Shveytsariyada yashab kelayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi Zarif Ibragimov Kun.uz bilan suhbatda mamlakatda avtomobil, poyezd yo‘llari atrofida daraxtlar, o‘simliklar bo‘lishiga e’tibor qaratilishi, hatto infratuzilma o‘zgartirilayotganda, yangilayotganda ham yashillikka zarar yetkazilmasligi, bitta daraxtni kesish uchun qator jarayonlar amalga oshirilishi kerakligi haqida gapirib berdi.
Insoniyatning kundan kunga ortib borayotgan ehtiyojlari sabab ko‘plab ne’matlarning yo‘qlikka yuz tutayotgani, afsuski, haqiqat. Daraxtlar, o‘rmonlar kamayib, atrof-muhit cho‘llashyapti, zavod, fabrika gazlari esa global havo isishi, havo ifloslanishiga olib kelmoqda.
Bizni o‘rab turgan va qaysidir ma’noda himoya qilayotgan yashillik yo‘qolib, uning o‘rnini bo‘shliq egallayapti. Xo‘sh, nima qilish kerak? Bu jarayondagi asosiy masalalardan biri odamlarning ekologiya, tabiat bilan to‘g‘ri muomala qilishidir. Ekologik madaniyat shakllanmas, jamiyatning o‘zi tiriklikni saqlab qolishga intilmas ekan, natijaga erishish murakkabligicha qolaveradi.
Shveytsariyada yashab, Bern universitetida ilm bilan shug‘ullanayotgan Zarif Ibragimov Kun.uzʼga bergan intervyusida dunyodagi eng toza va chiroyli davlatlaridan birida aholining atrof-muhitga munosabati, bu borada bolalarga qanday ta’lim berilishi haqida gapirib berdi.
– Zarif aka, ancha yillardan beri xorijda yashab, ilm bilan shug‘ullanib kelyapsiz. Dastlab suhbatning asosiy qismiga o‘tishdan oldin, O‘zbekistonda atrof-muhitga bo‘lgan munosabatni qanday baholaysiz? Daraxtlar kesilib, bog‘lar o‘rni biznes markazlariga aylantirilayotganiga fikringiz qanday?
– So‘nggi vaqtlarda uzoqda bo‘lsak ham OAV orqali O‘zbekiston ichida bo‘layotgan muhokama va voqealardan, ayniqsa, ekologiya masalasidan xabardormiz. Jamiyat yoki tegishli tashkilotlar orasida aholining atrof-muhitga bo‘lgan munosabati borasida shaxsiy fikrimni bildiradigan bo‘lsam, yuqoridan qandaydir buyruq yoki tashviqot ishlari, qandaydir kampaniya qilinishi kerak bo‘lsa, aksariyat hollarda xuddi dovruq uchun qilinayotgandek tuyiladi. Chunki aynan yuqoridan kelgan buyruqlardan so‘ng qilinadigan tashviqot ishlariga duch kelib qolamiz, yangiliklarni o‘qib qolamiz. Lekin undan keyin bu tashviqotlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgandek tuyiladi, shuni befarqliklardan biri deb hisoblayman.
Ikkinchidan, har qanday ekologiyaga ta’siri bor bir yangilik bo‘lsa, buni soha mutaxassislari bilan maslahatlashib, eng asosiysi uzoq muddatli rejalar qilinishini ko‘rmaymiz. Men bu sohaning mutaxassisi emasman, lekin shaxsiy fikrim shundaki, masalan, hozir Botanika bog‘i masalasida muhokamalar ketyapti, bundan 5-6 yil oldin Samarqand shahrida ham universitetning katta yoshli daraxtlarga ega xiyoboni bor. Shu xiyobon borasida muhokama ketganda ham uzoq muddatli rejalar qilinishi kerakligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qoldi. Mana shunday rejalar jamoatchilik muhokamasiga yuborilganda uzoqni o‘ylamagan holda, bir tomonlari inobatga olinmagan holda tuzilgan degan xulosaga borib qolamiz. Umumiy aytganda, qisqa vaqtli yechim qilinayotgani ko‘rinib qoladi. Bir narsani tushunishimiz kerak, bu kabi narsalar shaharsozlikning ham, infratuzilmaning ham eng ajralmas qismidan biri hisoblanadi.
Yana muammolardan biri bu – shaharlarning infratuzilmasini yangilayotganda, ya’ni o‘sha avtomobil yo‘llarining ostidan olib o‘tiladigan suv tarmoqlari, boshqa tarmoqlar bo‘ladimi, ularni yangilash jarayonida mavjud daraxtlarga nisbatan o‘ta shafqatsiz munosabatlarni ko‘ramiz. Ya’ni yangilash rejalari tuzilgan bo‘lsa, shu rejaning yo‘liga biror daraxt chiqib qolsa, yagona yechim – uni kesib tashlash. Aslida unday bo‘lmasligi kerak. O‘sha rejani hududdagi daraxtlar, o‘simliklarning borligiga qarab olsa bo‘ladi. Yoki shunga qarab moslashtirsa bo‘ladi. Mana shuning o‘zi ekologiyaga qayg‘urishning oddiygina yo‘llaridan biri bo‘lsa kerak.
Qisqacha aytganda, shu vaqt davomida tor doiradagi tashkilotlarning manfaatini ko‘zlab qisqa vaqtli yechimlar qilinishi oqibatida ekologiyaga jiddiy zarar yetkazilyapti.
– Bu borada Shveytsariya tajribasi bilan bo‘lisha olasizmi? Bilamiz, bu davlat dunyoning eng toza va chiroyli mamlakatlaridan biri hisoblanadi. U yerda aholining ekologiyaga bo‘lgan munosabati qanday?
– Shveytsariyada tabiat, ekologiya masalasida sharoitlar ancha yaxshi. Chunki buning sabablaridan biri – uning geografik joylashuvidir. Yevropani bekorga «yashil qit’a» deyishmaydi. Okeanga yaqinligi, tog‘ tizmalari, suv havzalarining ko‘pligi o‘z-o‘zidan tabiatni yaxshi sharoitlarda ushlashga yordam beradi. Ammo tabiiyki, bu yerda yashovchi insonlar, tashkilotlarning ham bu narsaga bo‘lgan munosabati, e’tibori, bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar ham atrof-muhitning yaxshi saqlanishidagi eng asosiy sabab hisoblanadi. Aholining munosabatiga keladigan bo‘lsak, bu yerda bolalar bolaligidan ota-onasi, atrofdagi jamiyat hamda tashkilotlarning ekologiyaga e’tibor berayotgani, har bir kichik masaladan tortib, kattasigacha muhim sanalayotganini ko‘rib, ulg‘ayadi va tabiiyki, bolaning o‘zi ham ekologiyaga shunday munosabatda bo‘ladi.
Sharoitlar masalasiga keladigan bo‘lsak, menga Shveytsariyadagi shaharsozlikda bir narsasi juda yoqadi, O‘zbekistonda ham shuni ko‘rishni xohlardim. Shveytsariya ham o‘zimiznikiga o‘xshab, kichkina-kichkina shahar, tumanlarga bo‘lingan. Shu hududlarning har birida sun’iy o‘rmonlar tashkil etilgan. Ma’lum bir joyni belgilab olib, o‘sha yerga kerakli sonda daraxt va o‘simliklar ekilib, o‘rmonlar qilingan. Bu o‘rmonlar aholi uchun juda ko‘p vazifalarni bajaradi, masalan, yugurish maydonchasi, dam olish uchun sayrgoh sifatida ham foydalaniladi. Shveytsariyada dam olish kunlari odamlar do‘stlari yoki oilasi bilan BBQ qilishadi, ularning dam olishi uchun shu sun’iy o‘rmonlarda sharoitlar bor.
Rostini aytsam, O‘zbekistonda bunaqangi sun’iy o‘rmonlarni ko‘rmaganman, shuning uchun aniq bir misol keltira olmayman. Shveytsariyada sun’iy o‘rmon tashkil qilish uchun mamlakatdagi 1 yoki 2 gektar joy ajratilib, o‘sha hudud to‘liq daraxtlar bilan qoplangan. Hozir u yerlarga borsangiz, bu daraxtlarning yoshi ancha katta. Asosiy e’tibor shu daraxtlarga qaratiladi va undan keyin aholi o‘rmondan turli xil maqsadlarda foydalanishi uchun ham sharoit bor. Bunday amaliyot aholining tabiatga bog‘lanishiga xizmat qiladi, tabiatga qayg‘urish, uni asrab-avaylashga undaydi.
Bundan tashqari, bu yerda hududlarning hammasi o‘ta qat’iy nazorat asosida himoya qilinadi. Ya’ni ekologiyani muhofaza qilishga javobgar bo‘lgan ma’lum bir tashkilotlar o‘sha hududlardagi har bir daraxtdan tortib, umumiy hududgacha bo‘lgan yerlarni doimiy nazorat qilib borishadi. Misol uchun, biror yoshi katta daraxtni ma’lum bir sababga ko‘ra kesish kerak bo‘lsa, bu narsaga mutaxassislarni jalb qilgan holda oldindan baho berib, shu daraxtning yoniga o‘rinbosar tayyorlanadi. U daraxtni kesishdan ikki yoki uch kun oldin emas, ancha avvaldan tayyorgarlik ko‘rilib, shu daraxt ekib qo‘yiladi. Shu o‘rinbosari tayyor bo‘lgandan keyingina eski daraxtni kesib, boshqa maqsadlarda ishlatishadi. Ya’ni o‘sha hududning yashilligini doimiy ravishda bir xil qilib ushlab turishga harakat qilishadi.
Qolaversa, avtomobil yoki poyezd yo‘llari bo‘ladimi, doimiy ravishda shularning atrofida daraxtlar, o‘simliklar bo‘lishiga e’tibor qaratiladi va har qanday sabab bo‘lishidan qat’i nazar, infratuzilmani o‘zgartirayotganda yoki yangilayotganda ham yashillikka zarar yetkazilmaydi. Bir narsa yo‘lga qo‘yib olingan, endi shu amaliyotni qat’iy nazorat qilib, yaxshilasa, yaxshilashadiki, lekin yomonlashtirishga yo‘l qo‘yishmaydi.
– Aynan bu borada maktab ta’limi haqida ham gapirib berolasizmi? Oila muhitidan tashqari, atrof-muhitni asrash ko‘nikmalari o‘quvchilarda qanday shakllantiriladi, dasturlarda bu amaliyot qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Bog‘cha va maktab o‘quvchilari asosan mashg‘ulotlarini maktab hududida o‘tkazadi. Ammo ta’lim berishning O‘zbekistondan farqi shundaki, bu yerda bolalar tabiat qo‘yniga tez-tez olib chiqib turiladi. Bog‘cha bolalaridan boshlasak, hamma yerda bo‘lmasa ham, ular uchun aholi gavjum joylarda bolalar maydonchalari tashkil qilingan. Gap shunchaki maktab, ko‘p qavatli uylarning yonida joylashgan maydonchalar haqida ketmayapti, bu maydonchalar o‘sha yuqorida aytilgan sun’iy o‘rmonlarga yaqinroq hududda tashkil etilgan bo‘ladi. Ya’ni turli xil sabablar, mashg‘ulotlar bahonasida bolalar tabiat qo‘yniga tez-tez olib chiqib turiladi. Ya’ni o‘sha maktablarda o‘tiladigan fanlar, o‘quvchilarga beriladigan tushunchalardan tashqari, eng muhimi mana shunday amaliy mashg‘ulotlardir.
Intervyuni to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.