“O‘zbekgidroenergo” AJ Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining granti hisobiga shamol elektr stansiyasini quradi 

Jamiyat 16:17 / 19.10.2023 11125

Ushbu “yashil energiya” loyihasi, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning 2022 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlarining muzokaralarida belgilab berilgan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish vektorlaridan biriga hamohangdir.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Xitoyning Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi bilan mazkur loyihani hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha tegishli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 oktyabrdagi PF-5848-son Farmoniga muvofiq mazkur loyiha Xitoy Xalq Respublikasining grant ko‘magi asosida amalga oshiriluvchi ustuvor loyihalar ro‘yxatiga kiritildi.

Xitoy tomonining grant ajratish tamoyillariga muvofiq, loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini va loyihaga grant mablag‘lari ajratishning maqsadga muvofiqligini o‘rganish maqsadida 2022 yilning sentabr oyida xitoylik mutaxassislardan tashkil topgan loyihani baholash guruhi loyiha maydonida bo‘lib, ushbu loyihani ijobiy baholadi.

Joriy yilning sentabr oyida Xitoyning Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi rahbarining o‘rinbosari Den Botsin boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahriga tashrifi yakunlariga ko‘ra, Xitoyning Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida ustuvor grant loyihalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolanib, “Chorvoq” shamol elektr stansiyasi qurilishi 2023-2024 yillarda amalga oshiriluvchi ustuvor loyihalar ro‘yxatiga kiritildi.

Ushbu loyiha doirasida Xitoy granti hisobiga mazkur yo‘nalishdagi texnologiyalarning yangi avlodiga mansub 4 dona, har birining energetik quvvati 5 MVt ga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini “tayyor holda” (pod klyuch) qurilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha maydonidan tashqaridagi ishlar (yo‘l qurilishi, podstansiya modernizatsiyasi v boshq.) “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyiha natijalari bo‘yicha yiliga o‘rtacha 43 mln kVt/soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 20 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.

Bundan tashqari, mazkur shamol elektr stansiyasining kamida 20 yillik ekspluatatsiyasi davomida taxminan 580 000 tonna ko‘mir yoki 1 840 000 barrel neft yoki 12 mln m3 tabiiy gaz shartli ravishda iqtisod qilinadi.

Mazkur energetik inshoot kompleksi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Burchmulla massivida bunyod etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shamol generatorlari 18 ming qishloq xonadonlari ehtiyojlarini qondirishga yetarli elektr energiyasi ishlab chiqarishdan tashqari, hududdagi turistik zonaga ham o‘zgacha ko‘rk beradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: