XX asr 70-yillarida ko‘pgina aviakompaniyalar samolyotlarni oq rangga bo‘yash orqali qanday manfaat ko‘rishgan? – “Zakovat”ning kuzgi mavsumi to‘rtinchi o‘yinidan reportaj 

Jamiyat 16:25 / 27.10.2023 25539

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;

Muazzam Uzoqova - arab tili o‘qituvchisi;

Nodira Turg‘unova - ingliz tili o‘qituvchisi (jamoa sardori);

Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;

Nodira Rahmonova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;

Nazokat Abdusayitova - pedagog.

Nodira Turg‘unova jamoasi 2023 yilning kuzgi mavsumi to‘rtinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raundda o‘rta asrlarda daraxtlarning po‘stlog‘i, qorakuya, yong‘oq po‘stlog‘i, anor va tut daraxti smolasi, qarag‘ay va kanop yog‘idan foydalanib, uzoq qaynatib hosil qilingan suyuqlikdan nima sifatida foydalanilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bir daqiqa davomida jamoa turli variantlarni o‘rtaga tashlasa-da, to‘g‘ri variant chiqmadi va hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda Fransiyadagi duel jarayonida atrofda sekundantlardan sal narida qaysi ikki soha kishilari turgani so‘raldi. Ushbu savolda jamoa to‘g‘ri javobga ancha yaqin kelgandi, jamoaning yakuniy javobidan bittasi to‘g‘ri chiqdi, ammo ikkinchi soha kishisiga noto‘g‘ri javob berildi. Hisob – 0:2.

Jamoa a’zosi Muazzam Uzoqova 

3-raundda XX asr 70-yillarida ko‘pgina aviakompaniyalar samolyotlarni oq rangga bo‘yash orqali qanday manfaat ko‘rishgan, degan mazmundagi savol o‘ynaldi. Muhokama davomida jamoa to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi va teletomoshabinlar yirik hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob – 0:3.

Jamoa a’zosi Maysara Ochilova 

4-raundda turli suratli savollardan iborat blits savollari o‘ynaldi. Blitsning birinchi va ikkinchi savolidan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoa uchinchi savolga kelganda qiyinchilikka uchradi va klub yordamini olishga qaror qildi. Klub yordami jamoaga blits raundini o‘z foydasiga hal qilib, o‘yinda ilk ochkoni olishiga hissa qo‘shdi. Hisob – 1:3.

Jamoa sardori Nodira Turg‘unova 

5-raundda o‘rta asrlarda Samarqanddagi qul bozorida qullarning faryodi va yig‘isi bilan birga yana nimaning ovozi eshitilib turgan, degan mazmundagi savolga jamoaning yetakchi bilimdonlaridan biri Muazzam Uzoqova to‘g‘ri javob bera oldi va jamoasining ahvolini biroz yengillashtirdi. Hisob – 2:3.

Jamoa a’zosi Madina Mirzarahmatova 

Keyingi raundda xorazmlik havaskor shoirning bir mashhur filmga bag‘ishlab yozgan she’ridan tuzilgan qiziqarli savol o‘ynaldi. Afsuski, bu savolda ham jamoaning ishlari yurishmadi va hisob 2:4 ko‘rinishiga keldi.

Jamoa a’zosi Nodira Bahromova 

7-raundda qiziqarli milliy savol o‘ynaldi. XX asrning 20-yillari o‘zbek kinosidagi iqtidorli yoshlarni Moskva, Peterburgga o‘qishga yuborishda faqat aktyor, rejissorlar emas, operator va o‘sha davr kinosi uchun muhim bo‘lgan yana qaysi mutaxassislar ham yuborilgani haqidagi savolda jamoa yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi va tomoshabinlar jamoasi yirik hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob – 2:5.

Jamoa a’zosi Nazokat Abdusayitova 

Keyingi raundda Qadimgi Rimda qullar soni juda ko‘payib ketgan sharoitda ko‘cha-ko‘yda ularni oddiy insonlardan farqlash uchun ularning bo‘yniga kimning quli ekanligini bildirish uchun medalyon osib qo‘yish amaliyoti joriy etilgani, ammo tez orada nega bu amaliyotdan voz kechilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Nisbatan osonroq bo‘lishiga qaramay, ushbu savolga ham javob topilmadi va ketma-ket ikkinchi o‘yin ham 2:6 hisobi bilan yakunlanadigan bo‘ldi.

Shunday qilib, mavsumning to‘rtinchi o‘yini ham bilimdonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi.

Jamoaning mag‘lubiyati sabablari sifatida uyushqoqlikning yo‘qligi, yetakchi o‘yinchilarning o‘zini ko‘rsata olmagani va yutqazayotganda ruhiy tushkunlikka tushib qolingani kabi holatlarni keltirish mumkin. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallif: Ravshanbek Mamajonov, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: O‘rta asrlarda bir soha kishilari safar oldidan bir suyuqlikni tayyorlash uchun daraxtlarning po‘stlog‘i, qorakuya, yong‘oq po‘stlog‘i, anor va tut daraxti smolasi, qarag‘ay va kanop yog‘idan foydalanib, uzoq qaynatib, o‘zlari uchun kerak suyuqlikni tayyorlab olishgan. Keyin bir aniq maqsadda safarga yo‘l olishgan.

Diqqat savol: Qanday suyuqlik tayyorlashgan va qayerga safarga yo‘l olishgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Maktublarni yopishtirish jarayonida foydalangan va bundan ular elchilik qilib, maktublarni bir davlatdan boshqasiga yetkazib yurishgan.

To‘g‘ri javob: Ular xattotlar, ular o‘zlariga o‘chmaydigan siyohlar tayyorlab olishgan va Makkaga yo‘l olishgan. U yerdan Qur’oni Karimni ko‘chirib olib kelish maqsadida.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Ravshanbek Mamajonov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallif: A’zam Ne’matov, Romitan tumani, Buxoro

Boshlovchi: Prosper Merimening “Karl VI saltanati yilnomasi” asarida Fransiyadagi duel jarayoni to‘liq tasvirlanadi. Atrofda sekundantlardan sal narida ikkita xolis odam turadi, ammo ular boshqa soha kishilari. Ular ham duelga alohida chaqirilgan. Ularning vazifasi duel tugagandan keyin boshlanadi. Yozuvchi shu duel sahnasini juda ham to‘laqonli qilib tasvirlagan.

Diqqat savol: Ular qaysi ikkita soha vakili bo‘lishi mumkin?

Javobni Nazokat Abdusaidova beradi: Bizning fikrimizcha, biri shifokor, ikkinchisi notarius, ya’ni o‘sha paytda vasiyatnoma rasmiylashtirish kerak bo‘lib qolishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Duel tugagach, yiqilgan duelchi yoniga haligi ikki kishi keladi. Ulardan biri yarador bo‘lsa, yordam beradi. Ulardan ikkinchisi, uni so‘nggi manzilga jo‘natish uchun kerakli oyatlarni o‘qiydi. Ularning biri shifokor, ikkinchisi ruhoniy.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi A’zam Ne’matov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

3-raund. Savol muallifi: Xadicha G‘ofurova, Toshkent shahri

Boshlovchi: XX asr 70-yillarida ko‘pgina aviakompaniyalar samolyotlarni bo‘yashni urfga kiritdilar. O‘sha paytlarda negadir ko‘pchilik samolyotlarni oq rangga bo‘yashni afzal bilarkan. Sababi oq rang boshqa ranglardan ko‘ra quyosh nurini yaxshi qaytaradi. Samolyot korpusidagi defektlarni ham, zanglarni ham darrov ko‘rsatib qo‘ya qoladi. Oq rangning yana bir ustunlik tomoni borki, bundan aviakompaniyalar yaxshigina foyda ko‘rishadi.

Diqqat savol: Oq rangga bo‘yalgan samolyotlardan kompaniyalar qanday foyda ko‘rishadi?

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Fikrimizcha, aviakompaniyalar samolyotni oq rangga bo‘yashdan maqsad, aviakompaniyaning nomi oq rangda yaxshiroq ko‘rinadi va bu o‘ziga xos reklama bo‘lib xizmat qiladi.

To‘g‘ri javob: Oq rangning boshqa rangdan massasi kamroq bo‘larkan. Samolyotni qancha vazni kamaysa, yonilg‘i sarflash shuncha kamayib boradi. Hamma bo‘yoqlar aslida oq bo‘ladi, unga boshqa ranglar qo‘shilishi natijasida uning vazni ortadi. Samolyotni bo‘yash uchun esa yuzlab kilo bo‘yoq kerak bo‘ladi.

Hisob: 0 - 3

Savol muallifi Xadicha G‘ofurova 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Blits savollari.

1-savol muallifi: Abdulaziz G‘aniyev, Namangan

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu surat "G‘alati nikoh" deb nomlangan. Bu surat 2-3 yil oldin suratga olingan.

Diqqat savol: 2-3 yil oldingi holatni eslang va savoldagi nikohning nomini topib bering.

Javobni Maysara Ochilova beradi:  "Karantindagi to‘y"

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri.

2-savol muallifi: Muxlisa Ma’rufxo‘jayeva, Oltinko‘l tumani, Andijon

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu rasmdagi binolard ichidagi uychalar ichida bir soha kishilari uchun zarur moslamalar ishlab chiqariladi. 19-asrda Yevropada qurilgan bu fabrika binolari ataylab shunday bo‘lak-bo‘lak qilib qurilgan.

Diqqat savol: Bu fabrikalarda nima ishlab chiqarilgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Bu Alfred Nobelning kompaniyasi binolari, bu yerda dinamit ishlab chiqarilgan.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri.

3-savol muallifi: Dilasal Davlatova

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu harbiy transportlar Chexiyaning "Infrotex" kompaniyasida ishlab chiqarilgan. Bu tanklar boshqa tanklardan ellik, yuz barobar arzon turadi. Ammo ular jang maydonida ancha samarali ish qiladi, raqiblar ularni yo‘q qilish uchun 20 barobar ko‘p mablag‘ sarflaydi. Samarali tomoni ko‘p deyilyapti, asosiysi u masofadan boshqariladi.

Diqqat savol: Nega bu tanklar arzon, ammo samarasi yuqori?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Bu kabi harbiy tanklar haqiqiy tanklar emas, bu tanklar dushman tarafni aldash uchun ishlab chiqarilgan tanklar.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri.

Hisob 1 - 3

Dilasal Davlatova 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

 

5-raund. Savol muallif: Muzrob Hoshimov, Toshkent shahri

Boshlovchi: Sergey Borodinning "Samarqand osmonida yulduzlar" asarida XIII-XIV asrlardagi Samarqanddagi qul bozori ta’riflangan. Bu bozorning boshqa bozorlardan farqi o‘ziga xos ovozida bo‘lgan. “Bozorni tashqi tomondan eshitib tursangiz, qullarning dodi eshitiladi, yig‘isi bilan birga Uning ovozi ham eshitilib turardi” degan.

Diqqat savol: Asarda ta’riflangan U nima?

Javobni Muazzam Uzoqova beradi: Fikrimizcha, qullar bo‘lgandan keyin ularni jazolash yoki ovozi yoqmagan paytda ovozini o‘chirish uchun qamchidan foydalanilgan bo‘lsa, balki, qamchi ovozi eshitilib turgandir.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri.

Hisob: 2 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallif: Gulruxsor Ro‘zmatova, Yangiariq tumani, Xorazm

Boshlovchi: Xorazmlik bir havaskor shoirning bir mashhur filmga bag‘ishlab yozgan she’ri: 

Balki omad kuldi va yo taqdir ham,

Zehni g‘arq bo‘lmadi nafsning qariga.

To‘rt gumon ostida to‘qqizta qadam,

Bolalik sevgisi sabab bariga. 

Sezgan bo‘lsangiz bu she’r bir film qahramoniga atab yozilgan.

Diqqat savol: O‘sha film nomini toping.

Javobni Muazzam Uzoqova beradi: "Mehrobdan chayon" filmi.

To‘g‘ri javob: "Xarobadan chiqqan millioner" filmi edi.

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Gulruxsor Ro‘zmatova 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Savol muallif: O‘rol Ochilov, Jizzax viloyati

Boshlovchi: XX asrning 20-yillari o‘zbek kinosi uchun ilk ko‘tarilish yillari hisoblanadi. Talantli yoshlarni Moskva, Peterburgga o‘qishga yuborish boshlangan. Faqat aktyor, rejissorlar emas, operator va Ular ham yuborilar ekan. O‘sha davr kinosi uchun Ular juda zarur bo‘lishgan.

Diqqat savol: Ular kimlar?

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Tarjimonlar.

To‘g‘ri javob: 20-30-yillar davomida ayollar rolini teatrda ham kinoda ham erkaklar o‘ynagan, ularning ko‘rinishini o‘xshatish uchun usta grimmyorlar kerak bo‘lgan.

Hisob: 2 - 5

Savol muallifi O‘rol Ochilov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

8-raund. Savol muallifi: Saida’zam Xo‘jayev, Olmazor tumani, Toshkent

Boshlovchi: Qadimgi Rimda bir paytlar qullar soni juda ko‘payib ketadi. Aholining 1/3 qismini qullar tashkil etadi. Ko‘cha-ko‘yda ularni oddiy insonlardan farqlash uchun ularning bo‘yniga kimning quli ekanligini bildirish uchun medalyon osib qo‘yiladi. Ammo tez orada bu amaliyotdan voz kechishadi.

Diqqat savol: Nega bu kabi medalyonlardan voz kechishadi?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Aytaylik, barcha medalyonlar yechib tashlandi. Keyinchalik shunday bir qonun chiqqandirki, mamlakatdagi barcha qullar imperatorga tegishli, alohida bir shaxslarga emas.

To‘g‘ri javob: Agar qullar o‘zlarining juda ko‘p ekanliklarini bilib qolishsa, qo‘zg‘olon ko‘tarishlari mumkin, degan xavotirga borishgan va zudlik bilan bo‘yinlaridagi medalyonlarni yechib olishgan.

Hisob: 2 - 6

Savol muallifi Saida’zam Xo‘jayev 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - O‘rol Ochilov, grimmyorlar haqidagi savol

O‘rol Ochilov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: