«Bizdan ketguncha, egasiga yetguncha» – Sergelidagi portlashdan zarar ko‘rgan xonadon egalari ta’mirlash ishlaridan qoniqmayotganini aytmoqda

Jamiyat 19:16 / 23.10.2023 67855

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada portlash yuz berganiga 28 oktyabrda bir oy bo‘ladi. Aholi xonadonlariga yetkazilgan zararni qoplash, uylarni ta’mirlash ishlari esa hamon davom etyapti. Kun.uz muxbiri portlash zarar yetkazgan hududda bo‘lib, ta’mirlash ishlari qanday olib borilayotganini o‘rgandi.

Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan Interlogistics MChJ hududidagi omborxonada 28 centyabr kuni yong‘in va portlash sodir bo‘lgandi. Portlash oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan Hukumat komissiyasi holat yuzasidan jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs qamoqqa olingani, 1 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, o‘rganishlar natijasida omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlangani aniqlandi. Ta’kidlanishicha, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan. 

Buning oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uydagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning, 1 maktab va 1 bog‘chaning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Hozir ushbu obektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Quruvchilar dahasidagi 9A ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolardan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda zarar yetgan xonadonlar oxirigacha ta’mirlanmasdan tashlab ketilayotganini aytdi.

«Ta’mirlashda faqat oynalarni to‘g‘ri qo‘yib berishdi xolos. Qo‘yilgan eshiklarda tutqich yo‘q, ustiga-ustak to‘g‘ri qo‘yilmagan, yaxshi yopilmaydi ham. Qilib berishadi deb ustalarning raqamini berishgandi, qo‘ng‘iroq qilsak, boshqa joyga tushib qoldingiz, deyishyapti. Bizga yashashga yaroqsiz holda berishdi uyni. 20 kun boshqa joyda yashab, endi o‘zimiz tuzatish uchun ustalar qo‘ydik. Pul topgan odamlar-ku amallab qilyapti, imkoni yo‘qlar-chi, sovuqda qoladimi? Ta’mirlash bu faqat oyna qo‘yish degani emas-ku», — deydi u.

9V uyda yashovchi Feruza Aytimbetovaning aytishicha, ustalar faqat balkon bilan mehmonxona o‘rtasidagi derazadan boshqa hamma joyni ta’mirlab bergan. Mas’ul shaxslar bir necha kun ichida qolgan joyni ham ta’mirlab beramiz deb va’da berib ketgan. 

Tashqi tomondan hududdagi umumiy holat yaxshilangan. Ta’mirlash ishlari tugallanib qolgan. Biroq aholi xonadonlardagi deraza romlari va eshiklar shoshib o‘rnatilganini aytmoqda.

«Tekshirish uchun kelishganda eshik-derazalarni, kafellarni, televizorni, mashinamizni ko‘rishdi. Televizor haqida hech narsa deyishmadi, 2 ta mashinamizdan faqat bittasini ta’mirlatish haqida gap bo‘ldi, bunisi hali turibdi. Faqat oynalarni yaxshi qo‘yishgan, romlar esa chala, qiyshiq. Kafellar hali ta’mirlangani yo‘q, hozir ham nurab tushyapti. Oshxonamizni o‘zimizning hisobdan ta’mirladik. Uylarning gulqog‘ozlari yirtilib, yashab bo‘lmaydigan holatga kelgandi. Boshida 4-5 kun hol-ahvol so‘rashdi, shundan keyin hech kim kelgani yo‘q. Hamma narsani qilib beramiz, deyishgandi, ammo faqat oyna bilan eshik-rom qilishdi», – deydi zarar yetgan xonadon egalaridan biri.

3V uyning 4-xonadonida istiqomat qiluvchi Gulmira Bobonazarovaga ko‘ra, xonadonida oila a’zolaridan hech kim jabr ko‘rmagan, yetkazilgan zararlar esa qoplab berilgan.

Fuqarolar, shuningdek, favqulodda hodisa bo‘yicha aholi muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan 1205 qisqa raqamli koll-markaz faoliyatidan qoniqmayotganini bildirdi.

«Biz ham shu talafotni xohlaganimiz yo‘q, uylarimiz yaxshi ta’mirlangandi. Shu 3 kun «bizdan o‘tguncha, egasiga yetguncha» qilib ketishdi. Eshiklarimizning haligacha tutqichi yo‘q. Bizga imzo qo‘ydirib olishdi. Kafellarimiz to‘kilgan, uyda oyoq kiyim bilan yuribmiz haligacha. Ko‘chani chiroyli qilib ketishdi, lekin uy ichi odam yashaydigan holatda emas. Pod’yezd oynalari to‘kilib yotibdi, bu yog‘i sovuq tushyapti, yog‘ingarchilik boshlanyapti. 1205 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilsak, go‘shakni olishmaydi ham. Ustalarning raqami deb berib ketishgan raqamga qo‘ng‘iroq qilsak, boshqa joyga tushdingiz, deyishadi», – deydi 9A uy 68-xonadonda yashovchi Omongul O‘rozova.

Sergeli tuman hokimligi hali ham ta’mirlash ishlari davom etayotgani bo‘yicha bayonot berdi

«Haqiqatan ham ba’zi shikast yetish darajasi nisbatan og‘irroq bo‘lgan xonadonlarda hozirgi kunga qadar ta’mirlash ishlari yakuniga yetmagani va bu ishlar hozirda ham davom etayotganini ma’lum qilamiz. Ushbu ishlarning hanuzgacha yakunlanmagani ta’mirlash jarayoni uchun zarur bo‘ladigan jihozlarni (nostandart deraza, eshik-romlar) tayyorlashga talab etiladigan muddatlar bilan bog‘liq», – deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, hokimlik ta’mirlashning kechikishiga pudratchi tashkilotlarning o‘z zimmasiga uddalay olmaydigan ishlar hajmini olgani, mas’uliyatsiz yondashuvlar ham sabab bo‘lganini qayd etgan.

Bundan tashqari, hokimlik izohida «hudud aholisi orasida vaziyatdan unumli foydalanib qolish, deraza-romlar va eshiklarni zamonaviylariga almashtirib olish maqsadida ularni qasddan sindirish holatlari ham uchragani» qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz nima uchun xarajatlar davlat hisobidan bo‘layotgani yuzasidan bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatovga savol yo‘llagandi

Hidoyatov prezident bosh vazirga zaxira fondidan mablag‘ olib, odamlarni tezroq, sovuq tushmasidan uylariga kirgizish borasida topshiriq berganini qayd etib, sodir bo‘lgan portlash yuzasidan tergov harakatlari va sud jarayoni uchun ko‘p vaqt talab etilishini ta’kidlab, shu boisdan ta’mirlashga kerak bo‘ladigan mablag‘lar zaxira jamg‘armasidan ishlatib turilganini aytgandi.

Behzod Hidoyatov tergov va sud ishlari yakuniga yetgach davlatning hozirgi xarajatlari korxona zimmasiga yuklanishini, ta’mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinishini bildirgandi.

Kun.uz hozirgi vaziyatni ham, portlash bo‘yicha sud jarayonini ham diqqat bilan kuzatib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: