Samarqandda is gazidan uch kishi vafot etdi

Jamiyat 13:45 / 25.10.2023 23473

Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanib uch kishi vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar bermoqda.

Hodisa 2023 yil 15 oktyabr kuni Oqdaryo tumani Taraqqiyot mahallasida joylashgan dalahovlida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, vafot etganlarning ikki nafari voyaga yetmagan bolalar, 9 yoshli qiz (4-sinf o‘quvchisi) va 3 yoshli o‘g‘il bola bo‘lgan. Yana 53 yoshli ayol ham olamdan o‘tgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tegishli modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Hurmatli fuqarolar! Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz», deyiladi Bosh prokuratura matbuot kotibining xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2022 yilda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 90 dan ortiq holat sodir bo‘lgan. Buning oqibatida 146 kishi vafot etgan, yana 50 nafar fuqaro jabrlangan. Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni ko‘mir, o‘tin, neft mahsulotlari va boshqa turdagi yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga va nostandart yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlaridan foydalanmaslikka chaqirgan.

Is gazi bilan zaharlanishga turli sabablar keltiriladi. Birida mo‘risi tozalanmagan pechka, boshqasida esa ogohlantirmasdan o‘chirib yoqilgan tabiiy gaz, boshqasida qo‘lbola isitish pechlaridan foydalanish sabab bo‘ladi.

Avvalroq Farg‘onada ikki kishi, Jizzax va Qashqadaryoda to‘rt kishi, Samarqandda oila qurganiga hali bir oy ham bo‘lmagan kelin-kuyov, Namanganda 8 yashar bola is gazidan zaharlanib vafot etgani xabar qilingandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: