DXX kuchli ta’sir qiluvchi dorilar kontrabandasi va savdosi bilan shug‘ullangan guruhni qo‘lga oldi

Jamiyat 12:49 / 16.10.2023 18184

DXX xabariga ko‘ra, aviajo‘natmalar orqali Xitoy davlatidan kosmetika mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan vosita nomi ostida yuborilgan 5 kg “Pregabalin” moddasi to‘xtatib qolindi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu kuchli ta’sir qiluvchi modda 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosiga tegishli ekani aniqlanib, ular harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Avtomashina salonida bo‘lgan 1500 dona “Pregabalin” va 90 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ular ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda yashirin laboratoriya tashkil etilgani va jinoiy guruh a’zolari bo‘lgan – 2003 va 2005 yillarda tug‘ilgan 2 qiz kimyoviy moddalarni aralashtirgan holda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va bo‘sh kapsulalarga qadoqlash bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur xonadondan sotishga tayyorlab qo‘yilgan 376 dona “Pregabalin” kapsulasi, 101 dona flakonda “Tropikamid”, 14 kg 150 gr kuchli ta’sir qiluvchi moddalar kukuni, 9 ta polietilen qopda bo‘sh kapsula va flakonlar, 20 litr xlorid kislotasi, elektron torozi, kolba, mikser va shpritslar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda jinoiy guruhning 6 nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 251-1 moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ko‘proq yangiliklar: