«Men boshlagan janjal oshnamning o‘limiga sabab bo‘ldi» – hayoti aroq, marixuana va qush urishtirish bilan o‘tgan insonning nadomatlari

Jamiyat 19:37 / 19.10.2023 34034

Navbatdagi hayotiy hikoya qahramoni bo‘lgan otaxon bilan tasodifan tanishib qoldik. U ancha kirishimli odam ekan, darrov suhbatimiz qizidi. Suhbat asnosida otaxon yaqingacha bu hayotda nega yashab yurganimni o‘zim ham bilmaganman», deb qoldi.

Sinchkovligimga borib, uning boshidan ko‘p gaplar o‘tganini darrov sezdim. Undan endi tafsilotlarni so‘ramoqchi bo‘lib turgandim, o‘zi «agar vaqtingiz bemalol bo‘lsa, meni to‘g‘ri yo‘lga qaytargan bir mash’um voqeani aytib beraman», deb qoldi. Rozi bo‘lib bosh irg‘adim. Otaxon hikoyasini boshladi.

«Qishlog‘imiz tog‘li tumanlardan birida joylashgan. Biz tomonlarda kaklik va bedana juda ko‘p bo‘ladi. Yoshlikdan ularni ovlab katta bo‘ldik.

Kaklik hamda bedanalarni boqishga va urishtirishga qiziqishim o‘sha paytda boshlangan. Keyin bu ish hayot tarzimga aylandi va uylanib bola-chaqali bo‘lganimda ham davom ettirdim.

Dala ishlarini xotinim hamda bolalarim qilishardi va mening kaklik hamda bedana urishtirib yurishim ortidan ro‘zg‘or tashvishlari ularning gardaniga tushib qolgandi.

O‘sha paytlarda bedana va kakliklarni urishtirishga tayyorlash uchun juda ko‘p vaqtim ketardi. Erta tongda turib, urishtirish uchun tayyorlayotgan kaklikni soatlab yugurtirardim. Bunda qafasga makiyonni solib, jangchi kaklikni qo‘yib yuborardim. U makiyonga yetishish uchun o‘zini qafasga uraveradi.

So‘ng qafasni olib yugurardim, jangchi kaklik makiyonga yetishish uchun ortimdan chopardi. Shu tarzda har kuni soatlab mashq qilardik. Bu mashq jangchi kaklik raqibi bilan urishayotanda tez charchab qolmasligi uchun qilinardi.

Bundan tashqari, jangchi kaklikka o‘zim ham yemaydigan, bolalarim bir yilda bir marta ko‘rmaydigan pista, bodom, yeryong‘oq, o‘rik mag‘iz kabi quruq mevalarni maydalab yedirardim. Bedanalar ham jangga shunday tayyorlanardi.

Bunday narsalar alohida joyda turardi va bolalarim unga qo‘l tekkizishi mumkin emasdi. Bir marta hali maktab yoshiga yetmagan o‘g‘lim kaklik va bedanaga deb olib qo‘yilgan quruq mevalardan bir hovuch olganda ko‘rib qolib uni urgandim.

Jangga tayyor bo‘lgan kaklik yoki bedanani yashirincha «arena»da urishtirardik. Haftada bir kun o‘tkaziladigan janglarda katta pullar tikilardi.

Bir-ikkita jangni yutgan kaklik yoki bedananing narxi ko‘tarilib ketar va unga xaridor ko‘p bo‘lardi. Shunda ba’zilarini sotib yuborardim va pullarni boshqa yosh kaklik va bedanalarni tarbiyalashga sarflardim

Ayrim paytlarda ikki-uchta jangni yutgan kakligim keyingi jangda yutqazar, shunda uni katta pulga so‘rab turganlar olmasdi. Shunday paytlarda kayfiyat buzilib, bor alamni uydagilardan olardim.

Endi o‘tgan hayotimni eslasam o‘zimdan nafratlanib ketaman. Chunki oila boshlig‘i sifatida kaklik va bedanadan boshqa narsa haqida umuman o‘ylamaganman.

Ro‘zg‘or tashvishlari, dala ishlari, bola tarbiyasi barchasi xotinimning zimmasida bo‘lgan. O‘sha paytda qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bechora xotinim azoblarning barchasiga chidagan. Har doim Xudodan menga insof berishini so‘ragan va shuni kutgan edi.

Lekin yoshim 50 dan oshganida ham kaklik hamda bedana boqishni va urishtirishni davom ettirardim. Kunlarning birida ayanchli hodisa sodir bo‘ldi va men bu ishni mutlaqo yig‘ishtirib yubordim.

Tuman markazida bizning alohida choyxonamiz bo‘lardi, o‘sha yerda yig‘ilib turardik. Hammamizning qo‘limizda kichik xaltachaga solingan bedana yoki kaklik bo‘lardi, bir-birimizga maqtanib o‘tirardik.

Choyxonamizga tumanning barcha hududlaridan kaklik va bedana urushtiruvchilar kelar, ancha odam yig‘ilardik. Tushlikka osh damlab yeb, keyin tarqalardik. Ovqatlanayotganimizda kimdir aroq ichar, kimdir bir chekkaga o‘tib namozini o‘qir, ayrimlar «o‘t» chekishar, oramizda barcha toifa bor edi.

Biz bitta qishloqdan uch kishi borardik. Uchalamizning yoshimiz qariyb teng, yoshlikdan bedana yoki kaklik oviga birga chiqib yurgan oshnalar edik. Choyxonada ikki oshnam faqat aroq bilan kifoyalanishardi. Men esa aroqdan ham qaytmasdim, «o‘t»dan ham. Aksariyat hollarda «o‘t»ni men topib borardim.

Kunlarning birida tushda oshni yedik, ortidan «o‘t» chekdik. Aroqdan so‘ng biroz sarxush bo‘ldik. Shunda meni maqtanchoqligim tutdi va bedanamni maqtay boshladim. Gapirar ekanman, tuman markazidagi mahalladan kelgan boyvachcha yigit kakligimni yerga urib nimadir dedi.

Bizning davradagilar uchun eng yomon gap kimnidir kakligini yoki bedanasini yerga urish. Boyvachchaning gapidan meni ham jahlim chiqdi. U bilan oramizda gap qochdi va yoqama-yoqa bo‘ldim.

Avvaliga bizni ajratmoqchi bo‘lishdi. Biroq men raqibimning mahallasiga nisbatan haqorat so‘z aytgach uning yoniga sheriklari ham qo‘shildi va dahanaki jang mushtlashuvga aylandi.

Shunda ikki oshnam meni himoya qilish uchun mushtlashuvga qo‘shildi. Biz uch kishi, ular olti-yetti nafar bor, boshqalar tomoshabin bo‘ldi. Mushtlashuvda kuchimiz yetmasligi aniq bo‘lgach, birinchi bo‘lib men qochdim.

Choyxonaning eshigidan chiqayotganimda, oshnalarimdan biri ortimdan ergashganini ko‘rdim. Uchinchimizni guruh bo‘lib tepkilashardi. O‘sha kuni uyga keldim va ikki kun hech qayerga chiqmadim. Sheriklarimga nima bo‘ldi, xabarim bo‘lmadi.

Oradan ikki kun o‘tgach, ertalab jarchi janozaga chaqira boshladi. Quloq solsam uchinchi oshnamnikiga aytyapti. Otasi o‘tgan, onasi keksayib qolgandi. Onasi o‘tibdi-da, deb o‘yladim.

Jarchi yaqinlashganda oshnamning kimi o‘lganini so‘rasam, o‘zi, dedi. Shu payt yuragim shuv etib ketdi. Demak, o‘sha kuni men va yana bir oshnam chiqib qochganmiz, uni tepkilab o‘ldirishgan.

Janozaga borganda taxminim aniq chiqdi, oshnamni o‘sha kuni tepkilab chalajon qilishibdi. Ertasi kuni kasalxonda vafot etibdi.

Buni eshitib oshnamning o‘g‘lining ko‘ziga qaray olmadim. U o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgani uchun menga uncha e’tibor bermadi. O‘sha kuni janjalni men boshlaganimni balki eshitgandir, balki bilmas.

Janozaga ikki kun bo‘lganda meni tuman IIBga chaqirishdi. Oshnamning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ekan. «Melisaxona» oldida boyvachcha va uning sheriklariga duch keldim.

Ularning yonidan o‘tayotganimda boyvachcha meni to‘xtatdi va gap boshladi:

«Aka, o‘sha kuni tushunmovchilik bo‘ldi, sizdan uzr so‘rayman. Siz chiqib ketganingizdan keyin janjalni to‘xtatdik. Oshnangiz bilan yarashib oldik. U ham chiqib ketdi. Tashqarida bir alkash bilan gap talashib qolishibdi. Alkash urib o‘ldirib qo‘yibdi. Qotilni o‘zimiz ushlab berdik. Oxirigacha boramiz va u qonuniy jazosini oladi».

Hodisa aslida nima bo‘lganini bilganim uchun boyvachchaning gaplarini eshitib, unga tashlandim. Biroq mushtim yetib bormadi. Sheriklari darrov ajratib qo‘yishdi. O‘sha yerda boyvachchaga nima desam dedim. Oxirida u menga oshkora tahdid qildi:

«Agar hozirgi ishingni «melisaxona» oldida emas, boshqa joyda qilganingda sen ham oshnangning ortidan jo‘narding. Jim yurmasang va gapni ko‘paytirsang, nashafurush sifatida qolgan umring qamoqda chiriydi. Shu uchun qadamingni o‘ylab bos».

Tergovchi o‘sha kuni nima bo‘lganini so‘radi. Janjalni men boshladim desam yoki hodisaga guvoh bo‘lganman desam gap ko‘payib ketadi. Qolaversa boyvachcha bekorga tahdid qilmadi, qamatib yuborishi ham mumkin. Shundan qo‘rqdim va tergovchiga janjal paytida men yo‘q edim, deb qo‘ya qoldim.

Suhbatning oxirida tergovchi «Hamma gapni aytdingiz-u, bir narsani bekitdingiz» deb qoldi. Hech narsani yashirmaganimni aytgandim, «O‘tni anchadan buyon chekasizmi?» deb so‘radi. Kalovlanib qoldim. Meni kim sotgan bo‘lsa?

Tergovchi xayolimdan o‘tgan gaplarni uqqanday gapini davom ettirdi:

«Sizni hech kim sotmadi. O‘t chekishingizni, kimlardir iltimos qilsa topib berishingizni mahalla uchastkovoyi ham, tuman IIBdagilar ham yaxshi biladi. Yoshingiz keksayib qopti, sizga zarilmi shu ish? Undan ko‘ra mahallaga qo‘shilib, mazza qilib yashamaysizmi?»

Oshnamning «Xudoyi»si o‘tguncha uning uyiga har kun borib, ma’rakalarida bel bog‘lab turdim. Keyin o‘g‘liga yordam kerak bo‘lsa tortinmay aytishini tayinlab, uyga qaytdim. Oshnamning o‘limi, boyvachchaning tahdidi, tergovchining gaplari, barchasi menga yomon ta’sir qildi. Uydan umuman chiqmay qo‘ydim.

Oradan bir hafta o‘tgach kimdir chaqirib keldi. Chiqsam, oshnamning o‘g‘li. Uni ko‘rib xayolimdan nimalar o‘tmadi. O‘sha kuni janjalni men boshlaganimni eshitgan bo‘lsa balki meni ayblash uchun kelgandir. «Otamning o‘limiga sen sababchisan» desa nima deb javob beraman?

Oshnamning o‘g‘li gap boshladi:

«Amaki, oldingizga bir iltimos bilan keldim. Otamni bir guruh bo‘lib, tepkilab o‘ldirishgan. Uni yuvishga men ham kirgandim, tanasida sog‘ joy qolmagan, hamma yog‘i ko‘karib ketgandi. Tepkilab ichki a’zolarini ishdan chiqarishgan. Otamning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Lekin uni o‘ldirganlar bir alkash yigitni ro‘para qilib, qotil shu, mastlikda o‘ldirib qo‘ygan, deb turishibdi. O‘sha alkashni ancha pul berib, qamalishga ko‘ndirishibdi. Eshitishimga qaraganda choyxonada o‘sha kuni siz ham bo‘lgansiz. Otamni ko‘plashib urganlarini ko‘rgandirsiz. Tergovchining oldiga birga borsak va guvohlik bersangiz. Aks holda jinoyatchilar qutulib ketishadi».

O‘sha paytda xayolimdan ming bir fikr o‘tdi. Xo‘p deb guvohlikka borsam, birinchi kun tergovchiga bergan ko‘rsatmam bilan ikki xil chiqib qoladi. Qolaversa, u bangi ekanimni biladi.

Bundan tashqari, boyvachcha sheriklari bilan oshnamni o‘ldirdimi, unga qarshi guvohlik bersam menga ham har qanday yomonlikni qilishi, aytganiday qamatib yuborishi ham mumkin.

Oshnamning o‘g‘liga hodisadan biroz oldin men choyxonadan chiqib ketganimni, otasini kimlar urganini ko‘rmaganimni, tergovchi chaqirganda ham shunday deb yozib berganimni aytdim.

Shu gaplarni gapirayotganimda chamamda oshnamning o‘g‘li yolg‘on gapirayotganimni bilib turardi. Taxminimcha o‘sha kuni janjalni men boshlaganimni va buning kasriga otasi qolganini eshitib bo‘lgandi. Aks holda mening oldimga umid bilan kelmasdi.

U gaplarimni indamay eshitdi va bir so‘z demay boshini chayqagancha ortiga burilib ketdi. Keyin bilsam yigit shunday iltimos bilan ikkinchi oshnamning oldiga ham borgan va undan ham shunday yolg‘on bahonani eshitib, rad javobini olgan ekan.

Ko‘p o‘tmay tergov tugadi va sud bo‘lib o‘tdi. Unda guvohlar sifatida men bilan ikkinchi oshnam ham qatnashdik.

Boyvachcha pulni ayamagan shekilli, sud jarayonida choyxonada janjal bo‘lgani haqida lom-lim deyilmadi. Qotillikni bo‘yniga olgan yigit esa barcha aybni oshnamning o‘ziga yukladi.

U o‘sha kuni qattiq mast bo‘lganini, oshnam uni so‘kkanini aytdi. «Keyin janjallashib qoldik va marhum meni urmoqchi bo‘ldi. O‘zimni himoya qilish uchun qo‘l ko‘targanimda u yiqilib jarohat oldi. Keyin shifoxonada o‘libdi», dedi.

Alkashga bu yolg‘onni kim o‘rgatgan bo‘lsa deb qarasam uni tumanimizda nomi ketgan, pul uchun har qanday qabihlikka tayyor bo‘lgan advokat himoya qilayotgan ekan.

Alkash o‘z yolg‘onlarini gapirayotganda boyvachcha menga qarab, xuddi mazax qilganday kulib turardi. Uni ko‘rib qonim qaynar, lekin chorasiz edim.

O‘shanda bor gapni aytib bersam «o‘tfurushligim» tufayli o‘zimni qamab yuborishlaridan qo‘rqdim. Sudya alkashni jinoyatni o‘zi bilmagan holda sodir etgan deb topdi va unga bor-yo‘g‘i 5 yil qamoq jazosi berdi.

Shu tariqa oshnamni o‘ldirganlar ochiqda qoldi va ularning o‘rniga pulga yollangan alkash qamaldi.

Suddan chiqib uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. O‘tgan hayotimni taroziga qo‘yib, yaxshilab o‘ylab ko‘rdim. Nega yashab yuribman? Bu hayotda yashashdan maqsadim nima? O‘sha kuni ko‘zim moshday ochildi. Bo‘ldi, odamga o‘xshab yashayman.

Shundan so‘ng uydagi barcha kaklik va bedanalarni qo‘yib yubordim. Qafaslarni esa yoqdim. Bu ishlarimdan xotinim, bolalarim hayron, lekin birontasi haddi sig‘ib so‘ramadi. «O‘t» chekishni ham yig‘ishtirdim.

O‘sha hodisalardan keyin mana o‘n yilcha vaqt o‘tdi. Hozir barcha yomon illatlardan qutulganman. Biroq o‘shanda xudbinlik va qo‘rqoqlik qilganim uchun hanuzgacha vijdonim qiynaladi. Shunday paytlarda oshnamning o‘g‘lini oldiga borib barchasini tan olishni, undan kechirim so‘rashni o‘ylayman. Biroq bunga jur’atim yetmaydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: