmasidan oldin yiqitishgandi. Bu vaziyatda «Darmshtadt» futbolchilaridan biri maydondan chetlatildi, 41-daqiqaga kelib esa mehmonlar to‘qqiz kishi bo‘lib qolishdi.

Ular tanaffusgacha chidab berishdi, ammo keyin bavarlarning klassik ekzekutsiyasi boshlandi. Bunday natijada tafsilotlarni keltirish ortiqcha, lekin bir bo‘limda sakkiz gol urilishi — hatto «10 ga 9» formatida ham — unikal hodisadir. «Bavariya»da bunaqasi hech qachon kuzatilmagan. Bundan tashqari, bundesligada hech kim to‘qqizinchi turga kelib 34 gol urib ulgurmagandi. Keyn ham tarixiy ko‘rsatkich qayd etdi. Uning mavsum startida to‘qqiz o‘yindagi 12 aniq zarbasi — Germaniya chempionatidagi rekord ko‘rsatkich, qolaversa shanba kuni Harri gollaridan birini maydon markazidan turib urdi. U jamoa safida barcha turnirlar doirasidagi 13 o‘yinda 14 gol urgan va 7 golga uzatma bergan. 

Leroy Sane ham ajoyib statistika qayd etmoqda: Bundesliganing to‘qqiz o‘yinida sakkiz gol. U Keyn bilan to‘purarlar uchligini to‘ldirgan, oldinda faqat «Shtutgart» superto‘purari Seru Girassi (14 gol).

Myullerga esa o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘yish uchun bitta aniq zarba yetarli bo‘ldi va u endi qatorasiga 15 mavsum davomida kamida bittadan gol urgan ilk bavariyalikdir.

Girassisiz o‘ynab, o‘z uyida «Hoffenhaym»ga yutqazgan «Shtutgart»ning qoqilishidan foydalangan bavariyaliklar birinchi o‘ringa ko‘tarildi va kamida «Bayyer»ning yakshanba kungi o‘yini yakunlanganicha shu o‘rinda qoladi. Keyingi haftada esa Dortmundga qarshi nemis klassikasi bo‘lib o‘tadi. U yerda — Kimmihning diskvalifikatsiyasi va Goretskaning jarohati ham inobatga olinsa — o‘ynash oson bo‘lmaydi.

«RB Leypsig» – «Kyoln» 6:0 (4:0, 2:0)
Gollar:
1:0 – 15, penalti Verner, 2:0 – 40 Openda, 3:0 – 43 Raum, 4:0 – 45 Openda, 5:0 – 88 Sheshko, 6:0 – 90 Baumgartner.
«RB Leypsig» – Blasvih, Henrihs, Klostermann, Lukeba, Simakan, Raum (Lens, 75), Shlager, Aydara, Simons (Olmo, 63; Karvalyu, 70), Verner (Baumgartner, 63), Openda (Sheshko, 75).
«Kyoln» – Shvebe, Karstensen, Shabo (Kilian, 46), Hyubers, Pakyarada, Kayns (Huseynbashich, 70), Lyubichich, Mayna (Alidu, 46), Martel, Zelke (Ut, 77), Valdshmidt (Olesen, 70).
Ogohlantirishlar: Simakan (19), Shabo (29), Roze (35), Olesen (72), Klostermann (79), Baumgart (82), Kilian (85).
Chetlatish: Olesen (80).

«Leypsig»da ham bu turda muammo bo‘lmadi, jamoa to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha Dortmundning «Borussiya» klubiga yetib oldi. «Bavariya»dan farqli o‘laroq, «ho‘kizlar» jamoasi barcha masalani tanaffusga qadar hal qilib qo‘yishdi, 40-daqiqadan keyingi oraliqda uch gol urildi. Yirik hisobni shu hafta safga qaytgan Verner boshlab berdi, u hozirda Marko Roze jamoasida asosiy hujumchi bo‘lmasa ham, «Leypsig» tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Ayni vaqtda jamoada asosiy bo‘lgan Openda shu kuni ikki gol urdi va gollari sonini 8 taga yetkazdi. Belgiyalik futbolchi jamoaning bu mavsumdagi rekordiga katta hissa qo‘shmoqda. Jamoa shu vaqtgacha to‘qqiz turda hech qachon yigirmatadan ortiq gol urmagandi, bu mavsumda esa 25 gol urib ulgurdi.

Kun statistikasi

  • «Benfika» darvozaboni Trubin Portugaliya chempionatida 2 penalti qaytardi. Lissabonliklar jamoasida darvozabonlar buni 40 yildan buyon uddalay olmayotgandi.
  • Bu mavsumda «Torino» darvozaboni Vanya Milinkovich-Savich 5 ta quruq o‘yin o‘tkazdi. Serbiyalik posbon top-5 ligalarda bu borada faqat «Nitssa»dagi Bulke (7) hamda «Inter»dagi Zommerdan (6) ortda qolmoqda.
  • «Real» yarimhimoyachisi Bellinghem la ligada urgan gollari sonini 10 taga yetkazdi. Bu Zinedin Zidanning Madriddagi istalgan mavsumidagi natijasidan ko‘proq.
  • «Lans» hujumchisi Sotoka liga 1 va liga 2 o‘yinlaridagi gollari sonini 32 taga yetkazdi va jamoaning XXI asrdagi eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Ko‘proq yangiliklar: