«Barselona»ni yoshlar qutqarmoqda, «o‘lim guruhi»da intriga kuchaymoqda. YeChL o‘yinlari

Sport 02:11 / 26.10.2023 33776

N guruhi

Ilk het-trik

«Barselona» — «Shaxtyor» 2:1
Gollar:
Torres (28), Lopes (36) — Sudakov (62). 
«Barselona» – ter Stegen, Kanselu, Martines (Kristensen, 82), Arauxo, Alonso (Balde, 70), Gundo‘g‘an, Romeu, Lopes (Kasado, 82), Felish (Giu, 75), Torres, Yamal.
«Shaxtyor» – Riznik, Konoplya, Matviyenko, Bondar, Azarov, Stepanenko (Eginaldo, 90+2), Zubkov, Kriskiv (Neverton, 63), Sudakov, Bondarenko, Sikan (Kelsi, 70).
Ogohlantirishlar: Torres (43), Kriskiv (50), Konoplya (72), Balde (75), Bondar (87).

Kutilganidek «Barselona» shanba kungi klasiko arafasidagi o‘yinda jiddiy qiyinchilikka uchramadi. Lekin bir kun oldin «Real» bilan bo‘lgani kabi kataloniyaliklar ham bu turnirda ilk bor gol o‘tkazib yuborishdi. Bu esa Ferran Torresning goli ofsayd tufayli bekor qilinganidan keyin ro‘y berdi va hisob 3:0 o‘rniga 2:1 ko‘rinishini oldi.

Levandovski yo‘qligida yana hujum uchligi markazidan o‘rin egallagan Torres o‘yindagi eng faol figuralardan biri bo‘ldi. Aynan u Fermin Lopesning zarbasidan keyin ustundan qaytgan to‘pni darvozaga yo‘llab hisobni ochdi muxlislarga vafot etgan buvisiga bag‘ishlangan yozuvlar aks etgan ichki futbolkasini ko‘rsatdi. Bungacha kataloniyaliklar safida YeChLdagi besh golni eng qisqa muddatda (yetti o‘yin) urishga faqat Luis Enrike erishgandi.

Bundan tashqari, Torresning pasidan keyin Fermin Lopes oradagi farqni oshirdi, uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi avval ustunga tegib, keyin darvoza to‘riga borib tushdi. Agar ushbu yosh yarimhimoyachi hujumlarni yakunlashda yanada aniqroq harakat qilganida het-trik qayd etishi ham mumkin edi. Ammo unda vaziyatlar yetarlicha ko‘p bo‘layotganining o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi, ayniqsa klasiko arafasida. Bu o‘yinda yoshlar tashabbusni o‘z qo‘liga olishi talab etiladi, chunki ko‘k-anorranglilarda jarohatlar davom etmoqda va Joau Feliks ham maydonni bevaqt tark etgani Xaviga navbatdagi zarba bo‘lishi mumkin. Lekin so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning jarohati jiddiy emas va portugaliyalik bir necha kun ichida tiklanishi mumkin.

«Antverpen» — «Portu» 1:4
Gollar:
Yusuf (37) — Evanilson (46, 69, 84), Eushtakiu (54). 
«Antverpen» – Byute, de Lat (Veyndal, 60), Alderveyreld, Kulibali, Batay, Ekkelenkamp, Yusuf, Vermeren, Muya (Ejuke, 78), Balikvisha (Valensiya 77,  Kerk 90), Yanssen (Ilenikena, 77).
«Portu» – Koshta, Mariu, Pepe, Karmu, Vendell (Evanilson, 44), Franku (Sanches, 66), Eushtakiu (Gruyich, 83), Varela (Niko, 83), Pepe (Konseysau, 83), Torimiy, Galeno.
Ogohlantirishlar: Eushtakiu (14), Karmu (45), Pepe (61), Muya (72), Alderveyreld (90).

Bu turdagi eng kamtarona afishaga ega bo‘lgan uchrashuv Pepe tufayli Chempionlar ligasi tarixiga kirdi. Portugaliyalik faxriy futbolchi 40 yoshu 241 kunligida maydondagi futbolchilar orasida asosiy yevrokubok tarixidagi eng yoshi katta futbolchiga aylandi. Bungacha bu borada Alessandro Kostakurta va Devid Ueyr eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etib turgandi, Pepe esa ularning natijasini bir oyga yaxshiladi. 

Birinchi bo‘lim oxirlarida esa mehmonlar jarima maydoni ichidagi tartibsizlik hisob ochilishi bilan yakunlandi. Ammo hozircha «Antverpen» Chempionlar ligasi uchun juda mo‘rt jamoa bo‘lib qolmoqda. Belgiyaliklar o‘tgan turda ikki to‘p farqini saqlab qola olmasdan «Shaxtyor»ga yutqazib qo‘ygandi, nisbatan kuchliroq raqibga qarshi o‘yindagi bir gol esa hali hech narsani bildirmasdi. «Portu» ham buni isbotladi va tanaffusdan keyin olti daqiqa ichida ikki gol urildi. Zaxiradan tushib het-trik qayd etgan Evanilson esa kecha qahramoniga aylandi.

G guruhi

Barchasi deyarli aniq

 

«Yang Boyz» — «Manchester Siti» 1:3
Gollar:
Elia (52) — Akanji (48), Holand (67 penalti, 86). 
«Yang Boyz» – Rachoppi, Blum (Janko, 80), Benito, Kamara, Garsiya (Persson, 80), Lauper (Males, 80), Ugrinich, Nyasse, Elia, Itten (Nsame, 73), Monteyru (Ganvula, 73).
«Manchester Siti» – Ederson, Ake, Diash, Akanji, Lyuis, Kovachich, Grilish, Rodri (Fillips, 90), Nunesh (Alvares, 72), Doku (Silva, 72), Holand (Gomes, 90). 
Ogohlantirishlar: Monteyru (4), Kamara (64).

«Yang Boyz» «Manchester Siti»ning hujumlariga bir bo‘lim davomida bardosh berib turdi, lekin vaziyatlardan birida Benito to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarishiga to‘g‘ri keldi, tanaffus arafasida esa Rodrining kuchli va xavfli zarbasini darvozabon qaytardi. Bular tabiiyki «shaharlar»dagi vaziyatlarning barchasi emasdi, tanaffusdan keyin esa son bilan birga sifat ham qo‘shildi, darvozabon Ruben Diashning zarbasini to‘sganida qaytgan to‘pni boshqa bir markaziy himoyachi Akanji darvozaga kiritib yubordi.

Xosep Gvardiola jamoasida istalgan futbolchi gol urishi mumkin, ammo himoyachilar o‘zlarining birinchi galdagi vazifalarini a’lo darajada uddalay olishmadi. Natijada darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Elia to‘pni Edersonning ustidan oshirib darvoza to‘riga tashladi. Ammo jarima maydoni ichida himoyachi ehtiyotsizlik oqibatida Rodrining oyog‘ini bosib olishi «Yang Boyz»ning barcha harakatlarini yo‘qqa chiqardi. Holand esa aprel oyida «Bavariya»ga qarshi o‘yindan buyon YeChLdagi ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi.

Agar u gol urmaganida Gvardioladan nega Alvares zaxirada qolganini so‘rashgan bo‘lishardi. Avvalgi turlarda uch gol urgan argentinalik hujumchi zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va gol ham urdi, ammo uning goli hujum vaqtida Grilish qo‘li bilan o‘ynagani tufayli bekor qilindi, bu esa jahon chempionining samaradorligini bekor qila olmaydi. G‘oliblarni qoralashmaydi, Holand esa qulay joyda ochilib, yana bir bor aniq zarba yo‘llash orqali asosiy yevrokubokda qanday gol urishni butunlay esdan chiqarib qo‘ymaganini ko‘rsatdi. U turnirdagi gollari sonini 37 taga yetkazdi va afsonaviy Ferens Pushkashni ortda qoldirib, turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar yigirmataligiga kirdi.

«Leypsig» — «Tsrvena Zvezda» 3:1
Gollar:
Raum (12), Simons (59), Olmo (84) — Stamenich (70). 
«Leypsig» – Blasvih, Henriks (Klostermann, 58), Lukeba, Simakan, Raum, Forsberg (Baumgartner, 58), Simons (Olmo, 75), Kampl, Shlager, Poulsen (Verner, 82), Openda (Sheshko, 82). 
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Dragovich, Rodich (Nedelkovich, 65), Jiga, Miyaylovich, Mitrovich (Luchich, 65), Ivanich, Hvang In Bom, Stamenich (Katay, 81), Olayinka (Bukari, 46), Ndiayye (Miyatovich, 65).
Ogohlantirishlar: Henriks (28), Stamenich (34), Rodich (45), Hvang (46), Jiga (71).

Bu guruhdagi boshqa o‘yinda favoritning ishi ancha osonroq kechdi, «Tsrvena Zvezda» darvozaboni Raum gol urgan vaqtda qutqara olmadi. Shunga qaramay, birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Leypsig» ham bir necha yoqimsiz daqiqalarni boshdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Ular hakamni VAR tavsiyasi bo‘yicha monitorga borib, Lukeba to‘pga o‘ynaganini ko‘rishi va belgilangan penaltini bekor qilishini talab qilishi talab etildi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar Chavi Simonsning uzoq masofadan to‘qqizlikka yo‘llangan zarbasidan keyin ham nokautga uchrashmadi va javob golini urishdi. Faqat o‘yin oxirida, jarohatdan keyin formasini tiklay boshlagan Dani Olmoning golidan keyingina oq bayroq ko‘tarildi. Bu kvartetda oldindan favorit bo‘lganlar nisbatan kamtarroq raqiblariga hech qanday imkon qoldirmayapti.

F guruhi

«PSJ» «o‘lim guruhi»da yetakchi, Dortmundga to‘sin yordam berdi

«PSJ» — «Milan» 3:0
Gollar:
Mbappe (32), Kolo-Muani (53), Li Kan In (89). 
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi (Mukiyele, 90+3), Markinos, Shkrinyar, Ernandes, Ugarte (Ruis, 71), Vitinya, Zair-Emeri, Dembele (Li Kan In, 71), Mbappe, Kolo-Muani (Ramush, 82). 
«Milan» – Menyan, Kalulu, Tomori (Kiyer, 90), Tiav (Kalabriya, 46), Ernandes, Krunich (Adli, 77), Reynders, Musa (Pobega, 77), Pulishich, Leau, Jiru.
Ogohlantirishlar: Tiav (4), Krunich (7), Hakimi (16), Dembele (44), Tomori (61), Kalulu (62).

«O‘lim guruhi» o‘ziga yopishtirilgan yorliqqa to‘la mos bo‘lmoqda. F kvartetidagi har bir o‘yinni kuzatish qiziqarli bo‘lmoqda, bu yerda to‘plangan yulduzlar nafaqat o‘z mahoratini namoyish etmoqda, balki o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solish zaruratini his qilishmoqda. Dastlabki turlarda jamoalarning barchasi ochko yo‘qotishga ulgurgani ajablanarli emas. «Milan» esa bu o‘yinlarda gol o‘tkazmagan bo‘lsa-da, gol ham urmadi.

Bu guruhda oxirgi turga qadar pley-off ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘lmasligiga shubha yo‘q. «Nyukasl»ning ham, «Borussiya» va «Milan»ning ham ishtirokini guruh bosqichidayoq tark etishi haqiqiy sensatsiya bo‘ladi. «Pari Sen-Jyermen» haqida gapirishga hojat ham yo‘q — Mbappeni Yevropa Ligasida ko‘rish juda g‘alati ko‘ringan bo‘lardi.

Parijliklarning o‘tgan turda Angliyada uchralgan mag‘lubiyati juda og‘riqli qabul qilindi va jamoa muxlislari buning uchun bosh murabbiy Luis Enrikeni qattiq tanqid qilishdi. O‘shanda Fransiya chempionlari haddan tashqari hujumkor o‘ynashga qaror qilgan va boshlang‘ich tarkibda birdaniga to‘rt nafar hujumchi tushirilgandi.

Enrike xatosini tan oldi va shundan keyin bunday avantyuraga qaytmadi. Kimnidir qurbon qilishga to‘g‘ri keladi va «Milan» bilan o‘yinda Gonsalu Ramush zaxirada qoldirildi. Ammo portugaliyalik futbolchisiz ham hujum chizig‘i dahshatli ko‘rinishda.

Bu o‘yindagi intriga «o‘lim guruhi» hisobga olinmaganida ham yetarli edi: Donnarumma «Milan»ga, Menyan o‘zini tarbiyalagan «PSJ»ga, aka-uka Ernandezlar bir-biriga qarshi... Qolaversa, qizil-qoralar yevrokubok o‘yinida ilk bor birorta italiyalik bo‘lmagan tarkib tushirdi.

O‘yin sekin sur’atda boshlandi va mezbonlarning darvoza sohasiga borgan ilk zarbasi birinchi bo‘lim o‘rtalarida kuzatildi. Ammo parijliklar payt poylayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular «Milan» ijrosidagi kuchli oraliqda turib berishdi, keyin esa hisobni ochishdi.

Golni Mbappe urdi, ammo unda asosiy ishni vunderkin Zair-Emeri bajardi — 17 yoshli havbek vaqt o‘tgan sari o‘zining aqlli o‘yini va jismoniy tayyorgarligi bilan hayron qoldirmoqda. U maydonning ikkinchi qismida pas qabul qilib oldi va raqiblarni ortda qoldirgan holda to‘pni oldingi chiziqqa olib borib, forvardga assistentlik qildi.

«PSJ» birinchi bo‘limda barcha muhim statistik parametrlar bo‘yicha raqibdan ustunlik qildi va bittadan ortiq gol urishi ham mumkin edi. «Milan» ikkinchi bo‘limda ochilishga majbur edi, ularga gol kerak edi va bundan Enrike jamoasi foydalandi.

Mehmonlar tobora ko‘proq hududlarni bo‘sh qoldira boshladi. Bunga ko‘p jihatdan Stefano Pioli tanaffusda amalga oshirgan o‘zgartirishlar sabab bo‘ldi: u sariq kartochka ishlagan Tshauni maydondan oldi, Kaluluni himoya markaziga ko‘chirdi, Kalabriya esa o‘ng qanotga yuborildi, chunki Mbappega qarshi turish juda qiyin edi.

«Milan» ko‘proq hujumni o‘yladi, ammo mudofaani ham unutmaslik kerak edi. Mehmonlar juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishdi va ulardan biri qimmatga tushdi. «PSJ» ikkinchi bo‘lim boshida darvozani ishg‘ol etdi, ammo Dembelening fransuzlar jamoasidagi debyut goli hujum vaqtida Ugarte tomonidan qoida buzilgani tufayli bekor qilindi. 53-daqiqada esa hakamlar ham milanliklarni qutqara olmadi — ularning barchasi burchak zarbasi tezkor ijro etilganida dog‘da qolishdi va Kolo Muani hech qanday qarshiliksiz hisobdagi farqni oshirdi.

Mehmonlarda butun ikkinchi bo‘lim davomida birgina vaziyat yuzaga keldi, Jiru noqulay vaziyatda turib ham o‘tkir burchakdan xavfli zarba berdi. «PSJ» hisobni ancha yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi. Mbappe yorqin o‘yin ko‘rsatdi, himoyachilar unga istagancha harakat qilishga yo‘l qo‘yib berishdi. Ammo forvard baribir ikkinchi golini ura olmadi.

O‘yindagi uchinchi gol Li Kan In tomonidan urildi — bir necha oy oldin «Maliorka»dan kelgan koreyalik hozircha yangi klubi safida gol urmagandi, ammo bu oqshom uning orzusi amalga oshdi va aynan u «PSJ»ning o‘tgan mavsumgi YeChL yarimfinalchisi ustidan yirik g‘alabasini ta’minladi. Fransuzlar jamoasi Nyukasldagi mag‘lubiyat uchun o‘zini oqlay oldi va «o‘lim guruhi»da yetakchi bo‘lib qoldi. Noyabrda jamoaga Milanda javob uchrashuvi kutmoqda.

«Nyukasl» — «Borussiya» D 0:1
Gollar:
Nmecha (45). 
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Bern (Targett, 70), Gimaraes, Longstaff (Tonali, 65), Almiron, Joelinton (Myorfi, 65; Uillok, 70), Gordon, Isak (Uilson, 15).
«Borussiya» D – Kobel, Hummels, Shlotterbek, Bensebayni, Zabitser, Jan (O‘zjan, 43), Nmecha (Reyna, 79), Volf, Roys (Adeyyemi, 63), Malen (Zyule, 78), Fyullkrug (Aller, 79).
Ogohlantirishlar: Volf (35), Gimaraes (79).

O‘tgan turda «Sent Jyeyms Park»da «PSJ» tomonidan yakson etilgan «Borussiya» bu safar butkul boshqacha jamoa edi. Bir tomondan «Nyukasl» safidagi muammolar dortmundliklarning ishini yengillashtirdi — mezbonlar safida o‘yin natijalariga pul tikish bo‘yicha mojaroda ayblanayotgan Tonalini 10 oylik diskvalifikatsiya kutmoqda va uning ruhiy holati yaxshi emas, 15-daqiqada esa jamoaning asosiy hujumchisi Isak jarohat olib maydonni tark etdi.

«Asalarilar» jamoasi ham birinchi bo‘lim davomida jarohat tufayli Emre Janni yo‘qotdi, ammo bu o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Poup bir hujum davomida Malen va Fyullkrugning zarbalarini qaytarib ikkitalik seyv ijro etgan bo‘lsa, bo‘lim oxirida Shlotterbek maydon markazida to‘pni olib qo‘yib, hujum uyushtirganida Nmecha yo‘llagan ideal zarba qarshisida ojiz qoldi. Bu gol g‘alaba goli bo‘lib qoldi, ammo mehmonlar ustunlikni saqlab qolish uchun ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Kobel muqarrar goldan qutqardi, ikki marta esa to‘p darvoza to‘siniga tegdi. Guruh bosqichi yarmiga kelib Dortmund ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.

Ye guruhi

«Seltik» sensatsiyaga yaqin keldi

«Seltik» — «Atletiko» 2:2
Gollar:
Furuhasi (4), Palma (28) — Grizmann (25), Morata (53). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Grizmann (25). 
«Seltik» – Hart, Jonston, Karter-Vikers, Skeylz, Teylor, Makgregor, O`Rayli, Hatate (Bernardu, 7), Maeda, Palma (Fillips, 62), Furuhasi (Forrest, 80). 
«Atletiko» – Oblak, Molina, Savich, Ermoso, Vitsel, Galan (Liorente, 46), Koke, Saul (Rikelme, 46), De Paul, Grizmann, Morata (Korrea, 73).
Ogohlantirishlar: Karter-Vikers (30), De Paul (35), Galan (38), Molina (45), Palma (51), Teylor (59), Savich (82). 
Chetlatish: De Paul (82). 

«Atletiko» yana birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi. Faqat bu ibora raqibga nisbatan adolatsizlik bo‘lishi mumkin. Shotlandiya chempionlari qadrdon «Seltik Park»da butunlay boshqacha o‘yin namoyish etadi, Glazgoga qaytgan Brendan Rojyers esa tomoshabop o‘yin qo‘ymoqda. Shu bilan birga, «keltlar» o‘zining yuqori sur’atini 90 daqiqa davom ettirishi qiyin.

Furuhasining tezkor golidan keyin statistikachilar esga olib qolishdi: «Seltik» YeChLda dastlabki besh daqiqada gol urgan o‘yinlarida hech qachon g‘alaba qozona olmagan. Ular bu safar ham g‘alabani saqlab qola olmadi, ammo durang bilan faxrlansa bo‘ladi. Glazgo jamoasi kuchli beshlik vakillariga qarshi o‘yinlarda 2016 yil dekabridan buyon ilk bor ochko ololdi. Morata ikkinchi bo‘lim boshida ikkinchi marta hisobni tenglashtirganida mezbonlar sinib qolishmadi, qolaversa, De Paulning chetlatilishi o‘yin oxirida faollashishga yordam berdi.

«Feyyenoord» — «Latsio» 3:1
Gollar:
Himenes (31, 74), Zerruki (45+2) — Pedro (83, penalti). 
«Feyyenoord» – Beylo, Niukop (Lopes, 46), Gansko, Gertryuyda, Hartman, Timber, Viffer, Zerruki (Lingr, 89), Stengs (Ivanushets, 78), Payshao (Jahonbaxsh, 71), Himenes (Ueda, 79).
«Latsio» – Provedel, Hyusay (Ladzari, 46), Romanioli, Kazale, Marushich, Alberto, Vesino (Kataldi, 78), Rovella (Genduzi, 46), Anderson (Pedro, 68), Dzakkani, Immobile (Kastelyanos, 55).
Ogohlantirishlar: Rovella (28), Niukop (30), Himenes (44), Kazale (45), Lopes (48), Hartman (58), Romanioli (61), Vesino (65), Dzakkani (87), Genduzi (90), Kastelyanos (90+5), Gertryuyda (90+5).

Bir yil oldin ushbu jamoalar Yevropa Ligasida bir guruhdan joy olishgandi va o‘shanda barchasi so‘nggi turda hal bo‘lgan, uch jamoa bir xilda ochko to‘plagandi. Yakunda «Latsio» pley-offga chiqa olmasdan, Konferensiyalar ligasiga tushib ketgan, hal qiluvchi golni esa Himenes urgandi. Ushbu forvard undan oldin ham Rimdagi o‘yinda ikki gol urgani inobatga olisa, bu meksikalik forvardni Rim «burgutlari» uchun dahshatli tush deb atash mumkin.

Shunday ekan, Himenesning chorshanba kungi navbatdagi yutuqlaridan ajablanishga hojat yo‘q edi, Chempionlar ligasidagi debyutda o‘zi yaxshi taniydigan raqibga qarshi o‘ynagani unga qo‘l keldi. Avvaliga uning goli kichik ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo ikkinchi urinish muvaffaqiyatli chiqdi. Tanaffusdan keyin esa yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi. «Latsio»ga qarshi uch o‘yindagi besh gol — juda ajoyib natija. Ammo, albatta, bunda jamoadoshlarining ham hissasi bor, ular orasida ikki golda qatnashgan Stengs hamda uzoq burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llagan Zerrukini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.

Kun statistikasi

  • Yarimhimoyachi Zair-Emeri «PSJ» safida 18 yoshgacha 20 o‘yin o‘tkazgan 1-futbolchi bo‘ldi.
  • «Milan» 1-marta asosiy yevrokubokdagi o‘yinida boshlang‘ich tarkibga birorta ham italiyalik futbolchini kiritmadi.
  • «Latsio» vingeri Pedro 36 yoshdan keyin YeChLda qatorasiga ikki o‘yinda gol urgan 3-futbolchi bo‘ldi — Krishtianu Ronaldu va Jirudan keyin.
  • Stefano Pioli «Milan» bosh murabbiyligidagi 200-o‘yinini o‘tkazdi. U bu dovonga yetgan oltinchi mutaxassisga aylandi, eng yuqori natija esa Karlo Anchelottiga tegishli (420 o‘yin).
Ko‘proq yangiliklar: