Rekordni yangilagan raqam, qo‘shnilaridan oldindagi O‘zbekiston va blokdagi soliq to‘lovchi - «Iqtisodiy taymlayn»

Iqtisodiyot 18:34 / 14.10.2023 39917

Qancha mablag‘ sarflangani yashirilgan kinofestival, poytaxtda narxi oshadigan ichimlik suvi, Rossiya gazi importi bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar muhokamasi, rekord summadagi «oltin raqam», soliq to‘lovchiga aylangan blokdagi TikTok va yakunlanayotgan haftaning boshqa iqtisodiy yangiliklari – «Iqtisodiy taymlayn»da.

O‘zbekiston Rossiya gazining importi bo‘yicha yangi shartnomalar muhokamasini boshladi

O‘zbekiston 7 oktyabrdan Rossiya gazining importini boshladi. 2 yillik shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston 2 mlrd 800 mln kubmetr rus tabiiy gazini sotib oladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston tomoni «Gazprom» bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini boshlab yuborgani haqida ma’lum qildi.

«Uzoq muddatli hamkorlik doirasida Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berish O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi, aholi va energiya resurslariga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda kuz-qish mavsumida gaz defitsitining bir qismini ta’minlab beradi. Prezidentimizning rasmiy tashriflari doirasida «Gazprom» bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini ham boshladik», dedi vazir Mirzamahmudov «O‘zbekiston» 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun, Rossiyadan gaz uzatish O‘rta Osiyo – Markaz magistral quvurlari tarmog‘i orqali teskari tartibda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tarmoq orqali keladigan Rossiya gazining bir qismi Qozog‘istonning Shimoliy hududlariga, asosiy qismi esa O‘zbekistonga yo‘naltiriladi. 

Qancha mablag‘ sarflangani noma’lum Toshkent kinofestivali

50 dan ortiq mamlakatdan 300 dan oshiq san’at va madaniyat vakillari kelgani aytilgan XV Toshkent xalqaro kinofestivali yakuniga yetdi. Festivalga kelganlar qatorida jahon kinosi yulduzlari Kevin Speysi, Sami Nasiri, Frederik Difentallarni ko‘rish mumkin edi. Tadbir yakunlariga bag‘ishlangan anjumanda Kun.uz muxbiri festivalga qancha sarf-xarajat qilingani yuzasidan Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovga savol bilan yuzlandi. Amaldor Toshkent kinofestivaliga budjetdan avvalgilariga nisbatan uch barobar kam pul olingani haqida gapirdi, ammo umumiy summani ochiqlamadi.

Toshkentda narxi deyarli 3,5 barobarga oshadigan ichimlik suvi

Poytaxtda ham ichimlik va oqova (kanalizatsiya) suv xizmatlari narxi oshishi kutilmoqda. «Toshkent shahar suv ta’minoti» MChJ suv narxlari oshishini «suv ta’minoti tizimidagi sarf-xarajatlarning keskin ortgani» bilan izohladi.

Yangi narxlar quyidagicha ko‘rinish oladi:

  • Aholi bir metr kub suv uchun — 1400 so‘m to‘laydi. Hozirda bu 400 so‘mga teng.
  • Oqova suv narxi aholi uchun — 1000 so‘m bo‘ladi. Amalda 350 so‘m.
  • Yuridik tashkilotlar esa bir metr kub suv uchun 3000, oqova suvga esa 2200 so‘m to‘laydi. 

Narx oshishi bo‘yicha ko‘zda tutilgan takliflar xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga taqdim etilgan. Biroq hozircha bu narxlar qachondan amalda bo‘lishi noma’lum.

Avvalroq Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova xizmatlar bo‘yicha yangi tariflar tasdiqlangandi. Andijon viloyatida esa 19 sentabrda tasdiqlangan tariflarga ko‘ra narxlar o‘zgardi.

Bir raqam uchun salkam 900 mln so‘m — «oltin raqam» narxida rekord

O‘zbekistonda chiroyli avtomobil raqamlari savdosida navbatdagi rekord o‘rnatildi. 01 777 RRR davlat raqami uchun 893 million so‘m yoki amaldagi valuta kursi bo‘yicha 75 ming dollar to‘landi.

Bu pulga O‘zbekistonda yangi Tesla Model Y, Lexus LS, Kia Carnival, Zeekr 001 va boshqa premium toifadagi avtomobillarni xarid qilish mumkin. 

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan «mexanik korobkali» Chevrolet Gentra’dan esa 6 tasini sotib olish mumkin. Biroq bu Gentra’ga ham boshqa hamyonbop modellar kabi hozirda shartnoma mavjud emas.

Avvalgi rekord 2022 yil may oyida qayd etilgandi. O‘shanda 50 777 ZZZ avtoraqami 669 million 600 ming so‘mga sotilgandi. Bu Markaziy bank tomonidan o‘sha paytda belgilangan dollar kursi bo‘yicha 60 ming dollardan ortiqni tashkil etgan.

Iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha uch qo‘shnisidan oldindagi O‘zbekiston

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi inflatsiya prognozini yaxshiladi.

Jamg‘arma hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 5,5 foizga o‘sadi, bu aprel oyida kutilganidan 0,2 foizga yuqori. 2024 yil uchun yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishi prognozi o‘zgarishsiz 5,5 foiz darajasida qoldirildi.

Iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda, faqat Tojikistondan biroz past.

XVJ O‘zbekistondagi inflatsiya prognozini ham yaxshilagan. Shu tariqa, ilgari kutilgan 11,8 foiz o‘rniga joriy yilda inflatsiya 10,2 foizni tashkil etadi, 2024 yilda esa 10 foizgacha sekinlashadi.

Biroq valuta jamg‘armasi Markaziy bankning 2028 yilgacha 5 foizlik inflatsiya ko‘rsatkichiga erishish maqsadi mushkul vazifa ekanini prognoz qilyapti.

Valuta kursi o‘zgarishi narxlarga eng ko‘p bosim o‘tkazuvchi omil

Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 0,7 foiz bandga pasayib, 13,5 foizni tashkil qilgan. Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (65 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (45 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (34 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (33 foiz);
  • bozorda monopoliyaning mavjudligi (32 foiz).

Sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha respondent tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari 14,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foizga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (68 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (42 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (31 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshishi (29 foiz);

transport qimmatlashishi (28 foiz).

O‘zbekistonda soliq to‘lovchiga aylangan blokdagi TikTok

2021 yil yozidan O‘zbekistonda rasman blokda bo‘lgan TikTok tarmog‘i mamlakatda soliq rezidentiga aylandi. TikTok PTE LTD kompaniyasi (Singapur) O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

O‘zbekistonda 2021 yil yozida TikTok bilan bir qatorda Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga ham cheklov qo‘yilgandi. Bunga «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan 27-1-modda sabab bo‘lgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar jisman O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlanishi belgilangan. Bu talabni ayni paytgacha birorta global ijtimoiy tarmoq bajargani ma’lum emas.

Ayni paytda Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrida faqat TikTok qolgan.

Hisob palatasida tashkil etilgan yangi nazorat markazi

28 ta davlat organi va tashkilotining 115 ta turdagi ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yildi va yagona «Masofaviy nazorat» markazi tashkil etildi.

Markazning asosiy vazifasi Hisob palatasi faoliyatining samaradorligini oshirish, budjet qonunchiligi buzilishining oldini olish va muntazam profilaktika ishlarini kuchaytirishdan iborat.

Markaziy Osiyoda to‘liq erkin savdo zonasini shakllantirish taklifi ilgari surildi.

Ushbu taklifni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Qirg‘izistonda o‘tayotgan Markaziy Osiyo ekspertlari forumida ilgari surgan.

Aripovning fikricha:

– tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini beruvchi musodara va cheklovlarsiz to‘liq erkin savdo zonasini shakllantirish;

– Markaziy Osiyo mamlakatlarida uzoq muddatli istiqbolda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;

– Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy kengashini tuzish mintaqani yanada rivojlanishiga katta yordam beradi.

Shuningdek mazkur haftada O‘zbekistonda uchta vokzalni Davlat-xususiy sheriklik doirasida rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Bular xozircha Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temiryo‘l vokzallari.

UzAuto Motors oktyabr oyining oxirida Captiva-5 sotuvlari boshlanishini e’lon qildi. Captiva-5'ning eng erzon kompektatsiyasi 299 mln 900 ming so‘m, eng qimmati esa 349 mln 900 ming so‘m bo‘ladi. Narxlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini ham hisobga olgan holda ko‘rsatilgan.

2023 yilning o‘tgan 9 oyida ayrim xususiy «zapravka»larda 9 mln 150 ming litr neft mahsulotlari sifatsiz ekani aniqlangan. Sifatsiz neft mahsulotlari eng ko‘p aniqlangan holatlar, asosan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: