“Dorining puliga nevaralarimizga kitob olib beramiz” – 15 yildan beri Milliy bog‘da badantarbiya qilib kelayotgan 50-90 yoshli ayollar

Jamiyat 14:22 / 21.10.2023 22480

Har kuni ertalab Milliy bog‘ yashil nimchali ayollar bilan to‘ladi. Toshkentning turli tumanlaridan 50 dan 90 yoshgacha bo‘lgan ayollar bu yerga badantarbiya qilish uchun keladi. Ular orasida pedagogika fanlari doktori, Alifbe kitobi mualliflaridan biri Qumri Abdullayeva ham bor. Kun.uz “sportchi” ayollarga mikrofon tutdi. 

Toshkent shahrida joylashgan Milliy bog‘ga 2011 yildan beri yoshi 50 dan oshgan ayollar badantarbiya uchun chiqadi. Guruh "E’zozli ayollar" deb atalib, Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra Shayxontohur tumanidagi Yangiobod mahallasi ayollari bilan tashkil qilingan. Guruh a’zolari bir necha yillardan beri gimnastrada musobaqalarida qatnashib, yuqori o‘rinlarni egallab keladi. Bu mashg‘ulotlar ularga qanday foyda berganini ayollarning o‘zlari gapirib berdi.

Bu yerda 90 yoshgacha bo‘lgan ayollar ham bor. Masalan, Qumri Abdullayeva, 90 yoshda. U Alifbe kitobi mualliflaridan biri va pedagogika fanlari doktori, professor. Qumri aya 90 yoshda har ertalab vaqtli uyg‘onib, badantarbiya qilish uchun kuch topib, Milliy bog‘ga keladi.

"Qishin-yozin, xoh qor, xoh yomg‘ir bo‘lsin, bizga farqi yo‘q 15 yildan beri har kuni kelamiz. Mashq qilsam, o‘zimni yengil his qilaman, ortiqcha yuk bo‘lmaydi, kayfiyat yaxshi bo‘ladi. Har kuni bu yerdagi ayollar bilan ko‘rishamiz, diydorlashamiz", – deydi u.

Keksa onaxonlardan yana biri – 82 yoshli Ozoda Shukurova. U yoshligida musiqa asboblari ishlab chiqariladigan fabrikada dutor kosasini yasagan. 3 nafar farzandi bor. Bir o‘g‘li Amerikada yashaydi.

"Yaqinda Amerikaga borib keldim, sayohat qilib. 40 kun turib keldim. Ko‘kalamzor, o‘rmonzor joy, havosi juda yaxshi ekan. Lekin O‘zbekistonni sog‘indim, u yerda dugonalarim bilan har kuni ertalab mashq qilishga chiqardim, dedim bolalarimga", – deydi Ozoda Shukurova.

76 yoshli Ravshanoy Yo‘ldosheva "E’zozli ayollar" gimnastrada guruhi asoschilaridan bo‘lib, 5 nafar farzandi, 14 nevara, evarasi bor. U shu guruhning ilk tashkilotchilaridan.

"Mahalladagilarga aytib, Muyassar Fathullayeva bilan shu guruhni tashkil qilishda qatnashganmiz. Keyin hamma tumanlarga borib, targ‘ibot qilganmiz. 2010 yilda gimnastradada qatnashib, “Dilxiroj” kuyiga o‘ynaganmiz. Shundan beri 14 kishi har yili gimnastrada musobaqalarida qatnashib kelamiz", – deydi u.

Guruh qanday tashkil qilingani haqida 74 yoshli Hanifa Fayziyeva ham qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, mashg‘ulotlarni 4 nafar ayol bilan boshlashgan. Keyin sekin-sekin ko‘payib, hozir 60-70 nafarga yetgan.

O‘zimga kelsak, bir kun zinadan chiqolmaganim menga qattiq ta’sir qilgan. Shundan keyin hali yoshman-ku, harakat qilay, deb badantarbiya mashg‘ulotlarida qatnashishni boshladim. Hozir shu Alisher Navoiy haykalidagi zinalardan 2 marta tushib chiqa olaman. Yoshimga nisbatan sog‘lig‘im yaxshi. Doktor, dorixona demayman. Uning o‘rniga nevaralarimga kitoblar olib beraman, kutubxona, qo‘g‘irchoq teatri, parklarga olib boraman", – deydi Fayziyeva. 

Ko‘rinishdan 50-60 yoshlardagi ayolga o‘xshaydigan 71 yoshli Elmira Meliqulova esa uzoq yillar davomida Fanlar akademiyasi kibernetika institutida dasturchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi"da muharrir bo‘lib ishlagan. U ham ertalabki mashg‘ulotlar qatnashchisi.

Yana bir qahramonimiz 69 yoshli Qumri Hasanova 25 yil elektrfotograflik bilan shug‘ullangan, hozir nafaqada. "Ertalab ayollarni ko‘rib, kayfiyatimiz ko‘tariladi va bu kun bo‘yi bizga hamroh bo‘ladi", – deydi u.

72 yoshli Arofat Tursunova esa "E’zozli ayollar" guruhi treneri. Bir necha yillar davomida maktablarga direktorlik qilgan. Badantarbiya mashg‘ulotlari haqida qo‘llanma chiqargan.

"O‘zim uzoq yillardan beri maktablarda direktor o‘rinbosari, direktorlik qilganman va maktablarda ham badantarbiya mashg‘ulotlarini qilardik. O‘shalarning hammasini jamlab, kitob chiqardik", – deydi u.

Arofat opa bog‘da toza havo ayollarga juda yaxshi ta’sir qilishi, kasali borlar ham xastalikdan forig‘ bo‘lishi haqida aytadi.

"3 farzandim bo‘lsa, eng kattasi 51 yoshda. Katta o‘g‘lim, shu yoshda onam badantarbiyaga chiqyapti, men nimaga bormas ekanman, deb, sport bilan shug‘ullanishni boshlagan. Ya’ni aytmoqchimanki, odam o‘zining harakatlari bilan bolalariga ham namuna bo‘la oladi", – deydi Tursunova.

Guruhga istalgan ayol kelib qo‘shilishi, badantarbiya mashg‘ulotlarida ishtirok etishi mumkin. Buning uchun nima qilish kerakligini guruh treneri Arofat Tursunova tushuntirib berdi.

"Guruhga tanishlaridan, qo‘shnilaridan eshitib ham ayollar kelib qo‘shilaveradi. Birinchi marta kelayotgan ayol 6 yarimda shu yerga kelsa, uni ro‘yxatga olamiz, guruh a’zolari bilan tanishtiramiz va shunday qilib mashg‘ulotlarga qatnashib ketaveradi", – deydi u.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustasi – Shohruz Abduraimov

Ko‘proq yangiliklar: